Quloqsiz...
Qulog'ing «engil» bo'lsin,
Uni «og'ir» qilmagin.
«Quloqsiz» degan nomni
Tamg'a qilib olmagin.
Kattalar aytganin qil,
«Labbay!» desang qanday soz!
Insonlarga har doim
«Xo'p bo'ladi!», de, shovvoz!
Senga tanbeh berishsa,
Berkit bitta quloqni.
Undan kirib, bundan chiqsa
Eysan achchiq tayoqni!
Qulog'ing «engil» bo'lsin...
Kichik kosmonavtga
Olam qiziq, rango-rang,
Murg'ak aqling lol, hayron.
Moviy osmon ostida
Orzularing bir jahon.
Nigohing hayrat bilan
Yulduzlarni teradi.
Oy, Quyosh shu'la sochib
Tushlaringga kiradi.
Deydi: kaftingda dunyo
Seniki somon yo'li.
G'avvos bo'lib ilm ter,
Osmon - orzular ko'li.
Ota-onang duosin
Olib ishga kirishgin.
Mahkam shimar engingni,
So'ng ishlaring yurishsin.
Nigohing chaqnab turar,
Ko'zingda shijoat bor.
Maqsadni dadil qo'ygin,
Tur, o'g'lon, bog'chaga bor!