Bola uchun so‘rg‘ichning foyda va zararlari

05.04.2022 18:21
eye icon4274
Bola uchun so'rg'ichning foyda va zararlari

Ma'lumki, so'rg'ich go'dakni tinchlantirish uchun xizmat qiladi. Gap shundaki, so'rish natijasida chaqaloqlarning markaziy asab tizimida keng tormozlanish — ya'ni, xotirjamlashish jarayonlari sodir bo'ladi.

U bola uchun ona ko'kragi rolini bajarib turadi, ammo bolani na sut, na ona mehri bilan ta'minlaydi. So'rg'ichdan foydalanish tagida bizga ko'rinmaydigan yashirin salbiy jihatlar bo'lishi mumkin. Quyida shu masalaga to'xtalamiz.

So'rg'ich yordamiga murojaat qiladigan bo'lsangiz, bola ko'krakni yaxshi olmay qo'yishi mumkin. Albatta, do'mboqqina va ancha katta bo'lib qolgan chaqaloqlarni so'rg'ich bilan aldab bo'lmaydi, chunki u haqiqiy ochlikni qondira olmaydi. Biroq darrov charchab qoladigan nimjongina go'dak so'rg'ichga o'rgansa, ona ko'kragidan sut tortib olishga harakat qilmay qo'yishi mumkin, natijada onaning suti yaxshi kelmay qoladi. Shu tufayli, tug'ruqdan keyin dastlabki 5—7 hafta davomida so'rg'ich umuman tavsiya etilmaydi.

Agar onada bola har safar bezovtalanganida, unga so'rg'ich berish odati paydo bo'lsa, u e'tibor talab qiladigan qandaydir vaziyatni anglamay qolishi mumkin. Axir bola injiqlik qilsa, u onasiga o'z holati xabar bermoqchi bo'ladi yoki shunchaki, mehr va erkalashlarga ehtiyoj sezayotgan bo'ladi. Birinchi navbatda go'dak nima uchun injiqlanayotganini aniqlashtirib olish kerak.

Ko'p onalar bola so'rg'ich bilan uxlasa, uzoq vaqt va xotirjam holda dam olishini ta'kidlaydi, ammo u og'zida so'rg'ich bilan uyquga ketishga odatlangan bo'lsa, uni uyqusida tasodifan og'zidan tushirib yuborganida baqirib yig'lab qolishi mumkin. Bundan tashqari, agar yo'lda ketayotgan yoki mehmonda bo'lsangiz va so'rg'ich uyda qolib ketgan bo'lsa, yanada ko'ngilsizroq vaziyatga tushib qolasiz.

Chaqaloq so'rg'ichning shakliga o'rganib qolgach, ko'krakni og'ziga olmay qo'yishi ham ehtimoldan xoli emas. Shu tufayli tug'ilganidan keyingi 2—3 hafta davomida bolaga so'rg'ich bermagan ma'qul, chunki bunday g'ayriixtiyoriy reaktsiya ayni shu davrda o'rnatilishi mumkin.

So'rg'ichdan uzoq vaqt foydalanish noto'g'ri tishlam (ikki qator tishning bir-biriga tegib turish holati) hosil bo'lishiga olib kelishi mumkin. Bu ayniqsa yumaloq shakldagi so'rg'ichlarga tegishli.

Bola kun davomida doimiy ravishda og'zida so'rg'ich bilan yursa, shuningdek, bola so'rg'ichdan juda kech ajratilsa, unda nutq ko'nikmalari hosil bo'lishi kechikishi mumkin. Shu tufayli so'rg'ichni suiiste'mol qilish kerak emas, so'rg'ichdan ajratish uchun eng yaxshi vaqt esa 1—1,5 yoshdir.

Pediatrlar ta'kidlashicha, butunlay sog'lom bolaga so'rg'ich kerak emas! Haqiqatan ham, bola to'ygunicha ona ko'kragini emganidan so'ng uxlab qolishi kerak; uning hech qaeri og'rimaydi, uyg'oq vaqtida esa unga bu buyum ortiqcha. Ammo qandaydir sababga ko'ra so'rg'ichdan foydalanishga qaror qilgan bo'lsangiz, u holda ba'zi maslahatlarga rioya qiling.

— so'rg'ich bus-butun ekanligini doimo tekshirib turing, ayniqsa, farzandingizning tishlari chiqib qolgan bo'lsa. Agar so'rg'ich yorilgan yoki darz ketgan bo'lsa, uni darhol almashtiring, chunki bola silikon yoki lateks (so'rg'ich nimadan yasalganiga qarab) bo'lakchalarini yutib yuborishi mumkin;

— so'rg'ichlar turli shaklda bo'lishi mumkin: yumaloq, uzunchoq yoki chegirilgan (u ortodental hisoblanadi va to'g'ri tishlam hosil bo'lishi uchun maqbulroqdir). Bolangizga so'rg'ich bermoqchi bo'lsangiz, har xil turidan olib, taklif qilib ko'ring, toki u o'z ta'biga qarab tanlab olsin;

— so'rg'ichni ip bilan bolaning bo'yniga osib qo'ymang, bu bo'g'ilib qolish nuqtai nazaridan xavflidir. Bir uchida qisqichi bo'lgan maxsus zanjirlardan foydalaning, ularni bolaning kiyimiga qistirib qo'yish mumkin;

— so'rg'ichdan ma'lum bir vaqtlardagina foydalaning: aytaylik, uyqu vaqtida yoki shifokor ko'rigidan o'tayotganda, yo bo'lmasa, emlash vaqtida ukol olayotganda.

Bundan tashqari, ta'm bilish sezgisi buzilishi xastaligiga chalinib, unga qattiq o'rganib qolar ekan, deya yosh onalar ba'zan go'dagiga so'rg'ich berish yoki bermaslikka ikkilanib qoladi. Ikkinchi taraf (qaynona, ona…) esa bolaning tili ketib qolishi mumkin, deya so'rg'ich berishni talab qiladi.

Bu borada pediatr-shifokor Ra'no Mirkomilova quyidagi fikrlarni bildirgan.

Tilning ketib qolishi (ya'ni til tanglayning orqa devoriga yopishib qolib, o'pkaga kislorod etib bormasligi) – bolalar o'limi sindromi sog'lom bolalarda ham uchrashi mumkin. Maxsus ortopetik (yassi, tomchi ko'rinishidagi) so'rg'ichlar tilni pastki tanglayga bosib turadi va xavfli holatning oldini oladi. So'rg'ichlar bundan boshqa holatlarda zararli hisoblanadi. Shuning uchun so'rg'ichlar mazkur sindromning oldini olishda yagona usul sanalmaydi.

Mutaxassislar til ketishining oldini olish uchun onalarga bolani uxlayotganda 45 daraja burchak ostida yonboshlatib yoki chalqancha yotqizishni tavsiya etishadi.

Umuman, qaysi vaqtda go'dakka so'rg'ich tutgan ma'qul?

Bola och bo'lmagan, ammo so'rishni istayotgan, og'zini ochib nimani ilinsa, o'shani (barmoqchalari, kiyimchalari, choyshabi, o'yinchoqlari…) so'rishga shay holatda harakatlar qila boshlagan vaqtda bergan ma'qul.

Biroq bola so'rg'ich bilan uxlashga odatlanib qolmasligi lozim. Chunki bola og'zidan so'rg'ich chiqib ketgach, uyg'onib, uni yana og'ziga solishlarini talab qilib yig'lay boshlaydi. Og'zida so'rg'ich bilan uxlashga o'rganib qolgan bola, qancha uyqusi kelmasin, so'rg'ichsiz uxlay olmaydigan bo'lib qoladi.

So'rg'ich go'dakni yon-atrofdan oladigan barcha taassurotlardan chalg'itadi ham. Bundan tashqari, doimo og'zida so'rg'ich bilan yurgan bolaning tili tengqurlariga qaraganda ancha kech chiqadi, shuningdek, o'sha vaqtda intellektual darajasi ham risoladagidek bo'lmasligi mumkin.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img