Qobiljon Shermatov Otaqo'zi o'g'li 1997 yilning 22 iyunida Farg'ona viloyati, Yozyovon tumaniga qarashli Cho'liguliston qishlog'ida tug'ilgan. Maktab davridanoq turli tanlovlarda o'z she'rlari bilan qatnashadi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan 2011 yil Do'rmon ijod uyida o'tkazilgan “Bolalar adabiyoti seminari kunlari”da bu qalamkash yuqori baho olganlardan biri deb topilgan. Shundan so'ng ijodkorning “Qishloqjonim” nomli she'rlar to'plami ijod fondi tomonidan 20 ming nusxada chop etilgan va respublikamizning ko'plab o'quv yurtlariga tarqatilgan.
“Bolalar olami” sayti orqali Qobiljon Shermatovning ijodidan namunalar taqdim etamiz. Quyida ushbu yosh ijodkor qalamiga mansub bir qator qiziqarli she'rlarni o'qishingiz mumkin.
Navoiyning she'rlari,
Ma'rifatning qo'shini.
Chopar ming-ming "pahlavon"
Jaholatning to'shini.
Sharafdur bu janggohda
Fuzuliyga qo'shilmoq.
Qalam sermab yovuzlik
Terisini shart shilmoq.
Qandoq baxtdir Jomiyga
Elka tutib kurashish.
Yo otdagi Boburning
Jiloviga qarashish.
Saodatdir o'qlardan
Ogahiyni poylamoq.
Yo jadid bobolarning
Yarasini boylamoq.
Ular edi chin jangchi,
So'zda to'g'ri, chayirlar.
Qo'shilolmas bu safga,
Bugun ko'p-ko'p shoirlar.
Baytlarida maddohlik,
Jimjimador tashbehlar.
Yo'qolmoqda guldasta
Ichidagi tanbehlar.
Dami etmas yolg'onchi,
Poraxo'rni yanchishga.
Igna qilib aqalli
Jaholatga sanchishga.
Hayosi yo'q har bir she'r
Ayonki, teskarimiz.
Yo bo'lmasa, shaytonga
SOTILGAN askarimiz!
Yo'ling tushsa
O'rmonga.
Bir kirib o't
Mehmonga!
Tunab qolsang
Biror kun,
Nonushtangga
Sen uchun
Keltiraman
Tuzab joy:
Banankulcha,
Bananchoy.
Yoqaman
Yana olov.
Tushlikka —
Bananpalov.
Mehmonimsan
O'zing ayt
Nima qilay
Kechki payt?
Istayapsan
Chamamda
Sho'rva qilsam
Banandan!
Ko'kka chiqdi kulcha oy
Aytayin alla jo'jam!
Oldingda bor ikki yo'l
Maqulin tanla jo'jam.
Biri shu — sardor bo'lib,
Qavming dardin ketkazish.
Ikkinchisi — bor umring
Xashak titib o'tkazish.
Hatto senga suyansin
Beva o'rdak holang ham.
Shunday o'ssin ishqilib,
Mendan keyin bolang ham.
Muzday joyda yonboshlab
Yotar ayrim xo'rozlar.
Kulib o'tar ularga
Bilsang o'rdak-u g'ozlar.
Ketsalar ham katakdan
Tuxumlarni o'g'irlab.
Yotaverar beorlar
Patlarini to'girlab.
Pichoq ko'rsa ko'zlar
Shundagina bo'lar nam.
Bundaylardan afsuski,
Chiqmas shirin sho'rva ham!
Vatan qayda? — sen bosgan
Aziz izingda.
Vatan qayda? — ko'kdamas,
Sening o'zingda.
Vatan nima? — onangning
Issiq quchog'i.
Yoki sen yorib chqqan
Tuxum po'chog'i.
Ona sichqon omborda
Tushib qoldi qopqonga.
Chil-chil bo'lib oyog'i
Belanib ketdi qonga.
Zo'rg'a bir so'z aytdi u:
– Ko'rmay qoldim tuzoqni!
Deya o'g'il qo'liga
Berdi so'nggi ushoqni
Quraylik deb boshpana
Majlis yig'di hayvonlar.
Keldi fillardan tortib
Tipratikan, quyonlar.
Hatto qushlar jam bo'lib
Terildilar archaga.
So'ngra Arslon bir gapni
Eshittirdi barchaga.
- Ichimizda bormi bir
Uy qurishni biluvchi?
Qoplon aytdi: - Biz faqat
Go'shtdan etni shiluvchi.
- Biror aqlli hayvon
Boshliq bo'lsa bu ishda.
Shuncha qurgan uyimiz
Qulab tushmaydi qishda.
Juda nozik yumushni
Hech kim olmay elkaga.
Arxitektor topishni
Topshirishdi Tulkiga.
Sho'rlik tulki axtarib,
O'n kun o'tdi oradan.
So'ng daydi bir Eshakni
Topib keldi daladan.
Qoplon "nozik" mehmonni
Kutib oldi erkalab.
Ish boshlandi o'rmonda
Ertasiga ertalab.
Eshak dedi: - Quray bir
Hashamatli molxona.
Shunday katta, chiroyli,
Molxonamas, koshona!
Poydevorni o'tlardan
Tozalashdi To'ng'izlar.
Shag'al to'play boshlashdi
Keyin shoxdor qo'ng'izlar.
Loyni chayib Begemot
Oyoqlari uyishdi.
Timsohlar loy tashidi
Maymunlar g'isht quyishdi
Engil-elpi ishlarga
Ursada hamma jonni.
Polvon Fillar muhimi
Zo'r quydilar betonni.
Devor urib maymunlar
Bitirishdi "xom"ini.
Po'stloq shilib yopdilar
Jirafalar tomini.
Eshak dedi: - So'ngi ish -
Romga oyna soldirish.
Obbo, esdan chiqibdi
Eshikka joy qoldirish.
Qobiljon Shermatov