Olimlar tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ota-onalar farzandlariga oddiy o‘yinlar orqali o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalarini o‘rganishga yordam berishlari mumkinligi aniqlangan. Bu asosan bolalarning giperaktivligi va qo‘zg‘aluvchanligi muammosini hal qiladi.
Bolaning yoshligida o‘zlashtirishi muhim bo‘lgan asosiy ko‘nikmalardan biri bu o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish qobiliyatidir.
O‘z-o‘zini nazorat qilishning yetarli darajasi maktabga tayyorlik belgisidir. Axir, u yerda siz bir joyda xotirjam o‘tirishingiz, javoblarni baland va qo‘pol ovozda aytmasligingiz, topshiriqlarni bajarishda qat’iylik ko‘rsatishingiz, umidsizliklarni yengishingiz va nafaqat o‘zingiz, balki boshqalar haqida ham o‘ylashingiz kerak.
"3 yoshli bolalarda o‘zini o‘zi boshqarishning past darajasi kelajakda ijtimoiy qoniqish, aqliy va jismoniy salomatlik bilan bog‘liq muammolar xavfini oshirishi isbotlangan. Agar biz maktabgacha yoshdagi bolalarda o‘z-o‘zini nazorat qilishni yaxshilash yo‘llarini topa olsak, ko‘p odamlarning hayot yo‘lini o‘zgartirishimiz mumkin”, — deydi tadqiqot muallifi, Otago universiteti, Yangi Zelandiya, psixologiya bo‘limi rahbari Doktor Dione Xili.
Ma’lumotlarga ko‘ra, giperaktiv, e’tiborsiz va tajovuzkor maktabgacha yoshdagi bolalar soni yil sayin ortib bormoqda. Zamonaviy davolash usullari esa barcha bolalar uchun samarali bo‘ladi. Doktor Xili bunday muammolar uchun o‘yinlarga asoslangan yechim taklif qilgan.
Tadqiqotda 3 yoshdan 4 yoshgacha muammoli bolalari bo‘lgan 60 ta oila ishtirok etgan. Olimlar bolalar o‘z navbatini kutishlari, keyingi harakatlarini rejalashtirishlari, o‘yinchoqqa e’tibor berishlari va ishlar ular xohlagan tarzda ketmasa, muvaffaqiyatsizlikka dosh berishlari kerak bo‘lgan maxsus hikoyalar va vazifalarni tanlagan. O‘yinlar jumboqlarni, musiqiy o‘yinlarni (musiqa to‘xtaganda bolalar to‘xtashlari kerak) va boshqa odatiy harakatlarga asoslangan vazifalarni o‘z ichiga olgan. Bu tadqiqot uchun ota-onalar farzandlari bilan kuniga 30 daqiqa ishlashlari kerak bo‘lgan.
"Hayvonlar tezligi" deb nomlangan o‘yin juda samarali bo‘lib chiqqan. Uning mohiyati shundaki, bolaga qanday hayvon ko‘rsatilganiga qarab, xona bo‘ylab turli tezlikda raqsga tushish yoki harakat qilish o‘rgatiladi. Misol uchun, gepard rejimi tez, jirafa rejimi o‘rtacha va toshbaqa rejimi juda sekin. Ota-onalar o‘yin bolaning xatti-harakatlarini boshqarish uchun yaxshi ekanligini aniqlagan. Ular farzandining tinchlanishini xohlaganlarida, shunchaki "toshbaqa rejimi" deyishgan va bu ish bergan.
Natijada, olimlar giperaktivlik, e’tiborsizlik va tajovuzkorlikning ma’lum bir yoshga xos darajaga tushishini payqashgan. "Bizning natijalarimiz shuni ko‘rsatadiki, ota-onalar endi yosh bolalar uchun yoqimli, arzon va osonlik bilan foydalanish mumkin bo‘lgan davolanish usuliga ega", — deydi doktor Xili.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi