Maktablarda mobil telefonlardan foydalanish

16.09.2024 15:20
eye icon135
Maktablarda mobil telefonlardan foydalanish
Mobil telefonlardan foydalanish masalasi ta'lim jarayonida jiddiy muhokama qilinadigan mavzulardan biridir. O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar maktablarida bu borada aniq tartiblar belgilangan. Yurtimizda o‘quvchilarning maktab hududida telefon ishlatishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli Qarori asosida tartibga solinadi. Bu nizomga ko‘ra, maktabga kirishda har bir o‘quvchi va xodim telefonini ovozsiz rejimga o‘tkazishi yoki o‘chirib qo‘yishi shart. Shuningdek, dars mashg‘ulotlari davomida mobil telefonlardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.

Yaqinda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2023 yil 31 avgustdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari” ham o‘quvchilarning maktab hududida telefondan foydalanishini cheklab, ushbu tartiblarni yanada mustahkamladi.

Xorijiy tajriba qanday?

Dunyoning ko‘plab davlatlari ham maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha turli choralarni joriy etgan. Masalan, Avstraliya, Fransiya, Chexiya, Ispaniya va Bangladesh kabi mamlakatlarda o‘quvchilarga dars paytida mobil qurilmalarni ishlatishga ruxsat berilmaydi.

Belgiya va Buyuk Britaniyada esa maktablarda mobil telefonlardan foydalanish masalasi har bir maktabning kuzatuv va vasiylik kengashlari tomonidan mustaqil ravishda hal qilinadi. Maktablar o‘z holatiga qarab qaror qabul qilishi mumkin.

Janubiy Koreya maktablarida esa ta'lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi sababli mobil aloqa vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlangan. Bunga sabab, o‘quvchilar darslarga diqqatini to‘liq jamlay olmasligi va ularning bilim olish jarayoni izdan chiqishi xavfi borligi aytiladi.

London Iqtisodiyot maktabi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, maktablarda smartfonlar taqiqlanganda o‘quvchilarning test natijalari 6 foizga yaxshilangan. Bu esa telefonlardan foydalanish cheklovlari o‘quv jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatmoqda.

Mobil telefonlardan foydalanish ta'lim jarayoniga qanday ta'sir ko‘rsatishini yaxshiroq tushunish va o‘quvchilarning bilim olish samaradorligini oshirish maqsadida bunday cheklovlar ko‘plab mamlakatlarda qo‘llanmoqda. Yurtimizda ham bu boradagi amaldagi qoidalar ta'lim sifatini oshirish va bolalarning diqqatini darslarga jalb qilishga qaratilgan.


Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img