Buxoroda viloyat hokimligi binosi hamda “Buxoro sport” majumasining buzilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan odamlarning noroziligi shov-shuvlarga sabab boʻlgan edi. Hatto, koʻplab fuqarolar norozilik kayfiyatidagi chiqishlar ham qilishgandi.
Ayniqsa, Buxoro shahridagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining ham “snos”ga tushgani koʻplab ota-onalarni tashvishga solgan edi. Oradan bir necha oy oʻtgach, soha mutasaddilari hamda masʼullar holatga munosabat bildirishgandi.
Buxoro shahridagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi binosi (avvalgi Buxoro davlat Tibbiyot institutida) tarixiy-etnografik parkning shundoq tevaragida joylashgani va qulay sharoitga keltirilgani ota-onalar xavotirini yoʻqqa chiqardi.
Maʼlum boʻlishicha, 1937-yilda tashkil etilgan ushbu umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari endi institut tipidagi oʻquv binolarida tahsilni davom ettirishadi. Maktab 1122 oʻringa moʻljallangan. Ayni paytda 2214 nafar oʻquvchi tahsil ola boshladi. Joriy oʻquv yilida maktabga 4 ta sinfga 144 nafar 1-sinf oʻquvchilari qabul qilingan.
Bildirilishicha, ushbu maktab binosini rekonstruksiya qilish uchun joriy yilda 13,4 milliard soʻm mablagʻlar ajratilgan. 735 oʻrinli oʻquv binosi dars jarayonlari uchun shay holatga keltirilgan.
Institut binosiga koʻchirilgan maktabda oʻtkazilgan “Birinchi qoʻngʻiroq”da ishtirok etgan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qisqa fursatda yana 435 oʻringa moʻljallangan qoʻshimcha oʻquv binosi hamda sport zali qurib foydalanishga topshirilishi arafasida ekanini taʼkidladi.