Prezidentni kutib olish uchun bolalarni jalb qilish taqiqlandi

03.09.2024 07:37
eye icon35
Prezidentni kutib olish uchun bolalarni jalb qilish taqiqlandi
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon maktab oʻquvchilarini hukumat vakillari bilan uchrashuvlarga olib borish amaliyotini keskin tanqid qildi. U bunday xatti-harakatlarni nomaqbul va oʻz koʻrsatmalariga zid deb atadi.

Emomali Rahmon 1-sentyabr kuni “Bilimlar kuni” munosabati bilan qilgan nutqida mamlakat taʼlim tizimidagi boshqa bir qator jiddiy muammolardan ham keskin noroziligini bildirdi.

Prezident maktab oʻquvchilari, talabalar va oʻqituvchilarni davlat amaldorlari, jumladan, oʻzini kutib olishga chiqarish amaliyotini qoraladi. Davlat rahbari oʻz nutqida bu kabi ishlar oʻrinsiz va oʻz koʻrsatmalariga zid ekanini alohida taʼkidladi.

“Men buni taqiqladim. Agar amaldor kelsa, bu yaxshi, lekin u mehmon emas, bu uning mamlakati. Kelsin, koʻrib, oʻz sohasidagi kamchiliklarni tuzatsin. Mehmon degani boshqa davlatdan kelgan odamdir”, dedi Rahmon.

Uning soʻzlariga koʻra, bolalarni rasmiylar bilan uchrashuvlarga olib borish oʻquvchilar uchun jazo hisoblanadi, chunki ular yomon ob-havo, jazirama va shamolda soatlab koʻchada turishga majbur boʻladi, bu esa mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas.

“Bolalarning asosiy vazifasi oʻqish, turli tadbir va ochilish marosimlarida qatnashish emas”, dedi prezident va tegishli tuzilmalar, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha vakilga tuman va shahar miqyosidagi tadbirlarda bunday huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha topshiriq berdi. Respublika miqyosidagi tadbirlar bundan mustasno.

Shuningdek, Tojikiston prezidenti baʼzi taʼlim muassasalarida bolalar xorijda boʻlsa-da, darsda qatnashayotgani koʻrsatilayotganini taʼkidladi.

“Bu, ayniqsa, tadbirkorlar yoki amaldorlarning farzandlariga tegishli. Bu amaliyotga barham berish kerak”, dedi u.

Davlat rahbari oʻquvchilardan asossiz pul undirish, jumladan, oʻqituvchilarning tugʻilgan kuni uchun yigʻimlar olish amaliyotini ham tanqid qildi.

“Yoshligimda bunday emas edi. Hech kim oʻqituvchilarga sovgʻalar uchun pul yigʻmagan yoki kimning tugʻilgan kuni qachon ekanini muhokama qilmagan. Bunday ishlarga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”, dedi prezident.

Shuningdek, tuman va shaharlarning tegishli tuzilmalariga oʻqituvchilarni rasmiy yigʻilishlar yoki tadbirlar uchun mablagʻ yigʻishga jalb qilmaslikni topshirdi.

“Bunday tadbirlar taʼlim muassasalaridagi toʻlovlar hisobiga emas, balki faqat davlat organlari tomonidan moliyalashtirilishi kerak”, dedi Rahmon.

Tojikiston rahbari oʻqituvchilar bilan ziddiyatga borgan ayrim ota-onalarni ham qoralab, bu ularning odobsizligini koʻrsatishini taʼkidladi.

“Ota-ona lavozimi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, oʻqituvchilarni hurmat qilishi va qadrlashi muhim. Oʻqituvchilarsiz prokurorlar ham, politsiyachilar ham, muvaffaqiyatli taʼlim ham boʻlmaydi. Agar oʻqituvchilar boʻlmaganida men ham, bu yerda oʻtirgan barchangiz ham, vazirlar ham, amaldorlar ham bu yerda boʻla olmas edik”, dedi Emomali Rahmon.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img