Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Sh.Djurayevga mahkuma A.N. farzandining taʼlim olish huquqini taʼminlashda qiyinchilikka uchrayotgani boʻyicha murojaat qildi. Bu haqda Ombudsman Axborot xizmati xabar berdi.
Murojaatchining soʻzlariga koʻra, Navoiy shahrida singlisining qaramogʻida yashaydigan, maktab yoshiga yetgan qizi maktabga 1-sinfga qabul qilinmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasiga koʻra, har kim taʼlim olish huquqiga ega. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq, taʼlim sohasida kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmasligi, taʼlim olishga doir teng imkoniyatlarning taʼminlanishi, taʼlimning uzluksizligi va izchilligi, davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablari doirasida taʼlim olishning hamma uchun ochiqligi – taʼlim sohasidagi asosiy prinsiplar hisoblanadi.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, ijobiy hal qilindi.