Amaldagi qonunchilikka ko'ra, davlat maktablarida oʻquvchilar uchun yagona maktab formasini kiyishlari shart.
Maktab formalarining shakllari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarorida belgilab
qo'yilgan.
Unga ko'ra, maktab formasini kiyishda quyidagi talablar qoʻyiladi:
— kiyimlarning oʻta tor yoki oʻta keng bichimda boʻlmasligi;
— qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 — 15 sm pastda boʻlishi;
— oʻgʻil bolalar uchun shimning uzunligi oyoq toʻpigʻidan pastda boʻlishi;
— oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland boʻlmasligi;
— koʻylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan boʻlishi;
— kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi.
Oʻquvchilar maktab binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, taʼlim muassasasida oʻtkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
Oʻquvchilarning maktab formasiga hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tashqi koʻrinishga qoʻyiladigan boshqa taqiqlar:
— oʻgʻil bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qoʻygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun boʻlgan va yorqin ranglarga boʻyagan holda kelishlariga;
— qiz bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga boʻyagan, yuzini koʻzga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulogʻiga bittadan ortiq sirgʻa taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qoʻl tirnoqlarini boʻyagan va uzun qilib oʻstirgan holda kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tartib buzganlik uchun javobgarlik
Oʻquvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik maktab ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday oʻquvchilarga quyidagi choralar qoʻllanishi mumkin:
— ogohlantirish;
— kundalik daftariga qayd etish;
— tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
— mahalla yigʻini va taʼlim muassasasidagi yigʻilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.