Adabiy ertaklar maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama yetuk shaxs boʻlib shakllanishida oʻziga xos ahamiyatga ega. Ular maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, kognitiv, hissiy va ijtimoiy rivojlanishiga yordam beradi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda adabiy ertaklar orqali ularning ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish, fantaziyasini boyitish, odob-axloq normalariga oʻrgatish va tanqidiy fikrlashni shakllantirish ham nazarda tutilgan. Ertaklardagi qahramonlar koʻpincha qiyinchiliklarga duch kelishadi, toʻsiqlarni yengib oʻtishadi va bolalarga real hayotdagi vaziyatlarni tushunish va boshqarishga yordam beradigan hayotiy saboqlarni oʻrgatadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari nutq oʻstirish va badiiy adabiyot bilan tanishtirish mashgʻulotlarida nafaqat jahon bolalar adabiyoti vakillari asarlaridan, balki oʻzbek bolalar adabiyoti vakillaridan Poʻlat Moʻmin, Joʻra Rahim, Hamza Imonberdiyev, Tursunboy Adashboyev, Turgʻunboy Gʻoyibov, Dilshod Rajab, Anvar Obidjon, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Aziz Abdurazzoq, Kavsar Turdiyeva va Zamira Ibrohimovalar kabi yozuvchi, shoirlarimizning bir qator ertak, ertak-dostonlari, ertak-qissalari sodda, tushunarli va qiziqarli yozilgan asarlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun qoʻllaniladigan adabiy ertaklar quyidagi komponentlarni oʻz ichiga oladi:
— ertakdagi sehrli elementlar, masalan: gaplashuvchi hayvonlar, sehrlangan narsalar yoki gʻayritabiiy mavjudotlar mavjud boʻlib, ular maktabgacha yoshdagi bolalarning diqqatini oʻziga tortadi;
— murakkab boʻlmagan syujet. Ertaklar odatda yosh bolalar uchun oson tushuniladigan oddiy, murakkab boʻlmagan syujetga ega boʻlib, koʻpincha toʻsiqlarni yengib oʻtuvchi yoki muammolarni yechadigan qahramonlar haqida keltiriladi;
— dob-axloq qoidalari. Ertaklar koʻpincha odob- axloq qoidalari haqida bolajonlarga tushuncha beradi. Masalan, Anvar Obidjonning “Odobli boʻlish osonmi?” ertagi tarbiyalanuvchilarda mehribonlik, jasorat, sadoqat yoki qatʼiyat kabi qimmatli shaxsiy sifatlarat, rivojlantiradi;
— ijodiy muhit. Ertaklar bolalarni hayolan maftunkor olib boradi, ularning ijodini ragʻbatlantiradi, turli olamlarni kashf etishga imkon beradi;
— arxetipik belgilar. Ertaklarda koʻpincha malikalar, shahzodalar, jodugarlar yoki ajdarlar kabi arxetipik xarakterlar mavjud boʻlib, maktabgacha yoshdagi bolalarga hikoyada taniqli personajlarni eslab qolishga yordam beradi. Masalan, Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” ertak-dostoni;
— baxtli yakun. Ertaklar odatda baxtli yakun bilan tugaydi, bunda yaxshilik yovuzlik ustidan gʻalaba qozonadi, qahramonlar esa baxtli hayot kechiradi, bu esa bolalarda muvaffaqiyat va ishonch hissini uygʻotadi;
— takrorlanuvchi qonuniyatlar. Ertaklarda koʻpincha takrorlanuvchi qonuniyatlardan foydalaniladi. Masalan, uchta tilak yoki topshiriq, bu xotirani mustahkamlashga yordam beradi va bolalarga ertakning ayrim elementlarini oldindan bilish imkonini beradi;
— qiziqarli nutq. Ertaklarda koʻpincha maktabgacha yoshdagi bolalarning diqqatini oʻziga tortadigan, tasavvurini uygʻotadigan, soʻz boyligini oshiradigan jonli va tasviriy tildan foydalaniladi;
— vizual bogʻliqlik. Ertaklar koʻpincha rang-barang illyustratsiyalar yoki vizual elementlar bilan birga keladi, ular maktabgacha yoshdagi bolalarni yanada qiziqtiradi va ularni hikoya bilan bogʻlashga yordam beradi;
— anana va qadriyatlar. Ertaklar avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan azaliy xususiyatga ega boʻlib, ular bolalarda anʼana va milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat tuygʻusini tarbiyalaydi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, adabiy ertaklar umuman olganda barcha ertaklar bolani shaxs sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiy ertaklar bolani tarbiyaviy, axloqiy, estetik jihatdan tarbiyalash bilan birgalikda ularni fantaziya qilish, yangi gʻoyalar ishlab chiqishga undaydi. Adabiy ertaklarni oʻrganib voyaga yetgan bolalar kelajakda maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetuk, mustaqil fikrga ega boʻlgan, Vatan qadrini biladigan or-nomusli, gʻururli yigit-qizlar boʻlib yetishadi.