Bugun qariyalar uyida bayram. Sattor cholning nobop o‘g‘li, haytovur, to‘g‘ri yo‘ldan yurib, bir vaqtlar qiyratib tashlab ketgan padari buzrukvorini «Xizmatingizni qilayin, poyingizni o‘payin, otajon!» deb olib ketdi.
"U dunyoyu bu dunyo o‘g‘limni kechirmayman!" deydigan qahri qattiq akamizning hali diydasi qotib ulgurmagan ekan. O‘g‘lining ko‘zlaridagi o‘kinch yoshlarini ko‘rdi-yu, darrov iyib oldiga tushib ketyapti. Nima bo‘lgan taqdirda ham, harna ko‘nglida Xudo oqibatni uyg‘otganiga shukr.
Farzandlar ota-onasini qariganida xor qilib qo‘ymasin. Farzand shirin, farzand aziz, biroq undan yaqinroq do‘st ham, zolimroq dushman ham yo‘q. Biz, nihoyat, bir-birini tushungan ota-bolani kuzatib qolarkanmiz, Tangriga yalinib-yolvoramiz: «Do‘stga zor, dushmanga xor qilmagin». Nima bo‘lganda ham, qariyalar uyida shunga o‘xshagan bayramlarning ko‘paygani ma’qul, chunki bundan biz keksalarning ko‘nglimiz tog‘day ko‘tariladi. «Hartugul, uyiga qaytdi, — deymiz ko‘ngilni xotirjam qilib, — narigi dunyoga emas». Chindan ham, bu yerda har yili qadrdonlardan birini tuproqqa topshiraverib, o‘zimizni ancha oldirib qo‘ygan edik. Harqalay, hammamiz ham keksamiz, hammamizning borar manzilimiz o‘sha. Biroq tobutimizni bolamiz ko‘tarsa qaniydi. Men onamning tobutini ko‘targanmidimki, bolam menikini ko‘tarsa…
Bundan bir necha yil burun katta xatoga qo‘l urib qo‘yganman. Bu shunday xato ediki, uni eslasam, hozirga qadar yuragim orqaga tortadi. Nahotki o‘sha men edim, deyman. Qanchalar so‘qir odam bo‘lgan ekanman. Otam onamni jonidan ortiq ko‘rardi. Shu sabab bir umr undan ajralmadi. Uni boshqalarning qo‘liga ishonib topshirmadi. Ammalarimning aytishicha, onam meni dunyoga keltirib, parishonxotirlik kasaliga chalinibdi. U butkul xotirasidan ayrilib qolibdi. Yaqinlari otamga onamdan ajrashishni maslahat berishganda ham ko‘nmagan. Onam meni faqat emizardi, xolos. Buvim esa meni ulg‘aytirgan. Bolalikdan buvimning ta’sirida tuqqan, menga oq sut bergan onajonimga nisbatan dushmanlik kayfiyatida ulg‘aydim. U menga ortiqcha yukday tuyilardi. Uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi. Onam meni tanimas, men esa uni xuddi shuning uchun yomon ko‘rardim. Otamga bir kuni onamga nega buncha g‘amxo‘rlik ko‘rsatishini so‘radim. Axir u otamni ham tanimas edi. U menga bir hikoyani so‘zlab berdi: «Men bu hikoyani onang shu kasalga chalinganda, ko‘nglimda unga nisbatan mehr so‘nayotganda o‘qigandim va shu haqda o‘ylaganim uchun o‘zimni-o‘zim kechirolmagandim.
Bir keksa odam ko‘chada yurib ketayotgandi, kutilmaganda uni mashina turtib yuboribdi. Atrofdagilar otaxonni kasalxonaga olib borishibdi. Shifokor tekshiruv o‘tkazish kerakligini aytsa, chol betoqatlanib, ketishga chog‘lanibdi.
— Qayerga buncha shoshyapsiz? Axir bunday ahvolda sizni qo‘yib yuborolmaymiz, — debdi uni nazoratdan o‘tkazayotgan shifokorning jahli chiqib.
— Ayolim uyda kutyapti. Ertalab unga qaymoq olish uchun tashqariga chiqqandim. U har tong choyga qaymoq qo‘shib yemasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi, — debdi.
Shifokor:
— Xotiningizga bugun qaymoq olib borolmaganingiz sababini o‘zimiz tushuntiramiz, — debdi.
Qariya mung‘ayib qolibdi va so‘lg‘in qiyofada:
— Ne qismatki, xotinim parishonxotirlik kasaliga yo‘liqqan. U hech narsani anglamaydi, hatto kimligimni ham eslolmaydi, — debdi.
Shifokor hayrat bilan:
— Ayolingiz kimligingizni unutgan bo‘lsa, nega uning yoniga buncha shoshasiz? — deb so‘rabdi.
Chol esa:
— Ammo men uning kimligini va menga qilgan yaxshiliklarini unutganim yo‘q-da, — degan ekan.
Mana shunaqa, o‘g‘lim, men ham onangdan voz kechib ketolmayman», degandi.
Men esa otamning bu olijanobligini, baribir, tushunmadim. Otam onamga g‘amxo‘rlik qilishda davom etardi. Yillar o‘tdi. Otam bu dunyoni yosh tark etdi. Buvim ham olamdan o‘tdi. Onam mening qo‘limda qoldi. Shunda unga mehr ko‘rsatmadim. Uylanganimdan keyin bechorani qariyalar uyiga topshirib yubordim. Uni bir kun ham eslamadim.
"U menga mehr bergani yo‘q, onam emas," degan tushuncha mavjud edi menda. Farzandli bo‘ldim, ularni oyoqqa qo‘ydim. Ne qismatki, bugun farzandim meni qariyalar uyiga olib kelib qo‘ydi...