Koreyscha tarbiyada ustunlik nimada?

10.06.2022 10:48
eye icon2068
Koreyscha tarbiyada ustunlik nimada?

"Er kasal bo'lsa, sen ham kasal bo'lasan!"

Janubiy Koreya xalqi madaniyati o'ziga xos, ko'p jihatlari bizning el tutumlariga ham o'xshashdir. Koreyslarning nafaqat odobu axloqi, odamiyligi, muloyimligi, balki tabiatga bo'lgan munosabati va farzandlariga berayotgani ekologik ta'lim-tarbiyasi e'tirofga loyiqdir.

Koreya Respublikasida ekologik ta'lim bosqichi oddiy bolalar bog'chasining 4-5 yillik guruhidagi bolalar uchun ta'lim dasturining bir qismi sifatida joy olgan. 3-5 yoshli bolaga tabiiy resurslar cheksiz emasligini, keyingi bir necha o'n yilliklarda chuchuk suv zaxiralari qurib ketishi mumkinligini qanday tushuntirish mumkin? Eng muhimi, murg'ak go'daklarga bu shunchaki kitoblar va fil'mlardagi «hikoyalar» emas, balki u yashashi mumkin bo'lgan va yordam bera oladigan dunyo ekanligini qanday etkazish kerak? Janubiy Koreyada aynan shu savollarga javob topish uchun maxsus ekologik ta'lim-tarbiya tizimi ishlab chiqilgan.

– «Er kasal bo'lsa – men ham kasal bo'laman». Bu mening besh yoshli o'g'lim yaqinda bolalar bog'chasidan olib kelgan kitobning nomi. Bu oddiy nom, aslida, uzoq va juda murakkab so'zlar orqali tushuntirish mumkin bo'lgan hamma narsani o'z ichiga oladi. Kitob butunlay rasmlardan iborat bo'lib, bola undan hamma savollariga oson javob topa oladi, – deydi uzoq yillardan beri Koreya Respublikasida istiqomat qiluvchi hamyurtimiz Ra'no Ashurova. – Ekologik ta'lim kursi 4-5 yoshli bolalar guruhlari uchun ishlab chiqilgan dasturning bir qismidir. Mening bolalarim boradigan oddiy bolalar bog'chasidan, «elitniy» bog'chalargacha – hammasida bir xil qo'llaniladi mazkur dastur. Kitobga ish daftarchasi ilova qilingan bo'lib, bolalar unda rasmlar bo'yashadi, stikerlar yopishtiradilar va savollarga javob beradilar. Barcha mashg'ulotlar dars mazmunini yaxshiroq eslab qolish va tushunishga qaratilgan.

Bu mamlakatda o'rmon bo'ylab mashina haydashda signalni faqat oxirgi chora sifatida ishlatishadi. Tabiiy joylarda musiqani baland qo'yish umuman taqiqlangan, chunki shovqin hayvonlar va qushlarni qo'rqitadi. Va umuman olganda, shovqin ham ifloslanishni keltirib chiqarishi va yaqin atrofdagilar (ham odamlar, ham hayvonlar) uchun hurmatsizlik ekanini yaxshi tushunishadi koreyslar.

Chiqindilarni tashlashdan oldin, keyinchalik chiqindilarni yo'q qilishni osonlashtirish uchun ularni saralaymiz. Bir so'z bilan aytganda, avvalo atrof muhitning ifloslanganligi va uning qanchalik zararli ekanligi, so'ngra tabiatning musaffoligi, uni asrab-avaylash har birimizning ishimiz ekanligi kitobda mohirona tasvirlab berilgan. Bu nafaqat bolalarga, balki ota-onalarga ham qaratilgan ishoradir.

Bu yurtdagi ekologik ta'limning bog'cha bosqichida chiqindini idishlarga to'g'ri tashlash (qog'oz parchasi 2-5 yil davomida chirishi haqidagi hikoya bilan birga, yog'och tayoqchalar), qishda uyda isitishni «to'liq hajmda» yoqish o'rniga issiq kiyim kiyish (Koreyada markaziy isitish tizimi yo'q, hamma alohida gazli qozondan foydalanadi, mos ravishda tabiiy gazni tejashadi), iloji bo'lsa faqat mashinada harakatlanish o'rniga piyoda yoki velosipedda yurish, daraxtlar va gullar ekish, yozda konditsionerni suiiste'mol qilmaslik va elektr energiyasini tejash uchun chiroqlarni o'chirish, isrof qilmaslik uchun tishni yuvayotganda suvni o'chirish kabi oddiy ilk ko'nikmalar shakllantiriladi. Janubiy Koreyada bolalar bog'chalarida 2-3 yoshli kichkintoylar ham kitob o'qiydilar va bitta daraxt bizga va hayvonlarga qancha «sovg'alar» berishi mumkinligi haqida hikoya qila oladi – bu havo, oziq-ovqat va suv bo'lishi mumkin. Bolalar tez-tez ixtisoslashtirilgan muzeylarga ekskursiyaga borishadi. Hatto bolalar chiqindilarni utilizatsiya qilish jarayonlari bilan bevosita tanishishlari mumkin bo'lgan markazlar mavjud.

Kichkintoylar nafaqat o'simlik va hayvonot bog'lariga, balki barcha turdagi qishloq xo'jaligi ob'ektlariga olib boriladi. Shunday qilib, ular kuzda kartoshka qazishga, bahorda ekishga boradilar. Albatta, qishloq bolalari bunday ekskursiyalarga muhtoj emas. Lekin shaharlik bolalar sabzavot va mevalar supermarketdagi javonlarda o'smasligini bilishi juda foydali.

Kichkintoylar bu tushuntirishlarning barchasidan hayrat tuyushadi. Shuning uchun bo'lsa kerak, bunday kurslar maktabgacha yoshdagi bolalarda bolalikdan tabiatga alohida g'amxo'rlik bilan qarashni shakllantirish uchun maxsus o'qitiladi.

Koreyada maktabgacha yoshdagi bolalarni ekologik tarbiyalash, bu erda bir yildan ortiq vaqt davomida olib borilayotgan davlat miqyosidagi ijtimoiy dasturning bir qismidir. Televidenieda o'rnini to'ldirib bo'lmaydigan tabiiy boyliklar borligi haqida videolavhalar tinimsiz namoyish etiladi.

Aslida ekologik ta'lim-tarbiya bolaning bog'cha yoshidanoq singdirilishi aynan bugun uchun dolzarb masala. Chunki har birimiz kelajakda farzandlarimiz yashaydigan dunyoni yaratamiz. Farzandlarimiz esa o'z zurriyodlari uchun kelajakni yaratishadi. Shunday ekan, bola murg'akligidanoq har qanday tabiiy boylikning, resurslarning, ichimlik suv va o'simliklarning abadiy emasligini anglab ulg'aysa, uning atrof muhitga bo'lgan munosabati ham faqatgina g'amxo'rlikdan iborat bo'ladi. Xuddiki bola o'z onasiga g'amxo'rlik qilganidek.

Demakki, haliyam kech qolmaslik uchun koreys xalqi kabi ekologik ta'limni go'daklikdanoq odamlar ongiga singdirayotgan davlatlardan o'rnak olib, bog'cha va maktablarda ekologik ta'lim yo'nalishini yo'lga qo'yish kerak va zarurdir.

Saida Rustam qizi

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img