Men ham pedagog va tadqiqotchi sifatida maktab formasi mavzusiga oʻz munosabatimni bildirmoqchi edim. Oʻquvchining tashqi koʻrinishini bilim oʻzlashtirishiga taʼsir qilishi (hoh salbiy, hoh ijobiy boʻlsin) taʼkidlanishi meni hayratga soldi. Asos-dalil bormi? Qaysi tadqiqotlar buni tasdiqlaydi? Agar rost boʻlsa bu pedagogikada olamshumul ixtiro boʻlardi.
Erinmasdan Internetdan, millionlab kitob va dissertatsiyalar fondiga ega Toronto jamoat kutubxonasi, Toronto universiteti, Ontario taʼlim tadqiqotlari markazi kutubxonalaridan izladim. Bu borada olib borilgan tadqiqotlar ust kiyim oʻquvchining bilimni oʻzlashtirishiga taʼsir qilmasligini taʼkidlashgan. Yana eng gʻashimga tegadigan fikr – falonchi mamlakatda shunday, bizda ham shuni qilamiz. Kattalar bunaqa xolatda “Hamma tomdan sakrasa, san ham sakraysanmi” degan naql darhol yodimga keladi. Yana bir bor, islohot oʻtkazishdan oldin tadqiqotlar oʻtkazish, hech boʻlmasa boshqalarning tadqiqotlarini oʻqish kerak, tahlil qilish kerak.
Maktab formasi xususida Oksford, Kembrij, Koreya va Yaponiya mamlakatlari misol qilib keltirilgan. Avvalo Oksford va Kembrij ingliz tilida maktab deyilsada, universitetlar. Bunday elit maktab va boshqa turda taʼlim muassasalarida forma bu boylar va kambagʻallar oʻrtasidagi tafovutni ketkazish yoki maʼnaviyatga asoslanish emas. Aksincha, hammaga koʻz-koʻz qilish, reklama, marketing, biznes.
Boshqa tarafdan – Janubiy Koreya va Yaponiya. Negadir ularning taʼlim tizimi hammaga yoqishni boshladi. Bu davlatlar boyib borayotgani bilan ularning taʼlim tizimi zoʻr degani emas. Tadqiqotlarni oʻqiganmisiz? Koreya taʼlim tizimi ketkazilgan vaqt bilan natija solishtirilganda eng samarasiz, deb tan olingan qator tadqiqotlar asosida. Bu davlatlardan kelgan mening talabalarimning koʻpchiligi muomala, kommunikativ koʻnikmalar, tanqidiy fikrlash kabi 21 asrda eng muhim hisoblangan (tadqiqotlar asosida) koʻnikmalar juda sust rivojlangan. Koreya, Yaponiya davlatlari oʻz joniga qasd qiluvchilar (xususan, maktabdagi yuklamani koʻtara olmagan oʻquvchilar) soni boʻyicha yetakchilik qilishadi.
Nodira Isamuhamedova
Maʼlumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi [558-son] qarori bilan 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilingan.