Ommaviy axborot vositalarida Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi maktablarning birida 17-may kuni yuz bergan voqea aks etgan video tarqaldi. Unda xorijiy tillarga ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim muassasasining 7-sinf oʻquvchisi dars vaqtida maktab direktori tomonidan kaltaklangani aytilgan.
Video davomida dars vaqtida sinfga maktab direktori kirib kelgan va qora roʻmol (vandamka)da oʻtirgan qizdan bosh kiyimini yechishini talab qilgan, ammo bu talabga boʻysunmagach, direktor qizning oldiga borib, uni doʻpposlay ketgan.
Kun.uz nashriga murojaat qilgan qizning otasi vaziyat yuzasidan chora koʻrilishi kerakligini, oʻquvchi ayni vaqt maktabga chiqishni istamayotganini bildirdi.
Holat Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻrganilayotgani maʼlum qilindi. Jarayon yakuniga yetgach natijalari toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar berilishi aytildi.