O‘zbekistonda «bola o‘g‘rilari» bormi?

19.05.2024 17:00
eye icon390
O‘zbekistonda «bola o‘g‘rilari» bormi?

Bolaligimizda uxlamay, injiqlik qilganimizda onamiz, opalarimiz “ana, bola o’g’rilari kelyapti, uxlamasang seni ularga berib yuboraman” deb bizni “tinchlantirishardi”. Biroz katta bo’lib, jiyanlarimizni shu “usul” bilan uxlatishganida aslida hech qanday bola o’g’rilari yo’q ekanini tushunganmiz.

 

Biroq so‘nggi paytlarda yurtimiz bo’ylab “bola o’g’rilari”ning ko’paygani haqida xabarlar doimgidan ko’paymoqda. Farg’ona, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda noma’lum shaxslar bolalarni o’g’irlamoqchi bo’lgani aytilgan xabarlar taqrqalganidan bir necha kun o’tib, asossiz ekani ma’lum bo’lmoqda. Bu xabarlarning haqiqatdan yiroq ekani yaxshi, bola o’g’irlash holatlarining bo’lmagani barchamizni xotirjam qiladi. Ammo “shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”, deganlaridek, nega birdaniga bu mavzudagi xabarlarning avj olayotgani hammamizga qiziq.

 

Aynan shu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati IIB Axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganovga murojaat qildik. Lekin u so’rovimizga javob berishini aytib, yo keyinchalik e’tiborsiz qoldirdi, yoki yodidan chiqdi. Xullas, bu borada IIB rasmiysining javobiga ega bo’lolmadik.

 

Biroq bundan bir yil avval Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti matbuot kotibi Shokirjon Hoshimovning shu masala yuzasidan Xabar.uz nashriga bergan intervyusida O’zbekistonda bola o’g’rilari yo’q ekani, bu ko’proq odamlarning vahimasi ekani aytiladi.

 

Xususan, onlayn nashrning “O‘zbekistonda bolalarning o‘g‘irlanish holatlari uchrab turadimi?” degan savoliga Shokirjon Hoshimov quyidagicha javob bergan.

 

– Vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda bola o‘g‘irlab ketilayotgani, bola o‘g‘rilari chiqqani haqida audio xabarlar tarqalib turibdi. Ayni vaqtda bunday holat mavjud emas. Yolg‘on xabarlar ko‘pincha telegramdagi guruh va kanallarda ayollar ovozi bilan tarqatiladi.Tekshirib ko‘rganimizda yolg‘on axborot tarqatishdan asosiy maqsad guruh yoki kanal obunachilarini ko‘paytirish ekani tan olingan.

 

G‘arbda vaziyat qanday? Okean ortida “bola o‘g‘rilari” bormi?

 

KidsHealth nashri bergan ma’lumotlarga ko’ra, AQSHda har kuni 2100 ga yaqin bolalar bedarak yo’qolgani haqida ariza topshiriladi. Boshqa bir nashr esa Amerikada har 40 soniyada bir nafar bola yo’qolishi yoki o’g’irlanishini qayd etgan.

 

Shuningdek, o’g’irlangan bolalarning aksariyati shu oilaning tanishlari tomonidan o’g’irlanadi. 25 foiz holatdagina o’g’rilik begonalar tomonidan amalga oshiriladi. Chunki mantiqan o’ylab qaralsa ham, bolaning qachon, qayerda, kim bilan bo’lishini uning oilasiga yaqin bo’lgan kishilargina bilishi mumkin.

 

Rasmiy ma’lumotlardan tashqari g’arbda yashaydigan hamyurtlarimizdan ham bu borada ma’lumot olishga harakat qildik. Bolalarning yo’qolishi yoki o’g’irlanishi borasida «Daryo» internet-nashri asoschisi, Telegram'dagi «Zambarakning o‘qi» kanali muallifi, 2016-yildan beri Kanadaning Kalgari shahrida doimiy istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Farhod Fayzullayevning fikrlari bilan qiziqdik.

 

“Aynan bola o'g'rilash bilan shug'ullanadigan guruhlar haqida eshitmaganman, lekin ajrashgan ota-ona bir-biridan so'ramay bolani olib qochish holatlari bo'lib turadi va bunday holda bolalarni izlash uchun maxsus tizim bor”, – dedi yurtdoshimiz.

 

Farhod Fayzullayevning bildirishicha, Kanada va AQSHda voyaga yetmagan bola yo'qolgani yoki o'g'irlab ketilganida Ambert Alert ya'ni "Zarg'aldoq trevoga" ko'tariladi. Bunda politsiya oyoqqa turib, yoʻqolgan bola toʻgʻrisida maʼlumot barcha telekanal, radiokanal, smartfonlar, koʻchalardagi tablolar orqali uzatiladi. Televizordagi barcha kanallardagi koʻrsatuvlar toʻxtatilib, oʻrniga qidiruv haqida eʼlon qilinadi. Maqsad — aholi yordami bilan bolani tezroq topish.

 

E'tiborlisi bunday trevoga vaqtida telefoningiz ovozi o'chirilgan bo'lsa ham u baland ovozda jiringlab, ogohlantiradi.

 

Fayzullayevning 2019-yilda ayni shu mavzu bilan bog’liq postida yozishicha, hamma narsani “davlat”ga tashlab qo’yish yaramaydi. Bolani topish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas. Mamlakat rivojlanishini xohlasak, davlatdan kutmay, o’zimiz ham harakat qilishimiz lozim.

 

Shukrki, bizda xalqimiz bu borada birdamlikka ega. Telegram guruhlardan tortib MFYlarda ham ota-onalarni ogohlantirish ishlari olib borilmoqda. Lekin baribir yanada xushyor bo’lish, bolalarni ogoh etish zarar qilmaydi.

 

Avvalo bu kabi holatlarning oldini olish uchun farzandingizga imkon qadar begonalar bilan muloqotga kirishmasligini tayinlang. U kimlar bilan do’stlashyapti, kimlar bilan suhbat qilyapti, kim bilan o’ynayapti – bulardan doimo xabardor bo’ling. Turli jamoat joylari, bog’lar, savdo markazlari va hokazo odamlar ko’p bo’ladigan joylarda bolangizni yolg’iz qoldirmang.

 

Sherali Soliyev

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img