Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilarining dars vaqtida «kartabozlik» qilayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi quyidagilarni ma'lum qildi.
Boshqarma xabariga ko‘ra, video 2024-yil 23-aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli umumta'lim maktabida olingan. O‘sha kuni 8-«B» sinf o‘quvchilarining 4 nafari tarix fanida dars jarayoniga xalaqit qilib, karta o‘ynagan.
Holatni o‘rganish jarayonida o‘quvchilar va ularning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab ma'muriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Yakunda o‘quvchilarning ota-onalariga Ma'muriy Kodeksning 47-moddasiga asosan jarima qo‘llanilgan. 8-«B» sinf rahbari N.B. ga esa intizomiy chora
ko‘rilgan.