Navoiyda mashinasi bilan maktablar oldiga kelib, oʻquvchilarga maʻlum bir haq evaziga mashinasini boshqarib koʻrishga berishni taklif qiluvchi kimsalar paydo boʻlgani aytilmoqda. Ularni hech ikkilanmasdan qotillar desak boʻlaveradi.
23 aprel kuni Nurota yoʻlida sodir boʻlgan mudhish YTH ham katta ehtimol bilan shunaqa kimsalardan biriga borib taqalsa kerak. Maʻlumotlarga koʻra, Navoiy shahri va Karmana tumanidagi maktablarda 8 va 9-sinflarda oʻqiydigan 3 nafar bola begona fuqaroning Matiz mashinasini olib, Nurotaga sayohatga borishgan. Mashinani ularning oʻzlari boshqarishgan. Ortga qaytishda esa YTHga uchrashgan. Ikki bola voqea joyida halok boʻlgan, bir nafari Karmana shifoxonasining jonlantirish boʻlimida ogʻir ahvolda yotibdi.
Savol tugʻiladi: begona odam yosh bolalarga mashinasini qaysi kalla bilan uzoq manzilga ishonib berib yubordi? Albatta, bu savolga surishtiruv ishlari davomida javob topishadi. Katta ehtimol bilan moddiy manfaatdorlik bor bu erda. Hali koʻrasiz, mashina egasi oʻquvchilardan pul olgan, yaʻni mashinasini maʻlum haq evaziga ularga «ijaraga» berib yuborgan boʻlib chiqadi. Agar holat shunday boʻlib chiqsa, ishoning, bu shunchaki dahshat!
Iltimos, ota-onalar, bolangizga bu borada ehtiyot boʻling, ular qiziqishi ortidan ana shu kabi «qotillar» qoʻliga tushib qolmasin. Maktab direktorlari ham ota-onalar bilan tushuntirish ishlari olib borishsa, maktablar atrofida kimlar yurganiga eʻtibor qaratishsa maqsadga muvofiq boʻladi. Nazorat bir lahzaga susaytirilsa keyin kech boʻlishi mumkin.
Maktablar oldida ushbu maqsadda paydo boʻlayotgan kimsalarni esa ushlab, hammasiga qatʻiy chora koʻrish kerak!
Ruslan Saburov, jurnalist.