Unutilgan bolalik

07.12.2023 18:00
eye icon1211
Unutilgan bolalik

O'zligim yo'qotdim, qoldim o'zgarib,
Soddalik o'rnini egallab yolg'on.
Bo'g'zimdan chiqmadi bir so'zi g'arib,
Sog'inib kelganda ul do'sti nolon.

U bilan ko'chalar changitgan bola,
Endi sipolikni bo'yniga ilgan.
“Nahot esingda yo'q keng yaylov, dala...”
Dedi: “Do'stingman-ku, birga ulg'aygan”.

Yurakka ko'milgan beg'ubor izni,
Yashirib turganda mansabning toshi.
“Esingdami, dedi, do'stim bir qizni,
Sen mendan rashk qilib, yorganding qoshim”.

“Nahot kaftlaringda ketmonning izi,
Ko'zlaringdan esa ketgan nur, quvonch.
Qani o'sha bola — cho'rtkesar so'zi,
Elkasin egmagan o'ziga ishonch.

Nahot, unutdingmi bizning qishloqni,
Shaharning pinjiga kirib tobora?
O'sha adirlarni, soyni, toshloqni
Nahot sog'inmading, yur, ketdik, jo'ra!”

“Esingga tushsin, deb keltirdim archa,
Xonangga qo'y uni, taratar xush bo'y.
Seni sog'inganmiz jo'ralar, barcha,
Ketdik, uylanyapman, boshlab qo'ydik to'y”.

Eslayman deyman-u, qoshni chimirib,
Yoshligim yashirib qo'yib ichimga.
Xotira varag'in yirtib, ko'chirib,
Yolg'onlarga otib, shoshdim ishimga.

U ketdi, o'zimning shevamda so'kib: 
“He o'sha, mansabing, molingga qo'ydim...”
Mehr ko'chatiga ko'z yoshim to'kib,
Tonggacha vijdonning o'tida kuydim.

Shaharlik bo'laman, debman, o'zimcha,
Shim kiygan tannozlar ortidan chopib.
Esimga tushmoqda yig'loqi qizcha,
Xo'rsindim, rasmini uyimdan topib.

Xayol tentiraydi tungi shaharda,
Boysunga ketmoqda do'stim musht tugib.
Tog'larning havosin sipqorgan qirda,
Nurli xotiralar yurgandir kutib.

Derazadan boqib shahar yo'liga 
Tonggacha yig'ladim, bolalik qayda?
Boysuntog' archasin tutib qo'limga,
Kuyuk dil islari taralgan uyda.

Dilshod Shukur

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img