Tug‘ruqxonada onalik quvonchidan foydalanmang

22.03.2022 20:00
eye icon1612
Tug'ruqxonada onalik quvonchidan foydalanmang

Hech bir ota-ona farzandli bo'lgan kunni yodidan chiqarmasa kerak. Bunda avvalo ayol matonati, sha'niga tahsin aytmay iloj yo'q. Ammo ayrim oilalar uchun farzand dunyoga keltirish chog'ida bir xavotir bor desam, ishonasizmi? Fikrimni poytaxtimizdagi bir tug'ruqxona hayoti misolida, u erda ilk bor farzandi dunyo yuzini ko'rgan ota sifatida davom ettiraman.

Salomatligimiz posboni bo'lgan barcha bo'g'indagi tibbiyot xodimlari mehnatiga boshim erga tegguncha ta'zimdaman. Issiq jonga biror kor-hol bo'lsa, ularsiz o'zingga kelish oson emas, albatta. Har qanday mushkul vaziyatda Gippokrat qasamiga sodiq qolib, zimmasidagi mas'uliyatni ado etuvchi shifokorlarni har qancha e'tirof etsak arziydi. Besh qo'l barobar emas deganlaridek, bemorining hasbi holidan ko'ra, uning qo'liga, aniqrog'i cho'ntagiga e'tiborliroq qaraydigan ba'zi “qahramonlar” oq xalatiga o'chmas dog' tushirib qo'yayotgan holatlar ham yo'q emas.

«Pulini oldindan berib qo'ysang, yaxshi qarashadi»

… Kunduz tunga ulanayotgan payt. Tug'ruqxona yonida shifokor-u doyalar yordamida yangi hayot, avlodimiz davomchisi dunyoga kelishini intiqlik bilan kutaman. Shahar markazida, hamma maqtagan tug'ruqxona sharoitlaridan ko'nglim to'q, issiq, toza va zamonaviy. Ammo tanishlarimning tavsiyasiga rioya qilmay, shifokor-u ginekologni oldindan kelishib qo'ymaganim uchun xavotirim yo'q emas. Ularning aytishicha, bu erdan biror shifokorni topib, farzandimiz tug'ilishida bevosita yordam ko'rsatishi uchun qo'liga oldindan ataganimni berishim kerak ekan. Ammo unday qilmadim. Yaratganga shukr, farzandim tabiiy tug'ruq yo'li bilan sog'-salomat tug'ildi (onasiga alohida rahmat). Ammo shundan keyin ularni tug'ruqxonadan olib chiqquncha oldi-berdilar avjiga chiqayozdi.

Shu kuni dard bilan kelgan bir ayolni boshqa tumandan ekansiz deb qaytarib yuborishdi. Ming bir tashvishda kelgan qaynona va kelin noiloj iziga qaytdi. Bu hodisadan o'zimga kelib ulgumasimdanoq, meni avval muassasa qorovuli bitta so'roq va bir undov gap bilan qarshi oldi:

– O'g'ilmi, qizmi?
– Behisob shukr, qiz.
– Mening to'ng'ich farzandim ham qiz, qani suyunchini cho'z!

Gapidan hayron bo'lib, yuziga qarab tursam, «Hali binoga kirib-chiqish uchun bizga (biz deganda, eshikbon va xavfsizlik nozirini ham nazarda tutib) ko'p ishing tushadi», deb qo'shib qo'ydi.

Keyingi manzil – ro'yxatxona. Men ayolimdan xabar olgani kelganimda so'zlarimni eshitmaganlikka olib, pinagini buzmay o'tirgan juvon naq uch hamshira bilan meni iliq kutib olib, tabriklay ketdi. Yonidagilar unga qo'shilib duolarini yog'dirishar edi:

– Ilohim, qizingiz bizga o'xshab qo'li engil hamshira, shifokor bo'lsin! Suyunchisini olib keldingizmi? Ana, shifokor ham hozir yonimizga tushib, Sizni poylab o'tirgan edi.

Avval shifokor bilan gaplashib olay, dedim-da, meni ko'zlari to'rt bo'lib, intiqib kutib o'tirgan opaga yuzlandim. Undan turmush o'rtog'im va farzandimning ahvolini so'rasam, u menga tug'ruq jarayonida o'zining qiynalgani-yu, doya, ginekolog, yana uch tozalik bekasi va o'zini shunga yarasha rozi qilishim kerakligini uqtirdi. Kechasi uyqudan qolib, tozalab, yuvintirib qaragan tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirdim. Lekin o'sha payt cho'ntagimda pul yo'qligini aytsam, «Darrov olib keling. Mehnatimizga yarasha, ataganingizdan ikki hissa ko'proq berishni unutmang», deb qo'shib qo'ydi.

Xavotirim nimada edi?

Birgina xavotirim rafiqam va tug'ilajak farzandimning salomatligi edi. Nega xavotirlandim? Chunki ularning salomatligiga mas'ul bo'lgan o'sha kungi navbatchilikda turgan salomatlik posbonlariga pora bermadim. Bu kulgili tuyulishi mumkin. Lekin bu – achchiq haqiqat. Xavotirim asosli chiqdi ham.

Xotinim tabiiy tug'ruqdan keyin qiynalganini, ertalabki ko'rikdan so'ng kechgacha hech kim xabar olmaganini aytdi. So'ng hamxonasining turmush o'rtog'i chilla bo'limidagi shifokor bilan alohida gaplashib, cho'ntagiga pul solgani uchun unga munosabati o'zgarib, hamshiralar tez-tez xabar olayotganini qo'shimcha qildi. Men esa hayron edim. Axir dard bilan olishayotgan, ikki dunyo orasi bir qadam bo'lib turgan bechora ayol holiga mullajiringini bermagani uchun qanday qilib toshbag'ir, sovuqqonlarcha qarash mumkin? Suyunchi-yu minnatdorlikning chegarasi qaerda?

Navbatdagi masala yanada og'ir. Tug'ruqxonadan chiqayotganda, ona va bolaning kasallik tarixidan ko'chirma yozib berishadi. Tug'ilganlik guvohnomasini olish uchun ID-raqam berishadi. Bu raqamni olish uchun bolaning otasi DNK-tekshiruvi uchun qon tahlilini topshiradi. Xohlasangiz, tibbiy perchatka va baxilla sotib olib qon topshirib, bir necha kun javobini kuting, istasangiz mullajiringni qistirib, masalani joyida hal eting. Ayniqsa, tug'ruqxonadan chiqayotganda rafiqamning yuklarini tashish, bolani ko'tarish uchun hamshiralarning suyunchi pul umidida elib-yugurib qolgani juda achinarli edi.

To'g'ri, poytaxtdagi barcha davlat shifoxona va poliklinikalarida korruptsion holatga duch kelsangiz, murojaat etish uchun Toshkent shahar sog'liqni saqlash boshqarmasi (+99871 2336571), tuman tibbiyot birlashmalarining ishonch telefoni raqamlari kirish yoki qabul nuqtasida devordagi bannerga yozib qo'yilgan. Ammo o'sha raqamlarni terib, qanchalik urinmang, na tumanga, na shahar boshqarmasiga bog'lana olasiz. Ishonmasangiz, yuqoridagi raqamlarga sim qoqib ko'ring. Modomiki u kontaktlar eskirgan yoki yangilangan bo'lsa, nega shu kecha-kunduzda bannerdagi telefon raqamlar o'zgartirilmagan? Savollar bisyor, ammo javob qaerda deysizmi? Javob nafs, ijrochilarning vijdonidan tashqari huquqiy savodxonligimizda.

Nizomda tartibi qanday?

Inson hayot-mamotidek juda nozik masala, ya'ni sog'liging ixtiyoriga ishonib topshirilgan mutaxassis(lar) bilan shunday holatga ro'baro kelishing ko'ngilni juda xira qiladi. Bu ayniqsa, homilador ayoling va tug'ilajak farzandingning taqdiri bilan bog'liq bo'lsa, dodingni kimga aytasan?! Albatta, qonunchilikka yuzlanamiz.

Sog'liqni saqlash vazirining 2012 yil 18 maydagi 137-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan nizomga asosan homilador ayollarni ro'yxatga qo'yish va tug'ruqqa qadar davriy tibbiy ko'riklarni o'tkazish mutlaqo bepul, davlat hisobidan amalga oshiriladi. Homilador ayollarni oilaviy poliklinika (yoki qishloq vrachlik punkti)da ro'yxatga qo'yish uchun haq undirilmaydi. Shunga qaramay, ushbu jarayon joylarda doim ham shaffof va adolatli kechmayotgani, ayollar tug'ruqxona xizmatlaridan foydalanishda qonun buzilish holatlariga duchor bo'layotgani yuqoridagi hayotiy misoldan ma'lum.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali rasmiy sahifasida «Tug'ruqxona xizmatlaridan foydalanish tartibi qanday?» degan savolga shunday javob yozilgan: Siz o'zingiz xohlagan tibbiyot muassasasida tibbiy yordam olish, shu jumladan, farzandingizni dunyoga keltirishingiz mumkin. Buning uchun doimiy va vaqtincha ro'yxatdan o'tgan joyingiz bo'yicha tug'ruqxonagagina murojaat qilish shart emas. Tug'ruqxona xizmatlari bepul bo'lib, barcha xarajatlar davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi. Ayrim dori vositalari va tibbiyot muassasasi tomonidan ko'rsatilgan qo'shimcha xizmatlar uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan miqdorlarda haq undirilishi mumkin.

Tug'ruqxonaga murojaat qilishdan avval homiladorlik bo'yicha o'zingiz ro'yxatdan o'tgan tibbiyot muassasasidan almashuv varaqasi (obmennыy list)ni olishingiz lozim.

Me'yoriy-huquqiy hujjatlarda tug'ruqxona xizmatlaridan foydalanish tartibi aniq aks ettirilgan bo'lsa-da, jamiyatda korruptsion sxema avj olgan bu illatga qarshi kurashmay turib, qonuniy normalarning hayotimizga yaqqol tatbiq etilishiga erishish qiyin. Aks holda ona farzandini dunyoga keltirish uchun “qistir-qistir” qilishga majbur bo'laveradi.

Xulosa shuki, tug'ruqxonalarda mo''tabar ayollarning onalik quvonchini pulga baholab, foydalanishiga yo'l qo'ymaylik. Qonuniy huquqlarimizni bilib, talab qilib, muammolar zanjirini uzishga, huquqiy savodxon bo'lishga intilaylik!

Dilshod RO'ZIQULOV,
jurnalist

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img