Rahmat sizga, oyi...

17.03.2022 07:30
eye icon3324
Rahmat sizga, oyi...

To'ladan kelgan bir ayol yo'lak bo'ylab ichiga hamma narsa sig'adigan katta sumkasi bilan ketib borardi. Chindan ham, sumkaning ichida yo'q narsaning o'zi yo'q edi, albatta bolg'acha va mixdan boshqa. Sumkaning bog'ichi uzunligidan ayol uni elkasi osha orqasiga tashlab olgancha ko'cha bo'ylab yolg'iz ketardi. Soat tunggi 11 lar edi, bir payt uning yoniga shuv etib bir bola keldi va ayolning sumkasini elkasidan sug'urib oldi. Ayol o'ziga kelmay turib, bog'ichi bitta tugmacha bilan qadalgan sumka shart uzilib, bolaning qo'lidan tushib ketdi. Sumkaning og'irligidan muvozanatini yo'qotgan bola, qo'lidagi bilan birga erga qattiq tushdi va oyog'i jarohatlandi. Ayol esa bamaylixotir bolaning elkasidan tortdi va jahl bilan turg'azdi.
– Qani, mening xamyonimni joyiga qo'yginchi, – dedi uni qo'yib yubormay. – Xo'sh, qilgan ishingdan afsuslanyapsanmi endi?

Qo'ylagidan mahkam qisilgan bola javob berdi:
– Ha...
– Bunday qilib nimaga erishmoqchiyding?
– Hech nimaga.
– Aldayapsan.

Bu paytda bir-ikki yo'lovchilar ularga hayron bo'lib qaragancha o'tib ketardi. Ba'zilari esa shu erda turib ularni kuzatishga kirishishdi.

– Hozir seni qo'yib yuborsam, qochasan, shundaymi?
– Ha, –
dedi bola.
– Shuning uchun qo'yib yubormayman ham.

Ayol uni mahkam ushlashga davom etdi.
– Men juda afsusdaman, xonim. Meni kechiring... – pichirladi bola.
– A-ha, yuzing ham juda kir bo'lib ketibdi. Yaxshisi, yuzingni yuvib qo'yishim kerak. Uyingda birortasi yuzingni yuv, deb aytmaydimi?
– Yo'q...
– Unda bu kech yuvilar ekan-da, –
dedi ayol va cho'chigan bolani elkasidan ushlagancha ko'cha bo'ylab keta boshladi.

Bola 14-15 yoshlarda edi. U juda zaif va yovvoyi, tennis oyoq kiyimi va ko'k jinsi kiygan edi.
– O'g'lim tengi ekansan. Senga nima yaxshiyu, nima yomonligini o'rgatishim kerak. Avvalo tarbiyani yuzingni yuvishdan boshlaymiz. Qorning ochdir?
– Yo'q, to'qman, meni qo'yib yuborsangiz bo'ldi.
– Seni anavi erda ketayotib bezovta qilganmidim?
– Yo'q.
– Sen o'zing meni bezovta qilding, o'zing boshlading, to'g'rimi? Meni eslab yurasan, ya'ni missis Luella Betes Vashington Jonesni.

Ayol uyiga etib kelgach, bolani ichkariga kiritdi. Kiraverish kichikkina emakxona edi, ayol chiroqni yoqdi va eshikni ochiq qoldirdi. Bola qo'shnilarning uyidan eshitilayotgan ovozlar, kulgularni bemalol tinglay olardi. Ularning ba'zilarining eshigi ularniki kabi ochiq edi, demak ular ayol yolg'iz emasligini ham bilishdi. Ayol haligacha bolaning elkasidan ushlab olgancha xona o'rtasida turardi.   
– Isming nima, bolakay?
– Rojer.
– Demak, Rojer, hozir yuvinish xonasiga borib, yuzingni yaxshilab yuvib kelgin.

Nihoyat, ayol bolani asta qarmog'idan bo'shatdi. Rojer bir ochiq eshik tomonga, bir yuvinish xonasi tomonga qaradi. Keyin beixtiyor yuvinish uchun yo'l oldi. 

– Suv isiguncha biroz kutib tur, – tayinladi ayol. – U erda sochiq ham bor.
– Meni qamoqxonaga topshirasizmi? –
so'radi bola yuvinish xonasidan turib.
– Yuvinmasingdan turib seni hech qaerga olib chiqolmayman, – dedi ayol. – Men bu erda eyishga biror taom tayyorlash niyatida yuribmanu, sen esa hamyonimni olmoqchi bo'lding-a? Sen uyinggga kechki ovqatga kechikmaysanmi?
– Uyimda hechkimim yo'q.
– Unda birga ovqatlanar ekanmiz-da, bilaman, qorning och qolgan. Axir shuncha mehnat qilib, ochqomay bo'ladimi?
– Men faqat zamsh tufli olmoqchi edim...
– Sen buni hamyonimdan o'g'irlab emas, o'zimdan so'rab ham olishing mumkin edi. –
dedi Luella xonim. – Ha, o'zimdan...
– Oyi? –
yuzidagi suv tomchilari bilan unga tikilib turgan bola bu so'zni beixtiyor aytib yubordi. Ular jim qoldilar... Uzoq jim qoldilar.  Nihoyat, bolaning yuzi quridi, u nima qilishini bilmay, sochiqni olib yuzini yana artdi. Eshik hamon ochiq. Bola hozir shunday borsa, tamom, qochaveradi, qochaveradi...

Ayol kursida o'tirar edi. U birinchi bo'lib gap boshladi:
– Yoshligimda qo'lim etmaydigan narsalar meniki bo'lishini juda xohlardim.

Bola qoshlarini kerib ayolga qaradi.
– Ha, shunday bo'lgandi. Senga hechkimning hamyonini o'g'irlamaganman, deb aldashni xohlamayman. Buni senga aytmoqchi emasdim. Shunday ishlar qilganman, buni faqat Xudo biladi, o'g'lim. Xo'sh, ana endi chiroyli bolaga aylanibsan. 

Xonaning narigi chetida gaz plita va muzxona bor edi. Ayol o'rnidan turib o'sha tomonga ketdi. Ortiga qaramadi: ayol kursiga hamyonini atay tashlab ketgan edi. Bola uni hoziroq olib eshikdan qochib ketishi mumkin. Lekin ayol ortiga qarashni istamasdi. Bola buni sezdi va ayol uni ko'ra olishi mumkin bo'lgan joyga borib turdi. U ishonchsizlik qilishni istamadi.

– Do'kondan biror narsa olib kelishingiz kerak emasmi? – so'radi bola. – Sut yoki biror egulik... olib kelib berardim.
– Menimcha, yo'q. Sut ichging kelyaptimi? Menda quritilgan sut bor, undan kakaoli ichimlik tayyorlab beraman.
– Yaxshi bo'lar edi.

Ayol muzlatgichdan lima loviyalari va son go'shti oldi. Kakao tayyorladi va hammasini stolga qo'ydi. Ayol boladan qaerda yashashi, o'tmishi, umuman qiziqtirgan narsalari haqida so'ramadi. Ovqatdan so'ng ayol o'z kasbi – mehmonxonaning go'zallik do'konida ishlashini va ishi doim kech tugashini, lekin o'z kasbini juda sevishini aytib berdi. Keyin bu erga keluvchi har xil mijozlar – malla, qizil sochli ispan ayollari haqida gapirdi. U bolaga  shirinlik uzatdi.   
– Yana biroz eb ol.

Dasturxon atrofidan turishgach, ayol bolaning qo'liga o'n dollar tutqazdi.
– Bunga zamsh oyoq kiyim sotib olgin. Lekin keyingi safar xato qilma – meni yoki menga o'xshagan birortasini cho'ntagiga qo'lingni suqma. Oyoq kiyim orzusi oyoqlaringni yomon yo'lga boshlamasin. Men biroz dam olay. Senga o'zingni shu erdan topib ketishingni tilayman, o'g'lim.

Ayol uni tashqariga kuzatib qo'ydi va eshikni yopdi.
Bola unga nimadir degisi keldi, lekin aytolmadi. “Rahmat sizga, oyi”, pichirladi u. Ayolning uyga kirib ketishini kuzatib qoldi. Shundan so'ng ular boshqa uchrashmadilar.

Lengston Xyujes
Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi
.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img