Dunyoda chaqaloqlar etarli darajada ona suti bilan parvarishlanmayapti. Nega?

15.03.2022 13:23
eye icon2099
Dunyoda chaqaloqlar etarli darajada ona suti bilan parvarishlanmayapti. Nega?

Ona suti — chaqaloq uchun mukammal ozuqa. Tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh mikroelementlar mavjud. Qolaversa, immunoglobulinga boy. Chaqaloqni turli infektsiyalardan himoyalaydi, immunitetni mustahkamlaydi. Ammo mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, keyingi yillarda go'daklarni ona suti bilan parvarishlash ko'rsatkichlari tobora pasayib bormoqda.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga tayanilsa, hozir dunyo bo'yicha olti oygacha bo'lgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. So'nggi yigirma yil ichida ko'krak suti o'rnini bosuvchi sun'iy mahsulotlarni sotish ko'lami esa taxminan ikki baravar ko'paygan.

Xo'sh, buning sababi nimada?

Asosiy muammo dunyoda chaqaloqlar uchun mo'ljallangan sun'iy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zo'r berilayotganida, deydi ekspertlar. Masalan, “farzandingiz uchun bundan mukammalroq tarkibdagi ozuqani topa olmaysiz” mazmunidagi e'lonlar tufayli bir guruh ota-onalar bolasini ko'krak suti bilan emizishdan voz kechmoqda.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va YuNICEF hamkorligida tayyorlagan qo'shma hisobotda dunyoning sakkiz mamlakatida yashovchi 8500 nafar homilador hamda emizikli ayol va 300 nafar tibbiyot xodimi o'rtasida o'tkazilgan o'rganishlar natijalari e'lon qilindi.

Unga ko'ra, bunday sun'iy ozuqalarni ishlab chiqaruvchilar o'z tijoriy manfaatlarini ko'zlab OAV va ijtimoiy tarmoqlarga jozibador reklamalar berish bilan cheklanib qolayotgani yo'q. Balki shifokorlarni ham moddiy manfaatdorlik yo'lida manipulyatsiya qilishyapti.

Misol uchun, so'rovda qatnashganlarning uchdan bir qismi ona suti o'rnini bosuvchi mahsulotlar tibbiyot mutaxassislari tomonidan tavsiya etilganini ma'lum qilishdi. 

“Chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash bolaning sog'lom va durkun o'sishini ta'minlabgina qolmay, uning kelgusida turli kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi”, — deyiladi qo'shma hisobotda.

Shu bois JSST bolalarni olti oylik bo'lguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga to'lgunicha esa emizishni to'xtatmagan holda qo'shimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi.

Eslatib o'tamiz: 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlash hamda go'daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ona suti o'rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img