Osmonda suzib yurgan bulutlarni shamol xuddi suvda o’ynoqlab suzib yurgan baliqlardek goh u tomon, goh bu tomonga surardi. Bulutlar ba’zan oftob yuzini to’sib qo’yar, ularning soyasi Sarimask tog’iga tushib turardi. Sarimask tog’i ancha katta, ulkan qoyalar esa uni yanada haybatli qilib ko’rsatardi. Tog’ning bulut soyasi tushib turgan joyi qoraroq, quyosh nuri tushib turgan joyi esa ancha yorug’ va tiniqroq ko’rinardi. Bu ajib manzara go’yo hayotning shodlik va g’amgin, yaxshi va yomon kunlari mana shu tog’dagi soyali va soyasiz qoyalar kabi yonma-yon deyotgandek edi. Bu tog’da archa, pista, zarang kabi daraxtlar ancha ko’p. Ana shunday archalardan birining tagida dam olib yotgan o’rta bo’yli, qora siyrak sochli, qoshlari ham uncha qalin bo’lmagan, sersoqol, bug’doyrang Zamir ko’zlarini ko’kka tikkancha yotardi. Zamir tabiatan kamgap, lekin serharakat, jismonan baquvvat yigit edi. U ov qilishni juda yaxshi ko’rardi. Unga ov qilish sirlarini bolaligida bobosi Choriboy cho’pon o’rgatgan edi. Zamir bobosi bilan ovga kelar, bobosi otgan kaklik, hilol, quyonlarni bobosiga olib kelardi. Choriboy cho’pon Zamirdagi ovga bo’lgan qiziqishni ko’rib, unga ov sir-asrorlarini o’rgata boshlaydi. Avval miltiqni to’g’ri ushlash, o’ljani nishonga olish, otayotganda tana muvozanatini saqlash, nishonni aniq olish va hayvonlar xarakterini, ya’ni ular qachon chiqadi, qay vaqt ovlash kerakligini o’rgatadi. Zamir ovga qiziqishi ancha yuqori bo’lganligi sababli bularning barchasini juda tez o’rganadi. U hattoki uchib ketayotgan qushlarni ham nishonga juda aniq olar edi. Xozir ham u ovga kelgan, biroq hali ovi baroridan kelgani yo’q. Sahardan beri tik oyoqda u qoyadan bu qoyaga yurib ancha charchagani uchun shu erda dam olib yotardi. Sal narida turgan oyoqlari oq, beli qora, peshonasidan burnigacha oq chiziq tushgan, kattagina Tarzan iti turibdi. Zamir Tarzanni juda yaxshi ko’rar, uni har doim o’zi bilan ovga olib kelardi. Zamir Tarzanga ko’p narsalarni o’rgatgan edi. U sekin bildirmay o’lja tomon qadam tashlab, otilgan hayvonni oyoq tomonidan og’ziga solib egasiga keltirar edi. Zamir Tarzanga qarab “Bugun uyga quruq boramizmi deyman?” deganda Tarzan ham uning gapini tasdiqlaganday unga qarab qo’yadi. Zamir o’rnidan turdida narsalarini qopiga soldi va qopini chap elkasiga, erda yotgan orqasi yapaloq ikki stvolli qo’shovoz miltig’ini o’ng elkasiga osdida, Tarzan bilan birga Zog’cha qoya tomon yurdi. “Uyga quruq bormay, ey Xudo o’zing ovimni baroridan keltir” deb pichirlab ketardi. Zog’cha qoya ancha katta. Qoyaning old qismi zog’ning tumshug’iga o’xshab chiqib turganligi uchun bu qoyani ko’pchilik shunday atashadi. Zamir yurib borarkan birdan to’xtadi. Nariroqda turgan butaning shoxi qimirlayotganini ko’rdida biroz kutdi. Butaning ostidan sarg’ish rangli, qorni oq quyon ko’rindi. Zamir “O’zingga shukur egam” deb o’zicha sevinib qo’ydi. Yelkasidagi qopni sekin erga qo’yib, miltiqni o’qladi. Quyonni nishonga olib, qaeridan otsam ekan deb o’yladi. Yaxshilab qarasa u erda ikkita quyon bor ekan. Miltiqda ham ikkita o’q bor. Zamir nishonga oldi va quyonlarning beliga qarata o’q uzdi. Ikkala quyon ham yiqildi. Zamir Tarzanga qaradi, it uni tushundiyu borib quyonlarni olib keldi. “Ohho, ancha katta ekan” – dedi va birining terisini shilib Tarzanning haqqini kesib berdi. Ovchilarda shunday odat bor, itning haqqi birdan berilishi kerak. Bu ovchi va it o’rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Endi uyga boramiz deb quyonlarni qopiga soldida, o’rnidan turib yo’lga tushdi. Zamir uyiga keldi va erto’laga kirib miltiqni joyiga qo’ydi. “Rayhona” – deb chaqirdi. Ichkaridan dumaloq yuzli, qoshlari qalin, boshiga ro’mol o’rab olgan singlisi “Labbay aka” – dedi. “Quyonlarni tozala” - dediyu uyiga kirdi. Yonboshlab yotgan otasi va nimadir tikib o’tirgan onasini ko’rib, ularga salom berdi. “Oving qanday bo’ldi” – deb so’radi otasi Bahrom aka. “Xudoga shukur quruq kelmadim” – dedi Zamir. “Qani o’g’lim dasturxonga qara” – dedi onasi Sokina opa. “Xozir ovqat olib kelaman” – deb onasi o’rnidan turdi va ovqat olib keldi. “Aya hozir oshxonadan oqsoqlanib keldingizmi?” – so’radi Zamir. Sokina opa jim qoldi va “Nahot o’g’lim ko’rgan bo’lsa. Yo otasi aytdimikan. Yo’q, otasi aytmaydi” deb otasiga aytmasligini uqtirganligini o’ylab qo’ydi. “boya urib olgandim, shunga” dedi. “Aldab nima qilasan, rostini ayt” – dedi boshini ko’tarib Bahrom aka. “O’g’lim, onangni oyog’i og’riyapdi. Boshida biz ham o’tib ketar deb o’ylagandik, lekin o’tib ketmado. Bugun uyga Ramazon doktor kelgandi, onangni oyog’ini ko’rdi, tezroq davolash kerakligini aytdi. Bir-ikkita dori yozib berdi” dedi. Zamir onasiga qaradida “Nimaga yashirasiz aya” - dedi. Sokina opa indamadi. Nimadir esiga tushganday Bahrom aka joyidan qo’zg’aldi. “O’g’lim, bobong rahmatli aytgandi, jayra yog’i oyoqdagi shamollashni oladi deb. Sen bitta jayra ushlashing kerak” – dedi. “Xop, ertaga izini izlab ko’raman, lekin anchadan beri hali jayrani ko’rganim yo’q. Xavo ham kun sayin sovib boryapdi, endi chiqadi. Oyi, siz hozircha doktor buyurgan dorilarni ichib turing. Men xudo xohlasa sizga jayra yog’ini olib kelaman. Qani ota” – qo’lini duoga ochdi. Bahrom aka dasturxonga duo o’qib bo’lgach, Zamir o’rnidan turib dam olish uchun xonasiga chiqib ketdi. Rayhona quyonlarni tozalab bo’lgach, kelib dasturxonni yig’ishtirdi. Zamir xonasiga kirib joyiga yotdi. Negadir uyqusi kelmadi, ikki qo’lini boshining orqasiga qo’yib, shiftga qarab allanimalarnidir o’ylardi. Onamning oyoqlari dardiga jayra yog’i davo bo’sa, hozir jayra yo’q. Uning ustiga ancha kamaygan ham. Qaerda bo’lsa bu jayra? Xali hech bir ovchi jayrani ko’rdim demadi. Agar bo’lganida cho’ponlar yoki ovchilar aytardi. Demak jayra yo’q, lekin onamchi, u kishi shunday qiynalib yurishiga qarab turamanmi? Yo’q bunaqasi ketmaydi, qaerdan bo’lsa ham topaman kabi o’ylar Zamirni tinch qo’ymasdi. “Ey Xudo, o’zing menga oson qil, axir sen hamma narsaga qodirsan” – deb uyquga ketdi. Ertasi kuni havo bulutli, tog’larga tuman tushgan, bir-ikkita qor ham tushayotgan edi. Zamir nonushta qilib bo’lgach, hovliga chiqdi. Tuman quyuqlashib kelayotgan edi. Bu erlarga qish ancha erta kelar, qor er betida ko’p vaqt turar edi. Bahor aprel oyining o’rtalaridan boshlanar edi. Zamir o’ylangancha sekin yura boshladi va o’ziga-o’zi gapirdi: “Bunday tuman havoda ov qilishni deyarli iloji yo’q, hozir borsam bekorga hech narsa urolmay ovvora bo’lib qaytib kelaman” dediyu, bormaslikka qaror qildi. Zamir erto’laga kirib miltiqni ko’zdan kechirdi, bayokni tortib ko’rdi, ancha qotib qolgan ekan. U seyfdan miltiq yog’ini oldi va miltiq bayokiga, tepkisiga surdi. Birozdan keyin miltiq bayoki yumshab qoldi. Bobosidan qolgan bu miltiq Zamirga boshqalariga qaraganda ancha qadrli edi. Uning tez ochilib yopilishi ancha qulay edi. Miltiq qancha yaxshi bo’lsa, ovchining ov qilishi shuncha oson bo’ladi. Zamir miltiqni joyiga qo’ydiyu, seyfning pastida turgan og’zi bog’langan, kichkina qora qopni oldi va og’zini ochdi. Uning ichida bitta kattaroq qutida gilzalar, gugrt qutisi va yana bitta qopcha bore di. U katta quttini ochdi. Ichida porx, gugurt qutisi ichida tilla qizg’ish rangli pistonlar, qopcha ichida esa sojma bor edi. Zamir ulardan o’q tayyorladi. Quttilarning hammasini qopga solib, joyiga qo’ydi. Zamir erto’ladan chiqib uyga kirdi. Ichkari uydan onasining ingrayotganini eshitib qoldi. Onasini bu dard juda qiynayotganligini his qildi. “Qattiq og’riyapdimi aya?” – dedi Rayhona. “Yo’q qizim, o’tib ketadi, e’tibor berma” – dedi Sokina opa. Zamirning avzoyi o’zgara boshladi. Onasining ingrashi unga qattiq ta’sir qildi shekilli, o’rnidan sapchib turdi. Onasining qiynalib yotishiga chidab tura olmadi. Xovliga chiqib to’g’ri erto’laga kirib kiyina boshladi. Xamma narsalarini olib hovliga chiqdi va Tarzanni chaqirib tog’ tomon yo’l oldi. Atrof quyuq tuman, hammayoq oppoq qor, 3-4 metrdan naryog’i ko’rinmaydi. Zamir yo’lda ketarkan, birdan o’ylab qoldi. Bunday havoda qanday ov qilishni o’ylar edi. Nima qilsam ekan deb o’yladi. “ Uyga qaytsammikan, havo ochilsa keyin chiqaman” – dediyu ortiga burildi. Shu payt onasining ingrashi ko’z oldiga keldiyu, bir zum to’xtab qoldi. “Yo’q, baribir chiqaman” dediyu, yo’lida davom etdi. Biroz vaqt o’tgach osmonda ko’zmunchoq donasiday bo’lib quyosh ko’rindi. Tuman ham ohista ketayotgan karvondek to’p-to’p bo’lib, shimol tomonga suzib borardi. Tog’lar endi tiniq ko’rina boshladi. Zamir Zog’cha qoyadan o’tib, atrofi tikon bilan o’ralgan, bir kishi o’tirishiga mo’ljallangan shinakka bordi. Yelkasidan narsalarini tushurib, atrofga nazar soldi. Xamma joy aniq ko’rinib turibdi. Xavo ham ancha ochilgan edi. “O’zingga shukur yo Rabbim. Sen bandalaringga mehribonsan” – deb sevinib qo’ydi. Shu payt sal naridan bir suruv kaklik o’tdi. “Oho, bugun ovimiz yaxshi bo’ladimi” – deb Tarzanga qaradi. Pastdan ikki kishi kelayotgan edi. Ular to’g’ri Zamir tomonga keldi. “Aha, siz shu erdaku” – dedi uzun bo’yli Dilmurod. “A Zamir bu erni bo’risiku” – dedi kulib Alisher. “ Xa bu tog’larda yakka bo’rilarga joy yo’qligini yaxshi bilasizku Alisher aka” – dedi kulimsirab Zamir. “To'g'ri aytasan shuning uchun ham biz yoninga keldikda” dedi Alisher. “Xop ov qilamizmi bugun yo kulishamizmi?” – dedi Dilmurod. “Xa bo'pti ov qilamiz, ozgina hazillashdikda, to'g'rimi? deb Zamirga qaradi Alisher. “Boya bir suruk tashladi”. “Yo’g'e” - dedi birdan o'rnidan turib Alisher. “Xa” dedi Zamir. “Bo'lmasa vaqtni bekor ketkazmaylik qani ketdik” dedi Dilmurod. Shundan so'ng uchovlari uch tomonga ayrilishdi. Atrof jim-jit. Ba’zan kaklik sayrashi eshitiladi. Zamir archa yonidagi ko'lmak qarshisidagi zarang yoniga borib joylashdi. Bu ko'lmakchani ovchilarni o'zlari hosil qilishgan. Maqsad kakliklarni tiriklayin tutish bo'lgan. Oradan biroz vaqt o'tgach kakliklar kela boshladi. Tanasi toshni rangiga o'xshash. Qanotini tagi oq-qora chiziqli, qizil tumshuqli kakliklar avval suv ichishdi, keyin suv bo'yida o'ynay boshladi. Bularni kuzatib turgan Zamir sekin miltiqni olib uni o'qlamoqchi bo'lib qoliga oldi. Bir ko'lmakka qarab oldi. U erda o'ndan ziyod kaklikni ko’rib, mo'ljalga oldi. porxi va sojmasi ko'proq bo'lgan o'qni miltiqqa joyladi. Zamir ularni nishonga olib kuzatib turdi, otish uchun qulay fursatni kutdi. Nihoyat o'sha fursat keldi, kakliklar bir joyga to'planishdi. Bu ovchi uchun eng qulay fursatdir. Buni yaxshi bilgan Zamir darhol o'q uzdi. O'q borib kakliklarni har tarafga sochib yubordi. Zamir ko'lmak tomon borib kakliklarni yig'di va sanab ko’rsa oltita kaklik. Sal naridan o'q ovozi eshtildi. Zamir birdan miltiqni o'qlab o'sha tomonga qaradi. Qarasa kakliklar uchib ketayabdi, u nishonga oldi. Xar tomonga uchayotgan kakliklardan ikkitasi Zamir tomon uchdi. Ular bir-biriga yaqin holda uchardi. Zamir ketma-ket ikkita o'q otib, ikkovini ham urib tushurdi. Buni ko'rib turgan Alisher va Dilmurod hayratdan qotib qoldi. Shunda Zamir ularga qarab “Ustozlaring bo'lamanku” deb kulib qo'ydi. Shunda Alisher:
deb elkasidan urib qo'ydi.
deb o'tirdi Alisher. Unga qo'shilib Dilmurod ham o'tirdida
Ularni kuzatgach, Zamir kakliklarni olib Zindon g'ori tomon yo'l oldi. Bu erga kelishdan maqsad, jayra bor yo'qligini bilish edi. Bu g'orning ichi nihoyatda qorong'u bo'lib, undagi yo'l ancha ichkarigacha cho'zilgan. Aytishlaricha, bu g'or qadimda podshohlarning maxbuslar saqlanadigan Zindoni bo'lgan emish. Shuning uchun bu g'orning nomi Zindon g'or deyiladi. Zamir g'orga kelib uni ko'zdan kechirib chiqdi, biroq hech narsa yo'q edi. Zamir g'ordan sal narida turgan zarangdan bir ikkita cho'p sindirib, uni g'orning og'ziga to'siq sifatida o'rnatdi va sekin o'rnidan turib, osmonga qarab, “Ey butun borliqni yaratgan buyuk karam egasi, onamning holini ko'rib turibsan, sendan yolvoraman onamning dardiga shifo ber, bu sen uchun juda osonku, iltimos yo robbim” deb pichirlardi. Zamir u erdan uyiga qarab yurdi, lekin xayoli boyagi nolasi bilan band edi. Xar zamonda ortiga qarab qo'yardi. Bu qarashda umid nigohi juda kuchli edi.
Ertasi kuni Zamir yana shu g'orga keldi. Qarasa to'siq yiqilib yotibdi. Zamirning ko'ngli bir ko'tarilganday bo'ldi, biroq “Shoshma” dedi o'ziga-o'zi. “Balki shamol yiqitgandir” dedi va to'siqni boshqatdan o'rnatdiyu uyiga ketdi. Shu kecha qor yog'di. Zamir ertalab barvaqt turib hovliga chiqib qarasa, hammayoq oppoq qor. Yer oq bo'lsada lekin qor ko'p yog'magandi. Aksiga olib havo ochilib quyosh chiqdi. Tarnovlardan ipga tizilgan tasbeh donasidek bitta-bittalab suv toma boshladi. Zamir qor erimasidan g'orga borishim kerak deb shoshilib kiyindi. Chunki qor yuzidagi oyoq izlari orqali ko'p narsani aniqlasa bo'ladi. Shu maqsadda g'or tomon yo'l oldi. Yo'lda ketarkan erdagi har bir izni diqqat bilan ko'rib borardi. Bo'ri, tulki, sug'ur kabilarning izini ko'rdi. Zamir yana umidsizlana boshladi. Shu payt sal naridagi qoya ustida sayragan kaklik uning xayolini buzib yubordi. Zamir miltiqsiz kelgani uchun kaklikka unchalik etibor bermadi. Zamir yana yo'lida davom etdi, hali g'orga etmagan edi. Xamon erga qarab borardi. Bu yog'iga izlar ham kamaya boshladi. “Endi tamom” - dedi. Zamir atrofga yana sinchiklab boqdi. Sal naridagi bir ikkita izni ko'rib qoldi. “Shuniyam ko'ray” deb izga yaqinlashdi, qarasa jayra izi ekan. “O'zinga shukr” deb sevindi. Jayraning old oyoq izlari quyonning oyoq iziga, orqa oyoq izlari esa yangi tug'ulgan chaqaloqning oyoq izlariga o'xshab ketadi. Zamir shundan bilib iz borgan yo'ldan bordi. Yo'l to'g'ri Zindon g'orga olib bordi. G'or oldida bir ikkita jayra tikonlari ham bor edi. Zamir o'yladi: Demak kechagi g'or og'zidagi to'siq bekorga yiqilmagan ekan”. U o'zini erga tashladi. Osmon ko'm-ko'k, quyosh chiqqan, qorli tog'lar ba’zi joylarda qor erigan, ola bula bo'lib ko'rinib turardi. Zamir bu manzaraga biroz tikilib keyin o'rnidan turdi. Kechqurun sen bilan hisoblashamiz deb uyiga yo'l oldi.
Jayra - tashqi ko'rinishi kattaroq qo'zichoqqa o'xshaydi. Usti tikon bilan qoplangan, boshi kichkinaroq hayvon. Jayra asosan o't, o'simlik ildizi bilan oziqlanadi. Jayra odatda quyosh botganidan keyin tashqariga chiqadi. Kunduzi deyarli g'ordan tashqariga chiqmaydi. Jayra nihoyatda sezgir va ehtiyotkor hayvon. Agar tashqariga chiqmoqchi bo'lsa, avval atrofga diqqat bilan quloq solib, keyin chiqadi. Eng nozik joyi boshi hisoblanadi.
Zamir uyiga kelgach, kech tushishini sabrsizlik bilan kutdi. Bu vaqtga kelib onasi yurolmay yotib qolgan edi. Zamir onasi yotgan xonaga kirib o'tirdi. “Aya tuzukmisiz”? so'radi. “Xa xudoga shukr bolajonim” dedi Sokina aya. “Ozgina chidang hammasi o'tib ketadi” dedi Zamir. “Xudo xoxlasa bolam” dedi onasi.
Quyosh ufq tomon qizarib borardi. Zamir erto'ladan narsalarini ola boshladi. O'q-dorilarni olarkan, qo'liga bir dona gilzani olib, uning ichiga to'ldirilgan o'qqa qaradi. “Bu kecha sening ham mening ham xato qilishga haqqimiz yo'q, meni xato otishga, seni esa xato ketishga. Bu kechani men qanchalar kutganimni bilmaysanda” deb gilzani o'qdon sumkaga soldi. Atrof hali yoruq edi. Faqat quyosh botgan, osmonda bitta oy ko'rinardi. Zamir g'orga kelib o'ziga qulay joy izladi. G'orning ikki yoni tik zovlar bilan berkitilgan, g'orga etmasdan uning chap tomonida bir zarang bor edi. Zamir o'sha joyni tanladi. Xali jayra chiqmagan edi. Zamir g'or og'ziga qo'yilgan yog'och to'siq o'rniga temir to'siq qo'yib, uning ichidan o'tkazilgan ipning uchini Tarzanga berib, uni g'or ustidagi qoyaga chiqishni buyurdi. It o'sha joyga borib turdi. Zamir to'siqni yiqitib g'or og'zini ochib qo'ydi. O'zi esa g'ordan chamasi qirq metrlar naridagi boya tanlagan zarang oldiga bordi va yaxshilab joylashib oldi. Zarang uncha katta bo'lmagani uchun Zamir erga emaklab yotishga majbur bo'ldi. Zamir miltiqni to'g'rilab joylashtirdi va jayra chiqishini kuta boshladi.
Bir pasda atrofni qora tun egalladi. Xammayoq sokin, uzoqlarda itlarning akillashiyu, bo'rilarning uvullashi eshitilardi. Go'yo bularni jim kuzatayotganday oy ham erga ko'kdan boqib turardi. Yarmi erib erimagan qorning sovuq tafti Zamir ko'kragini muzlata boshladi. Lekin iloj qancha, chidash kerak. Ovning mana shunday o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Xaqiqiy ovchi bularga sabr qilmog'i darkor. Zamir g'ordan ko'zini uzmasdan tikilib turardi, lekin hali jayradan xabar yo'q. Oradan ancha vaqt o'tdi, hali ham hech narsa yo'q. “Shu erda bo'lishi kerak axir, oyoq izlari shu erga olib keldiku. Yo ketib qolidimikan” kabi o'ylar uni bezovta qila boshladi. Tepada iti ham Zamir kabi joyidan qimirlamay kuzatib turibdi. Nihoyat g'or ichidan shitirlagan tovush eshitildi. Zamir “Ey Xudo, ishqilib shu bo'lsinda” dedi. Jayra sekin g'ordan tashqariga chiqdi. Uni ko'rib Zamir engil nafas oldi. Jayra biroz yurib to'xtadi va atrofga quloq soldi, har tomonga boqdi. Xech qanday xavf yo'qligiga ishonch hosil qilgach, keyin ozuqlanish uchun o'simlik ildizini kovlab eya boshladi. Bularni kuzatib turgan Zamir “Bir kun qo'limga tusharkansanku, seni qanchalar kutdim” deb qo'ydi pichirlab. U miltiqni to'girlab, asta o'qlab oldi. “Qani Zamir, g'ayrat qilchi” deb jayrani nishonga oldi. Ko'rsatkich barmog'ini tepkiga qo'yib, miltiq bayokini tortib qo'ydi. Endi faqat otish qoldi. Zamir jayrani kuzatarkan uning boshini erdan ko'tarishini kutardi. Chunki o'q otish uchun qulay fursat kerak. Zamir uchun eng qulay fursat jayra boshini erdan ko'targan vaqtidir. Shuning uchun u jayraning boshini nishonga oldi. Qarasa, jayra hech boshini ko'tarmayabdi. Shunda u bir cho'pchani sindirdi, qirsillagan ovoz jayrani etiborini tortdi va u darhol boshini ko'tarib atrofga quloq soldi. Bundan foydalangan Zamir jayra boshiga qarata o'q uzdi. Birinchi o’q xavfni sezib harakatga tushgan jayraning old chap oyog’iga tegdi. Jon talvasasida qochayotgan jayraga ikkinchi o'q uzildi, biroq harakatlanayotga jayraga o'q aniq tegmay, uni silab o'tdi. Jayra g'or tomon qocha boshladi. Shunda Zamir “Tarzan” deb baqirdi. Tarzan og'zida tishlab turgan ipni o'ziga qarab tortdi. Ip tortilishi natijasida erda yotgan temir to'siq tik bo'lib, g'or og'zini berkitib qo'ydi. “Mahkam tort, Tarzan” dedi. Zamir miltiqni qaytadan o'qlab jayraga qarata ketma-ket ikki marta o’q uzdi. Bir joyiga tekkan ikkita o'q jayrani yiqitdi. Zamir o'rnidan turib, jayra oldiga borib, joni chiqmasidan uning bo'g'ziga pichoq tortib, uni halolladi. Naryoqdan iti yugurib kelib, o'zini Zamirning quchog'iga otdi. Zamir ham uni quchib, “Biz uddaladik Tarzan, Xudoga shukr” dedi. Qoni oqib bo'lgach, Zamir uning terisini shildi, tikonlarini kesib alohida oldi. An’anaga muvofiq shu joyda Zamir itining haqqini berdi. Tarzan go'shtga og'iz solmadi. “Ol tarzan, bu sening haqqing” dedi Zamir. Lekin it go'shtga og'iz solmadi. Zamir hayron qoldi. Shunda Tarzan erda yotgan qopni o'ziga ajratilgan go'shtning oldiga sudrab bordi. Zamir buni tushundi va go'shtni qopga soldi. “Eh Tarzan sen ham bilasana. Onam kasalligini bilding, shuning uchun emadinga”? Tarzan go'yo ha deganday unga qarab turardi. Shunda Zamir tarzanni quchoqlab, “Seni yaxshi ko'raman, chunki sen do'stlik nimaligini bilasan. Rahmat senga” deb narsalarini qopiga solib, o'rnidan turdi. Boyagi kesilgan jayra tikonlarini yon cho'ntagiga solib, “Endi uyga ketdik” deb, uyi tomon yo'l oldi. Zamir yo'lda ketarkan jayra tikonini yo'lga to'kib borardi. Bu odat ovchilar odatidan bo'lib, shu yaqin atrofda jayra borligini bildirardi va ovchilarga o'ziga xos ishora ham berish edi. Zamir uyiga kelsa, hamma uxlab yotibdi. Chiroqlar o'chiq edi. U narsalarini joylashtirgach, jayra go'shtidan uning yog'ini ajratib olib, bir idishga soldi va uni pechkaga qo'yib yog'ni sal eritib oldi. Onasi yotgan xonaga qarab yurdi. Xona ichidan ingrash eshitilardi. Bu onasining oyoq dardidan ingrashi edi. “Demak ayam hali uxlamagan ekan” deb eshikni taqillatib kirishga izn so'radi.
Zamir kelib o'tirdi.
Zamir idish og'zini ochdi, qo'liga yog' olib onasining oyoqlariga surta boshladi. Zamir ich ichidan sevinib qo'yardi. Sokina opa Zamirning bu ishlarini ko'rib dardi ham unutilganday bo'ldi va o'g'liga qarab “Rahmat bolam, ilohim yaratgan seni doim panohida asrasin. Xozir meni ko'nglimni shod etding, Xudo seni ham dilingni shod qilsin. Xayotda hech qachon qoqilma. Men sendan roziman va senday o'g'lim borligidan faxrlanaman. Xudo ham sendan rozi bo'lsin” deb qo'llarini yuziga tortdi. Zamir ham omin deb qo'llarini yuziga tortdi.
Ramiz Shaymonov