Statistik ma'lumotlarga ko'ra, er yuzidagi har ikki bolaning biri uyquda tishini g'ichirlatadi. Mutaxassislar bunga sabab bo'ladigan bir nechta holatlarni keltirishadi.
Ko'pchilik uyquda tish g'ichirlatishni organizmda parazitlar mavjud ekani, uyqu vaqtida ularning faollashishi, buning natijasida tishlarning beixtiyor g'ichirlashi bilan izohlashadi. Shuni ta'kidlash lozimki, bu amalda o'z isbotini topmagan ma'lumot.
Bolalar odatda tishlarini ruhiy noqulaylik yoki irsiy omillar tufayli g'ichirlatishadi. Agar bolangiz tunda tishlarini g'ichirlata boshlasa, uning o'tkazgan kunini tahlil qilib ko'ring. Bolani stressga duchor qilgan biror voqea sodir bo'lganligi ehtimoli bo'lishi mumkin. Stress holati bolakayni to'laqonli hordiq chiqarishiga imkon bermaydi. Agar bunday holat bir necha kun davom etsa, uning uchun qulay sharoit yaratib berishga harakat qiling, unga salbiy ta'sir qiluvchi odamlar hamda tashqi omillardan uzoqroq tuting.
Tishlar g'ichirlashining irsiy omillariga to'xtaladigan bo'lsak, agar bola tishlarini g'ichirlata boshlasa, yaqin qarindoshlaringiz orasida ham shunday odatga ega odam bor-yo'qligi bilan qiziqing.
6-18 oylik bolalarning tishlari milklarni yorib chiqayotgan paytda ularda tish g'ichirlatish holati kuzatiladi. Ular milklardagi noqulaylik va og'riqni bartaraf qilish uchun jag' qismini qattiq siqib olishadi, natijada g'ichirlash yuzaga keladi. Bu holatning oldini olish uchun milklarni ohista uqalash, og'riq hamda qichishishni kamaytirishga harakat qilish kerak. Unga olma, sabzi kabi qattiq mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar berish tavsiya etiladi.
Tishlar g'ichirlashini davolash ayrimlar o'ylaganidek qiyin ish emas. Buning uchun eng avvalo bola ruhiyatiga salbiy ta'sir qilayotgan omillarni undan uzoqlashtirish kerak. Bolangiz uyquga yotishidan avval elkalarini uqalab qo'ying, ertak o'qib bering, u bilan dildan suhbatlashing. Bolaga bor ovozingiz bilan baqirmang, uni qo'rqitmang, urishmang, jazolamang.
Muammoni shifokor maslahatiga ko'ra bartaraf qilish yanada osonroq bo'ladi. G'ichirlash tishlarning noto'g'ri joylashuvi natijasida kelib chiqayotgan bo'lsa, tish shifokori tomonidan bolakay uchun silikon vosita tavsiya etiladi.