Uchquduqning darvozasi qaerda?

18.04.2023 18:39
eye icon3028
Uchquduqning darvozasi qaerda?

O'zbekiston Respublikasi Sog'likni saqlash vazirligi, Bola huquqlari bo'yicha vakili (bolalar ombudsmani), Navoiy viloyati va Uchquduq tumani hokimliklari hamda jamoatchilik faollari diqqatiga!

Sukutmi yoki harakatsizlik?

Xabaringiz bor, bir necha kundan buyon bolalarolami.uz sahifalarida joriy yilning 5 mart kuni Navoiy viloyati, Uchquduq tumanida yashovchi 7 yoshli Nurislom himoyalanmagan transformatordan jabr ko'rgani haqida materiallar e'lon qilinmoqda.

Olti ming volt kuchlanishli tok urgan Nurislomning qo'llari ushbu baxtsiz hodisa oqibatida yuqori darajada kuygan va shifokorlar ikkala qo'lini kesishga majbur bo'lgan. Tahririyat jamoasi voqea tafsilotlari bo'yicha jurnalistik surishtiruv o'tkazish uchun Uchquduq tumanida bo'ldi.

Dastlab Nurislomning yaqinlari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular quyidagilarni ma'lum qildi:

Nurislom o'rtoqlari bilan yaqinda foydalanishga topshirilganiga ko'p qavatli uy yonidagi bolalar maydonchasida o'ynab yurgan. Maydoncha yonginasida esa katta kuchlanishga ega transformator joylashgan. O'sha voqea sodir bo'lganda yonida bo'lgan bolalarning yaqinlariga aytishicha, Nurislom transformatorning eshigini ochib, ichiga berkinmoqchi bo'lgan. Hali hayot tashvishlari, yaxshiyu yomon, xavfli yoki xavfsizni tushunmagan bolani tok urgan.

Ota-onasi, yaqinlari birinchi operatsiya bilan bog'liq holatni yodga olishar ekan, Nurislomning jismoniy va ruhiy azoblarini tilga olishdi. Bu jarayonda otasi Akmal Kobilov ishlaydigan jamoa xodimlari, faollar har tomonlama yordam ko'rsatishgan. Ammo, aytishlaricha, oradan qirq kundan ortiq vaqt o'tgan bo'lsada, tegishli mutasaddilar, hokimiyat, hudud sektori vakillari, hatto mahalla xodimlari ham bir marotaba bo'lsin “eshik qoqishmagan”. Bu sukutni qanday tushunish mumkin? Xizmat vazifasi o'z yo'liga, insoniylikchi?

Yaqindagi “uzoq” mahalla

Nurislom istiqomat qiladigan xonadon va “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig'ini binosi orasidagi masofa yuz metrlar chamasi. Mahalla raisidan tortib xodimlarigacha o'z hududidagi fuqarolarning hayot tarzi, ularning muammolaridan doimiy xabardor bo'lishi kerakmasmi? Bu ularning xizmat vazifasi. Holatga oydinlik kiritish, savollarimizga javob olish maqsadida mahalla idorasiga yo'l oldik.

Mahalla raisi Komil Turdiev holat bo'yicha quyidagicha fikrini bildirdi: “Bilishmizcha, transformatorning eshigini qulfi yopilmagan bo'lgan. Bolalar berkinmachoq o'ynab, ichiga kirib yashiringan. Yakshanba kuni edi, biz ko'z bilan ko'rmay nimadir deyishimiz qiyin. Bu voqea hech kimni boshiga tushmasin. Ota-onasiga sabr tilaymiz”.

Komil Turdievga o'tgan vaqt ichida Nurislomning salomatligini bilish uchun yaqinlari bilan hali biror marotaba bo'lsin suhbatda bo'lmaganligini so'raganimizda, ularning 2-3 kun oldin shifoxonadan qaytishganini aytdi. Aslida Buxoro viloyatida jarrohlik amaliyotini o'tkazib qaytishganiga o'n kundan oshgan. “Qizlarimiz borishdi” deya iddao qilgan mahalla raisining aynan qay xodimi ekanligini so'raganimizda hech qanday javob ololmadik. Agarda shu erda ishlaydigan kimdir borganida Nurislomning yaqinlari yoki raisning o'zi ochiqlagan bo'lmasmidi? Oilaga yordam ko'rsatish harakatida ekanligini bildirgan mahalla oqsoqoliga o'tgan vaqt ozlik qilgan shekilli.

Masalaning yana bir qiziq tomoni e'tiborimizni tortdi. Mahalla binosiga kuzatuv kamerasi o'rnatilgan. Kamera ishlar ekanu “zapis' qilmasmish”. Ancha oldin buzilib qolgan ekan. Aslida shu birgina kamera ishlaganida ham holat tezroq oydinlashgan, huquqiy baho berish osonroq bo'lardi.

“Uch-to'rt kun oldin ham eshigi ochiq edi...”

5 mart sanasida kuchli elektr' toki urgan Nurislomni birinchilardan bo'lib ko'rgan qo'shni Gulbahor Toshnazarova ba'zi ma'lumotlarni etkazdi.

“Tranformatorning eshigi uch-to'rt kun oldin ko'rgan vaqtimda ham ochiq edi.  Nabiralarimni u erga borishdan qaytargandim. Shunday qilib bola ushlab olganmi bilmaymiz? O'sha kuni hushsiz yotganini ko'rdim. Qo'limizdan kelgunicha birinchi yordam ko'rsatishga harakat qildik. Bolajonlar shu erga kelib o'ynaydi. Atrofdagi ko'pqavatli uylardan 50-60 nafarga yaqin bolalar shu erda o'ynashadi.  O'sha voqea bo'lgandan keyin mana yonidagi katta transformator eshiklariga ham qulf qo'ydi. Ilgari buni ham eshiklari qarovsiz qolgan. Mutasaddilardan shuni atrofini o'rashlarini, bolalar uchun xavfsizligini ta'minlashlarini so'rardim. Bu bolachani  ahvoliga hech kim tushmasin,  bolacha ko'p azob ko'rdi”.

“Qasddan qilinyapti. Yuz foiz” — Uchquduq tuman HETK xodimi

Hodisa joyiga Uchquduq tumani HETKning bir guruh xodimlari etib kelishdi. Ulardan bu boradagi fikrlarini oldik. Mazkur yopiq taqsimlovchi transformator aslida ko'shimcha tok etkazib berish uchun qurilgan. Avval yonida asosiy tok uzatish punkti bo'lib, aholining elektr tokiga bo'lgan ehtiyoji ortishi natijasida yong'in chiqqan. Shundan so'ng yoniga ushbu qo'shimcha transformator o'rnatilgan. Mas'ul shaxslarning ma'lum qilishicha, joriy yilning 15 yanvar' kuni ushbu transformator texnik ko'rikdan o'tkazilgan. Boshqa biri esa fevral' oyida ham ko'rikdan o'tkazilganini aytdi. Ammo aynan qaysi sanada o'tkazilgani haqida aniq ma'lumotni taqdim etisholmadi.

Ularning fikricha, mazkur transformator etarlicha himoyaga ega. Fuqarolar unga qasddan zarar etkazishgan. Nurislom bilan bog'liq hodisadan keyin kulflar o'rnatilgan. “Qasddan qilinyapti. Yuz foiz”, — deydi xodim. Bu ko'ngilsiz hodisadan keyin aholi tomonidan transformatorga zarar etkazishdan kimdir manfaatdormikan? Bu bo'yicha huquqiy baho berilishi kerak.

Biz elektr korxonasi xodimlaridan transformatorning eshigini ochib ko'rsatishlarini so'raganimizda, maxsus kalit yordamida ancha kuch ishlatib ochishdi. “Bolaning o'zi ochib kirgan”ligi iddaosida bo'lgan xodimlarning 7 yoshli bolaning jismoniy kuchi etishiga ishonchi komil emas. Fikr qiladigan bo'lsak, bola kirib qolganida eshik qulfi ochiq bo'lgan yoki etarlicha himoyalanmagan. Yuqorida 3-4 kun oldin ham eshigi ochiqligini qo'shni ayol ma'lum qilgandi. Bu bo'yicha esa mutasaddilar “faqat transformatorni “qo'riqlab” yurolmasliklarini, ish hajmi yuqoriligini” sabab qilib ko'rsatishdi.

Transformatorning ichki qismida ham himoya bo'lishi kerakmasmi deb so'ralganida, bu eskiligi, bu yopiq taqsimlovchi transformator punkti 1980 yilda ishga tushirilgan bo'lib, NKMK DK balansidan 2020 yilda «HET» AJ Navoiy filiali balansiga olinganligi, hozirda yangi kelayotgan transformatorlarda ichki qismida ham himoyasi borligini bildirishdi.

Xo'sh, shunday ekan holat sodir bo'lgandan keyin yana qayta bunday hodisalarni oldini olish uchun qanday amaliy ish qilingani bilan qiziqdik. Ularning fikricha “shahar hududida joylashgan bu kabi transformatorlarning himoyasi etarli darajada, “kitobida shunday yozilgan”. Atrofini to'siq bilan o'rashga hojat yo'q”. Hayron qolasan kishi, himoyasi etarli darajada bo'lganida bir norasida jabr ko'rib, kelajagi butunlay o'zgarib ketmagan bo'lardi...

4 aprel' sanasida viloyat korxonasiga qilingan xatda 90 dona mexanik qulf so'ralganidan boshqa hech narsa ko'rmadik. Holat tafsilotlarini bayon qilib, atrofini o'rash bo'yicha taklif ham berilmagan. Balki taklif berilganda shu vaqtgacha ijobiy natija bo'larmidi? Himoya kuchaytirilarmidi?

“Elektr uskunalarini o'rnatish qoidalari” bilan tanishganimizda shahar va posyolka hududida joylashgan yopiq taqsimlovchi nimstantsiyalarni temir to'siq yoki panjaralar bilan urash talab etilmasligi ko'rsatib o'tilgan. Talab etilmaydi deyilgani bor gap. Lekin o'rash taqiqlanadi deyilgan band ham yo'qku!

Jinoyat ishi qo'zg'atilgan

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmatining Uchquduq tumanida sodir bo'lgan holat yuzasidan rasmiy munosabati:

2023 yil 5 mart kuni soat 15:00larda Uchquduq tumani A.Temur ko'chasi 8-uyning orqa tomonida mavjud bo'lgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy viloyati Uchquduq tuman bo'limi tasarrufida bo'lgan TP-256-sonli elektr taqsimlovchi qurilmalar o'rnatilgan transformator eshigi mas'ul xodimlar tomonidan ochiq holatda qoldirilganligi sababli A.Temur ko'chasida yashovchi, 23.02.2016 yilda tug'ilgan voyaga etmagan R.Z transormator ichiga kirishi oqibatida tok urib og'ir hayot uchun xavfli bo'lgan tan jaroxati olib ikkala qo'l bilak qismida amputatsiya qilinishiga sababchi bo'lgan.

Mazkur holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy viloyati Uchquduq tuman bo'limi mansabdor shaxslariga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 257-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, xozirda Uchquduq tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Bu bolaning qo'llarini elektriklar “eb qo'ygan”

Navoiylik faol jurnalist Ruslan Saburov o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu postni qoldirdi:

“Uchquduqlik bu bolaning qo'llari 5 martdan oldin bor edi. Ammo endi yo'q. Sababi, bu bolaning qo'llarini elektriklar “eb qo'ygan”. Qanday qilib deysizmi?

Xullas, bu bola o'rtoqlari bilan Uchquduqda foydalanishga topshirilganiga ko'p bo'lmagan ko'p qavatli uy yonidagi bolalar maydonchasida o'ynab yurgan bo'lgan. Bolalar maydonchasining yonginasida esa transformator bo'lgan. Bolakay uning xavfli ekanligini qaerdan bilsin, yugurib borib eshigini ochib ko'rgan. Oqibatda katta kuchlanishli tok urgan.   

To'g'risi, keyingi paytlarda kattalarning mas'uliyatsizligi bolalarga qimmatga tushmoqda. Bu ish bo'yicha-ku, tergov harakatlari ketmoqda ekan. Ammo biz kiritib qo'ymaganmiz-ku, deya shu bolachaning o'zini aybdor qilishmasaydi, degan xavotirdaman.

Aslida, transformatorlar xavfsizligini ta'minlash elektr ta'minoti korxonasining majburiyatlari sirasiga kiradi. Ushbu holatda uning bolalar maydonchasi bilan yonma-yon qo'yilgani bir tomon, atrofi o'ralmasdan eshiklari ochiq holatda qolgani bir tomon”.

Kulfatgacha ko'rinmagan muammo

Ushbu hodisadan keyin “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy viloyati Uchquduq tuman bo'limi xodimlari “Ishonch Servis” MChJ tomonidan yangidan qurilgan ko'p qavatli uy-joylar uchun o'rnatilgan bolalar uyingohini qurilish loyihasida ishlab turgan transformator punkti hisobga olinmaganini vaj qilib ko'rsatishdi. Unda shaharsozlik nazoratiga mas'ullar nega beparvo? “Shahar bedarvoza emas” degan gap qaerda qoldi? Uchquduqning darvozasi bormi? Achinarlisi esa, buning oqibatida norasida bolalar jabr ko'rdi. Kasalni davolagandan ko'ra oldini olgan afzal deyishadi. Aybdorlar jazoga tortilar, balki “uzr” bilan qutilib qolar. Lekin bola-chi? Uning salomatligi, kelajagi nima bo'ladi? Buning badalini na qamoq va na jarima bilan to'lash mumkin. Axir bolalar o'ynaydigan hudud va katta kuchlanishga ega elektr qurilmasining shundoqqina yonma-yon qurishili va xavfsizlikning to'liq ta'minlamaslik uchun mas'ullar qay darajada befarq bo'lishi kerak? Ulardan hech kim yangi narsa kashf qilishni so'ramayapti, belgilangan tartibda ish ko'rib, fuqarolarga zarar etkazmaydigan darajada ish olib borishlari talab qilinyapti xolos.

Tuman hokimligining mazkur holat yuzasidan munosabatini bilish uchun borganimizda matbuot xizmati rahbari Rayxonoy Qodirova “Uchquduqning muammosini birov kelib hal qilib bermaydi. Shu erni rahbarlari, o'zimiz hal qilamiz” deya ta'kidladi. Bolalar maydonchasi va elektr uzatish qurilmasining noto'g'ri joylashganiga Uchquduq rahbarlari qachon echim qilishar ekan?

Munosabat bildirish uchun esa “Otasi ham, onasi ham mahalla. Mana raisimiz munosabat bildiradi”, deb Komil Turdievga yuzlashtirdi...Jabr ko'rganlardan bir ko'ngil so'rashga vaqt topmagan bunday mahalla “bor bo'lsin!”.

Tuman hokimi Soli Hamroev ayni vaqtda ovulda Referendumning targ'ibot ishlari bilan bandligini ma'lum qildi. Yangilanayoigan Konstitutsiyamizda yoshlar, ayniqsa bolalar bo'yicha ijobiy o'zgarishlar qilinayotgan vaqtda tuman hokimi ham Nursilom bilan bog'liq holatni bee'tibor qoldirmasalar yaxshi bo'lardi.

Ehtimol, biz bilmagan qandaydir ishlar qilinayotgandir. Ammo buni Nurislomning yaqinlari sezishgan bo'lardi, chamamda.

Bee'tibor qoldirmasliklarini so'raymiz!

Holat yuzasidan ko'rganlarimiz, eshitgan va bizga ma'lum qilishgan holatni bayon etdik. Bu vaziyatda kim aydbor, kimning xatosi, kimnidir jazoga tortish kerakmi bunga qonuniy va adolatli baho berilishiga umid qilamiz.

Shu o'rinda O'zbekiston Respublikasi Sog'likni saqlash vazirligi, Bola huquqlari bo'yicha vakili (bolalar ombudsmani), Navoiy viloyati hokimligidan hali hayoti oldinda bo'lgan bir norasidaning salomatligini tiklashi, odatiy hayotga qaytishida ota-onasi va yaqinlari nomidan amaliy yordam so'raymiz. Nurislom ham boshqa bolalar kabi baxtli kelajakka haqli. O'ylaymizki,bu nomlari ko'rsatib o'tilgan mutasaddilar e'tiboridan chetda qolmaydi.

Ro'ziqul OChILOV,

jurnalist

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img