Sakkiz oyligida ko'zlari tikilgan gvineya-bisaulik 7 yoshli Ebi Istanbulda ko'rikdan o'tkazildi. Dunyoga mashhur rossiyalik jarroh Hasan Baiev va turkiyalik oftalmolog Umit Beden bolaning ko'rish qobiliyatini tiklash mumkinmi yoki yo'qligini aniqlash maqsadida diagnostik operatsiya vaqtida uning ko'zlari joyini ochishdi...
Rossiyalik volonter Mila Anufrieva: — Bu bola tug'ilganida sog'lom bo'lgan. Juda yosh onadan tug'ilgan. Bu ona bir erkakning ikkinchimi-uchinchimi xotini bo'lgan. Bolaning sog'lomligini erkakning boshqa bir farzandsiz xotini ko'rolmagan va nafratlangani uchun zaharli o'tdan tayyorlangan suyuqlikni uxlab yotganida ko'zlariga sepgan. Va oradan vaqt o'tib noma'lum vrach Ebining ko'zlarini shafqatsizlarcha tikib tashlagan. Ko'zga tegish mumkinmi, yo'qmi, u shifokor qaerda, nega tikib tashlagan, men u haqda biron ma'lumot topolmadim.
«Mila_4_afrika» fondi volonteri Mila bu bola bilan 2020 yilda Afrikadagi ko'zi ojiz bolalar uyi — AGRIGEda uchrashib qoladi. Milaning aytishicha, bu bolakay 10 soat davomida Istambulga uchib kelganiga qaramay, biron marta shikoyat qilmagan.
Volonterlar juda ko'p mamlakatlarning shifokorlariga murojaat qilishdi. Va nihoyat Mila o'zining instagram sahifasida bolaning tarixini yozadi. Minglab odamlar Ebiga yordam qo'lini cho'zishi mumkinligini aytishadi. Nihoyat, bolakayni Istambulda shifokorlar tekshirib ko'rishadi va Ebining chap ko'zi yorug'lik sezayotganini aytadi. Mutaxassislarda umid paydo bo'ladi.
Jarroh Hasan Baiev: — Eng asosiysi, uning chap ko'zi yorug'likni sezayotgani, bu bizga umid bag'ishlaydi. Biz uning yuz foiz ko'rishiga kafolat berolmaymiz, ammo umid bor, ozroq yorug'likni ko'rishiga, aytaylik, 20-30 foiz ko'rishi mumkin.
Oftalmolog Umit Beden: Birinchi qadamimiz Ebining qovoqlarini, ko'zining joyini ochish. Hatto uning ko'zlari joylashuvi yo'qotilgan. Paypaslab ko'rilganda bitta ko'zi umuman yo'q, bitta ko'zi turibdi, ammo tikilgan teri ostida qolgan ko'z olmachasi qanday ahvolda bilmaymiz. Agar biz u erni ochmasak va nima borligini bilmasak, imkon yo'q.
Jarrohlik amaliyotidan oldin uning oldiga mashhur frantsiyalik futbolchi Bafetambi Gomis tashrif buyurdi: — Asli frantsiyalikman, ammo mening ajdodlarim Ebi tug'ilib o'sgan Gvineya-Bisauda yashashgan. Menga shunday imkon berilgan ekan, Ebiga qo'limdan kelgan barcha yordamimni ayamayman.
Operatsiya ikki soat davom etdi. Shifokorlar bolaning ko'z qovoqlarini ochdilar. Lekin, afsuski, juda qo'rqinchli holatning guvohi bo'ldilar.
Umit Beden: — Bola ko'zlariga sepilgan kislotami yoki qanaqadir zaharli o'tdan bo'lgan suyuqlik ko'zning barcha to'qimalarini jarohatlagan. Bolaning ko'zlarini ochganimizda ko'z olmasini emas, suvda yotgan sharchani ko'rdik.
Hasan Baiev: — Afsuski, bolaning chap ko'zi ham butunlay ishdan chiqqan, shu qadar chuqur kuyib ketganki, uni qayta tiklashning umuman iloji yo'q.
Mila Anufrieva: — Shifokorlar umid bilan, xursand bo'lib operatsiyaga kirib ketishgandi, keyin menga ular telefon qilishdi: «Mila, imkon yo'q», men: «qanday qilib axir» deb so'radim... hattoki protez ko'z qo'yishning ham imkoni yo'q ekan, afsus.
Hasan Baiev: — Agar Ebining ko'zlarini tikkan shifokor malakali bo'lganida edi, balki ko'zlarini qaytarishning imkoni topilardi. Avvaliga kuyganni yaxshi davolash kerak, keyin uni tiklash mumkin edi. Balki kelajakda imkoni bo'lar bolaning ko'zini tiklashning, biz rostdan ham uning ko'rishini istagandik va buning iloji yo'qligini bilganimizda juda xafa bo'ldik.
Umit Beden: — Balki qachonlardir bolaning miyasiga ko'rish kamerasini boshqaradigan chip qo'ya olarmiz, buni vaqt ko'rsatadi.
Mila Anufrieva: — Ebi, demak ko'rmas ekan, unga yaxshi sharoit yaratib berish kerak. Uning quloqlari yaxshi eshitadi, balki undan musiqachi chiqar... Bizning hozircha qo'limizdan keladigani shu...
Manba: Xabar.uz