Kesarcha kesish amaliyoti qanday hollarda tavsiya etiladi?

10.04.2023 16:52
eye icon1315
Kesarcha kesish amaliyoti qanday hollarda tavsiya etiladi?

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, bugun dunyoda kesarcha kesish amaliyoti orqali tug'ilayotgan chaqaloqlar ulushi 20 foizni tashkil qilmoqda. Agar jarayon shu taxlit davom etsa, 2030 yilga borib, bu ko'rsatkich 30 foizga etishi mumkin.

Qolaversa, o'rganishlar shuni ko'rsatyaptiki, dunyoning rivojlangan va taraqqiy etayotgan aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar tez, xavfsiz, muhimi, og'riqsiz usul sifatida kesarcha kesishni ma'qul ko'rmoqda.

Xo'sh, bu qanchalik to'g'ri? Aslida mazkur amaliyot qanday holatlarda tavsiya etiladi?

Ushbu savollarga Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O'rinboeva javob berdi.

— Tug'uruq – homiladorlikning yakuniy bosqichi bo'lib, bu tabiiy holatga ayol organizmi moslashgan bo'ladi, — deydi mutaxassis. — Agar ona va tug'iladigan go'dak sog'lom hamda tug'uruq amaliyoti normal o'tsa, bunga tibbiy aralashuvning zarurati yo'q. Biroq tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, har doim ham mazkur jarayon bir tekis kechavermaydi. Bu esa ona va go'dak salomatligiga jiddiy xavf tug'dirishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda tug'uruq operativ yo'l bilan, ya'ni kesarcha kesish amaliyotini qo'llagan holda bajariladi. Ushbu jarrohlik usuli qorin bo'shlig'ida qilinadigan operatsiya hisoblanadi. Unda bola onaning qorin devoridagi kesilgan joy orqali chiqarib olish yo'li bilan tug'iladi. Uning 2 ta – rejali va shoshilinch turlari bo'lib, homiladorlikning 38-39 haftaligida amalga oshiriladi. 

Rejali kesarcha kesish homiladorlikni rejalashtirish yoki “og'iroyoqlik” davrida belgilanadi. Shoshilinch usul esa tug'uruq payti yoki homila hayotiga xavf tug'ilganda bajariladi.

So'nggi yillarda tibbiy ko'rsatma bo'lmasa-da, dunyoning aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar orasida ushbu usul rosmana “epidemiya”ga aylandi. Albatta zamonaviy jarrohlik yondashuvlari, samarali og'riq qoldiruvchi vositalar va antibiotiklar sababli ushbu operatsiyani ona va chaqaloq uchun minimal xavf bilan amalga oshirish imkonini bermoqda.

Siz hayron bo'lishingiz mumkin: agar ayollarning o'zi bu usulni ma'qul ko'rayotgan va u minimal darajada xavfsiz bo'lsa, nima uchun uni tanlamaslik kerak? Eng birinchi galda kesarcha kesish – jarrohlik aralashuvi ekanini unutmaslik zarur. Shu sababli uni faqat tibbiy ko'rsatma bo'lgandagina amalga oshirish tavsiya etiladi.

Xususan, mazkur amaliyot tos suyagining torligi, homilaning tug'uruq yo'llaridan o'tishiga to'sqinlik qiluvchi omillar, ya'ni yo'ldoshning noto'g'ri joylashuvi, bachadon miomasi, chanoq bosh disproportsiyasi, bachadon yorilishi ehtimoli kuzatilganda kesarcha kesishga ko'rsatma beriladi.

Shuningdek, gipoksiya (kislorod etishmasligi) yoki homilaning yurak disfunktsiyasi, uning ko'ndalang yoki teskari joylashuvi, gipertenziv holatlar, tug'uruq faoliyatining zaifligi ham operatsiya uchun sabab bo'lishi mumkin.

Manba: Sog'liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.

 

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img