Yaxshi niyat ila ushbu “Dunyo — bolalar uchun!” deb nomlangan loyihaga qo'l urdik...
Ushbu loyiha keng qamrovli bo'lib, uning bir qismi va ilk qadami bo'lgan bolalarolami.uz saytini bugundan ishga tushirdik. Alloh xayrli va dunyodagi barcha bolalarga manfaati tegadigan qilsin! (Omin!)
bolalarolami.uz — bolalar mavzusini keng yorituvchi, avvalo, ularning huquq-manfaatlarini himoya qiluvchi, sifatli axborot manbasi bilan ta'minlovchi internet nashri.
Saytda asosan qaysi yo'nalishlarga urg'u beriladi?
“Yangiliklar" bo'limida O'zbekiston va xorijda bolalarga oid so'nggi yangilik va xabarlar tezkorlik bilan xolis yoritib boriladi.
“Huquqiy klinika”da konunchilik normalari, bolalar hamda ularning ota-onalarining huquq va majburiyatlari haqida xalqchil tilda tushuntirishlar berib boriladi.
“Salomatlik” bo'limida esa, bolalar kasalliklari haqida batafsil yoritiladi. Kasallikning yuzaga kelish sabablari, uning davosi xususida mutaxassislar tavsiya va ko'rsatmalari yoritiladi.
“Achchiqtosh”imizda esa, bolalar mavzusidagi og'riqli nuqtalarimiz tilga olinadi.
“Xayriya” bo'limida shifo talabidagi bolalarga yordam berishni maqsad qilgan. Muruvvatli insonlarning betob bolalar uchun mehr qo'lini uzatishlari uchun “ko'prik” vazifasini o'taydi.
Bundan tashqari saytda ta'lim, sport, adabiyot, ijod, iste'dod kabi yo'nalishlar ham bo'lib, muntazam foydali axborot manbalari bilan ta'minlanib boradi.
“Yaxshi niyatda yo'lga chiqqanning yo'ldoshi — Xudo” deydilar. Ushbu loyihaga qo'l urarkanmiz, dilimizda bir niyat mujassam: barcha bolalarning bolaligi beg'ubor, g'am-qayg'udan yiroq bo'lishiga ozgina bo'lsada hissa qo'shmoqlikdir.
Loyihamizning keyingi qismlari haqida ham yakin kunlarda xabardor qilamiz...
Qo'zlagan maqsadimizga etishishimizga siz, azizlarning, ma'naviy ko'maklarizga suyanamiz. Barchamizni yaxshilik yo'lidan adashtirmasin!
Hurmat bilan, “bolalarolami.uz” internet nashri jamoasi