Islomda bola emizish masalasi (II qism)

10.03.2023 10:09
eye icon1385
Islomda bola emizish masalasi (II qism)

Maqolaning davomi (boshlanishi) bor.

Uqbatu ibn Horis roziyallohu anhu aytadiki:

«Bir ayolga uylandim. So'ngra oldimizga bir qora xotin kelib, ikkovingizni emizganman, dedi. Shunda men borib Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga xabar berdim va:

«Albatta, bu ayol yolg'onchi bo'lsa kerak», dedim.

U Zot yuzlarini o'girib oldilar. Men yana yuz tomonlariga o'tib:

«Albatta, u yolg'onchi», dedim. U Zot:

«Qandoq qilib, axir, u ikkovingizni emizganini da'vo qilmoqda-ku! Uni qo'yib yubor», dedilar».

Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.

Sharh: Ushbu hadisi sharif shar'iy emizish sobit bo'lish yo'lini bayon qilmoqda. Unda guvohlik orqali sobit bo'lish misoli kelmoqda. Xususan, emizgan ayolning o'zi guvohlik berishi zikr qilinmoqda. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shuning uchun ham mazkur Uqbatu ibn Horis roziyallohu anhuni xotinidan ajrashishga amr qildilar. Bu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ishtirok etib, hamma narsadan xabardor bo'lib turib chiqargan hukmlari.

Ulamolarimiz umumiy hollarda bu masalada qandoq tasarruf qilinadi, degan savolga barcha dalil va hujjatlarni atroflicha o'rganib chiqib, quyidagi javobni berganlar:

–Agar bir adolatli ayol eru xotinga men ikkingizni o'z ko'kragimdan emizganman, desa:

1. Eru xotin bu gapni tasdiqlasalar darhol ajrashishlari kerak bo'ladi. Bo'lmasa, qozi ajrashishga majbur qiladi.

2. Eru xotin u ayolni yolg'onchi desalar, nikohlari buzilmaydi. Lekin ajrashganlari afzal bo'ladi. Chunki adolatli shaxsning guvohligi, kuchli narsa, shubhaga tushgan nikoh afzal nikoh bo'lmaydi.

3. Mazkura guvoh ayolni er tasdiqlaydi, xotin yolg'onchi, deydi. Bu holatda nikoh buziladi. Er mahr to'laydi.

4. Guvohlikni xotin tasdiqlaydi, er yolg'onga chiqaradi. Bu holatda nikoh buzilmaydi. Ammo xotin eridan qasam ichishni talab qilishi mumkin. Qasam ichsa, yashab ketishaveradi. Qasam ichmasa, qozi oralarini ayirib qo'yadi.

Aslida esa, shar'iy emizishning sobit bo'lishi uchun yoki eru xotin o'zlari iqror bo'lishlari kerak, men falonchini emganman, deb aytishi shart. Yoki adolatli ikki er kishi yoxud bir er kishi va ikki ayol kishi birgalikda guvohlik berishi kerak.

Bitta adolatli erkakning, adolatli bir erkak va bir ayolning va adolatsiz kishilarning guvohligi bu masalada qabul qilinmaydi.

Shar'iy emizish haqidagi guvohlikning qabul bo'lishi uchun bir necha shartlar bor.

1. Guvoh emish vaqtini, bolaning va emizuvchining yoshini aniq aytishi kerak. Bo'lmasa, guvohligi qabul qilinmaydi.

2. Necha marta emish bo'lganini ham aytishi kerak.

3. Ikkovlarining ajrashganini ham aytishi kerak.

4. Suti bolaning qorniga etganini aniq bilganini ham aytishi lozim.

 

Ibn Abbos roziyallohu anhudan:

«Bir kishining ikkita xotini bo'lsa, ulardan biri bir qiz bolani emizsa, boshqasi o'g'il bolani emizsa, qiz bolaga haligi o'g'il uylansa bo'ladimi?» deb so'raldi. U kishi:

«Yo'q, chunki urchitish bitta», dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: Ayol kishi eridan homilador bo'lib tuqqanidan keyin sut keladi. O'sha sutga eri sabab bo'ladi. Buni urchituvchining suti, deyiladi. Shuning uchun bir erkakning ikki xotini bo'lsa, har ikki xotinning suti ham bir urchituvchidan paydo bo'ladi. Demak, ikki kundosh ayolni emgan bolalar xuddi bir ayolni emganning hukmida bo'ladi.

Urchituvchining suti masalasi ham nozik masala bo'lib, fiqh kitoblarimizda batafsil bayon qilingan. Birgina misol keltiraylik. Bir ayol eridan homiladorlik paytida taloq qilindi. Bolasini tug'ib iddasi chiqdi. Boshqa odamga erga tegdi. Yangi tuqqani tufayli suti bor. Bir begona bolani emizdi. O'sha bolaga kim emizikli ota bo'ladi. Taloq qilgan erkakmi yoki ayol bilan birga yashab turgan ikkinchi ermi? Albatta, taloq qilgan birinchi er. Chunki ayoldagi hozir mavjud sutning paydo bo'lishiga va kelishiga o'sha odam sabab bo'lgan.

Ko'rinib turibdiki, nikoh masalasi nozik masala. Umr masalasi. Halol-harom masalasi. Ko'pgina omillarga bog'liq masala. Shuningdek, insonning butun umriga, dunyosi va oxiratiga, bo'lajak zurriyotlariga ham o'z ta'sirini o'tkazadigan masala. Shuning uchun bu ishga katta e'tibor bilan qarash kerak. Nikohga qo'l urishdan oldin uni yaxshilab o'rganib, unga puxta tayyorgarlik ko'rish kerak.

Yoshlar yoshlik qilib ba'zi ishlarni anglashlari, tushunib etishlari qiyin bo'lsa, ularga voliylari, ota-onalari, qarindoshlari yordam berishlari, bu ishda bosh bo'lishlari kerak.

 

EMIZISh HAQIDA MA'LUMOTLAP

 

Emizish arabchada «razo'» deyiladi. U lug'atda ayol kishining ko'kragini, sigir, qo'y kabi hayvonlarning elinini og'izga olib, so'rishga aytiladi.

Shar'iy istilohda esa:

«Ikki yoshga to'lmagan bolaning qorniga ayol kishi sutining etib borishidir».

Ushbu qoidaga xilof bo'lgan narsa shar'iy emizish hisoblanmaydi va u tufayli hech qanday shar'iy hukm ham sobit bo'lmaydi.

Nikohni harom qiluvchi darajada emizish sobit bo'lishi uchun bir necha shartlar bo'lishi kerak.

U shartlarning ba'zilari emizuvchiga, ba'zilari emuvchiga va yana ba'zilari sutga bog'liqdir:

1. Emizuvchiga bog'liq shartlar ikkitadir:

Birinchisi–emizuvchi ayol kishi bo'lishi shart.

Boshqani kim va nima emsa ham, nikohni harom qiluvchi shar'iy emizish sobit bo'lmaydi. Misol uchun, bir go'dak o'g'il bola va bir go'dak qiz bola bitta qo'yni yoki echkini emsalar, sutini ichsalar emikdosh aka-singil bo'lib qolmaydilar.

Ikkinchisi–emizuvchi ayol to'qqiz yoshdan katta yoshda bo'lishi kerak.

2. Emuvchiga bog'liq bitta shart bor:

U ham bo'lsa emuvchi ikki yoshdan kichik bo'lishi kerak.

Imom Abu Hanifa ikki yarim yosh, deganlar. Lekin boshqa hamma imomlar, jumladan, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar ham ikki yosh, deganlar. Hanafiy mazhabida ham amal ikki yosh, degan qavlga muvofiqdir.

3. Sutga bog'liq shartlar beshtadir:

Birinchisi–sut suyuq holatda bo'lishi shart.

Chunki bola emdi, deyishga loyiq bo'lishi kerak. Shuning uchun, farazan, ayolning sutidan qu-yiltirib bir narsa tayyorlansa, uni go'dak bolaga edirilsa, nikohni harom qiluvchi emish sobit bo'lmaydi. Chunki undoq narsani edi, deyiladi, emdi, deyilmaydi.

Ikkinchisi–sut bolaning qorniga ko'krakni so'rish orqali yoki tomog'idan va burnidan quyish orqali etib borishi kerak. Boshqa tomondan va boshqa yo'l bilan qoringa sut etib borsa ham emizish sobit bo'lmaydi.

Uchinchisi–mazkur sut bolaning qorniga bola ikki yoshdan kichik bo'lgan muddatda etib borishi shart.

Bu muddatdan keyin bo'lsa, har qancha emsa ham nikohni harom qiluvchi emish sobit bo'lmaydi.

Ammo ikki yoshdan kichiklik muddatida bo'lsa, bir qatra sut qorniga etsa ham shar'iy emizishlik sobit bo'ladi.

To'rtinchisi–sut bolaning qorniga aniq etib borishi kerak.

Bu holatga qarab aniqlanadi. So'rab-surishtiriladi. Agar ayol kishi bir bolaning og'ziga ko'kragini solsayu ko'kragimda sut bor edi, desa, bu gapni qabul qilinadi.

Beshinchisi–sut taom bilan aralashgan bo'lmasligi shart.

Misol uchun, ayol kishining suti pishirilayotgan taomga qo'shilib ketsa-yu, uni yosh bola esa, emish sobit bo'lmaydi. Shuningdek, suyuqmas narsalarga qo'shilsa ham.

Ammo ayolning suti suyuq narsaga qo'shilsa, tekshirib ko'riladi. Agar ayol kishining suti g'olib bo'lsa, emizish sobit bo'ladi, bo'lmasa yo'q.

Manba: islom.uz

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img