Islomda bola emizish masalasi (I qism)

10.03.2023 09:45
eye icon1300
Islomda bola emizish masalasi (I qism)

Begona ayolni emish tufayli halol-haromga bog'liq o'ta ahamiyatli hukmlar kelib chiqishini emikdoshlik tufayli nikohi abadiy harom qilingan ayollar haqida so'z yuritganimizda ko'rib o'tdik.

Ana o'shandoq o'ta nozik va muhim ishning sobit bo'lishiga qanday emizishlik qay vaqtda sabab bo'ladi? Uning miqdori qancha?

Qaysi vaqtdaUmmu

mazkur emizishlik sobit bo'ladi va qandoq sobit bo'ladi?

Shu va shunga o'xshash savollarga ushbu faslda javob topishga harakat qilamiz. Odatda emizishlik masalasi asosan hadis va fiqh kitoblarimizda doimo nikohga qo'shib zikr qilinadi.

Fazl roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Bir emish yoki ikki emish, bir so'rish yoki ikki so'rish harom qilmaydi», dedilar».

Sharh: Shofe'iy va Hanbaliy mazhablari ushbu hadisga amal qilib, bir-ikki emish bilan nikohni harom qiladigan emish sodir bo'lmaydi, deganlar.

Ammo Hanafiy va Molikiy mazhablari ulamolari bu hadisni amal qilish uchun qabul qilmaganlar. Ularning fikricha, bu hadis nasx qilingan–amaldan qolgan hadis hisoblanadi. Chunki Alloh taolo Qur'oni Karimda:

«Va sizlarni emizgan onalaringiz va emikdosh opa-singillaringiz… (nikohi harom qilindi)», degan.

Sizlarni ikki martadan ko'p emizgan onalaringiz degan emas. Shu oyatga binoan, nomi emish bo'lsa, nikohni harom qiluvchi emishlik sobit bo'lgan bo'ladi.

Rivoyatda kelishicha, odamlar Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga Ibn Zubayr bir emish yoki ikki emishning ahamiyati yo'q, demoqda, deyishganida:

«Allohning hukmi uning hukmidan yaxshidir, Alloh taolo «Va sizni emizgan onalaringiz, degan», deb aytganlar. Oyati karimada kelgan bayon turganda hadisda unga xilof narsa kelsa, hadis nasx qilingan bo'ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Qur'onda nozil qilingan narsalardan o'n ma'lum emizish harom qilishi edi. So'ngra ular besh ma'lum bilan nasx qilindi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida ular Qur'ondan o'qilayotgan narsalar ichida edi».

Ikkovini beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Sharh: Shofe'iy va Hanbaliy mazhablari ushbu rivoyatga amal qilib, shar'iy emizish sobit bo'lishi uchun besh marta to'yib emish kerak, deyishgan.

Hanafiy va Molikiy mazhablari esa, bu rivoyat o'ta mushkul rivoyat, deyishgan. Chunki Qur-'onda o'n emish haqida ham, besh emizish haqida ham hech qachon oyat bo'lmagan. So'ngra Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida o'qilib turgan bo'lsa, nima uchun hozir o'qilmaydi? Bunga o'xshash savollar juda ham ko'p. Ulamolar ushbu rivoyat haqida ko'p bahs yuritishgan. Oxiri ushbuga o'xshash iboralar o'sha vaqtda saho-balarning o'zlariga ma'lum narsalar bo'lgan, lekin hozirda tushunilishi qiyin masala, degan xulosaga kelganlar.

Yana o'sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldimga kirganlarida bir kishi o'tirgan edi. Bas, bundoq bo'lishi u Zotga og'ir botdi. U Zotning yuzlarida g'azabni ko'rdim. So'ngra:

«Ey Allohning Rasuli, bu mening emikdosh akam», dedim.

«Emikdosh akalaringizga nazar solinglar. Emizishlik ochlikdan bo'lur», dedilar».

Uchovlari rivoyat qilishgan.

Sharh: Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Erkak kishi o'z oilasida bo'layotgan ishlardan xabardor bo'lib, so'rab-surishtirib turishi kerakligi.

2. Emikdosh aka-ukalar ayol kishiga mahram bo'lishi.

3. Oisha onamiz roziyallohu anhoning ziyrakliklari. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g'azablarini yuzlaridan bilib, uzr aytishga kirishishlari shuni ko'rsatadi.

4. Emizish ochlikdan, ya'ni, bola ochligini sut bilan to'yg'izadigan vaqtda, emizish uchun tayinlangan muddatda sobit bo'lishi.

Bu muddatni Alloh taolo Qur'oni Karimda:

«Volidalar bolalarini to'liq ikki yil emizurlar. Kim emizishni batamom qilishni xohlasa», (Baqara, 233) degan oyat bilan belgilab qo'ygan.

Xuddi shu ma'no Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir necha hadisi shariflarida ham ta'kidlangan.

Demak, bola ikki yoshidan keyin emsa, shar'iy emizish sobit bo'lmaydi. Ushbu ma'noni yaxshi tushunib olmoq kerak. Oddiy kishilar ichida bu borada tushunmovchilik bor. Suti yo'q kampir ko'krak solib qo'ysa ham emizish sobit bo'ldi, deb yurishadi. Kattaroq yoshdagi bolalar ko'krakni og'ziga olib qo'ysa ham emizish sobit bo'lib qoldi, deb aytib yurishadi.

Ba'zi savodli kishilarning xato qilishlariga esa, Buxoriy va Muslimlarning «Sahih»larida kelgan bir rivoyat sabab bo'lgan bo'lishi mumkin.

Unda aytilishicha, Abu Huzayfa roziyallohu anhuning xotinlari Sahla binti Suhayl roziyallohu anho Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:

«Ey Allohning Rasuli, Abu Huzayfaning mavlosi Solim uyimizda yurib, er etdi, erkaklar biladigan narsani bildi», dedi. Shunda u Zot:

«Uni emizgin, unga harom bo'lib qolasan», dedilar.

Bilmagan kishilar bu rivoyatni sharhsiz, ustidan o'qib qachon bo'lsa ham, kim bo'lsa ham, qandoq qilib bo'lsa ham bir ayolni emsa, unga mahram bo'lib qolar ekan, deb tushunadilar.

Eng qizig'i, islomiy hukm bundoq emasligini qayta-qayta bayon qiluvchi oyatlar va ko'plab hadislar turib, bitta shu rivoyatga ergashadilar.

Avvalo, Sahla roziyallohu anhoning Solim bilan bo'lib o'tgan qissalari shar'iy emizishlikning muddati bola ikki yoshga kirguncha muddat ichida bo'lishi haqidagi hukm joriy qilinishidan oldin bo'lib o'tgan.

Ikkinchidan, bu ish Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning amrlariga binoan, Sahla va Solim roziyallohu anhumoga xos bo'lgan.

Uchinchidan, Sahla roziyallohu anho sutlarini sog'ib berganlar, Solim ichgan. Chunki balog'atga etgan odam begona ayolning ko'kragini og'ziga olishi mutlaqo mumkin emas. Ushbu masaladagi tushunmovchilik behuda gap va muammolar keltirib chiqarmasligi kerak.

Davomi bor.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img