Qur'oni karimning “Kahf” surasida Xizr alayhissalom bilan Muso (alayhissalom)ning o'rtasida bo'lib o'tgan muloqot zikr qilingan. Unda jumladan shunday deyiladi: “So'ngra yana yo'lga tushdilar. Borib bir bolani uchratganlarida (Xizr) uni qatl etdi. (Buni ko'rgan Muso) dedi: “Hech kimni o'ldirmagan bir begunoh jonni o'ldirding-a?! Haqiqatan, (sen) xunuk ish qilding!”” (Kahf, 74).
Oyati karimada bayon qilinishicha, Muso (alayhissalom)ning Xizr (alayhissalom)ga e'tiroz tarzida bergan savoli o'rinli edi. Chunki, norasida go'dakni o'ldirish Muso (alayhissalom)ning shariatida ham man etilgan edi.
Tafsir kitoblarida keltirilishicha, bolaning ismi Jaysur bo'lib, u ota-onasining yolg'izgina suyukli arzandasi edi. Ota-onasi uni eru ko'kka ishonmas, unga nisbatan muhabbatlari haddan tashqari edi. Biroq, uning taqdirida “kofir bo'lishi” yozilgan edi. Bu haqda Alloh taolo Xizr (alayhissalom)ni ogoh etgan edi. Chunki, Xizr (alayhissalom)ga Alloh taolo kelajakda bo'ladigan ishlarni ham ilmini bildirgan bo'lib, Muso (alayhissalom) bunday ilmga ega emas edilar. Muso (alayhissalom) Xizr (alayhissalom)ga hamroh bo'lgan vaqtlarida u kishining bir qancha g'ayrioddiy ishlar sodir etganlariga guvoh bo'ldilar, biroq ularning haqiqatini anglab etishga ilmlari etmasdi. Shuning uchun ham Xizr (alayhissalom) Muso (alayhissalom)ga norasida bolani o'ldirishining sababini aytib berishiga to'g'ri keldi.
“U (Xizr) aytdi: “Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating etmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman” (Kahf, 78).
“Haligi bolaning esa, ota-onasi mo'min kishilar edi. Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ularni qiynab qo'yishidan qo'rqdik” (Kahf, 80).
Bir begunoh jonni o'ldirish barcha payg'ambarlarning shariatida ham harom qilingan. Ammo, bu erda Xizr (alayhissalom) tomonidan bu bolaning o'ldirilishiga sabab, uning mo'min bo'lgan ota-onasining imonini saqlab qolish edi. Chunki, bola katta bo'lgach, ota-onasini ham imondan voz kechib, uning diniga o'tishga majbur qilar edi.
“Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u (bola)dan ko'ra pokizaroq va undan ko'ra mehribonroq (boshqa bir bolani) badal (evaz) qilib berishini istadik” (Kahf, 81).
Oyatning tafsirida bayon etilishicha, Xizr (alayhissalom) bolani o'ldirgan vaqtda Alloh taolo uning onasiga homila ato etgan edi. Vaqti soati etib qiz bola tug'ildi. Voyaga etgach, o'sha davrning payg'ambariga turmushga chiqdi va uning zurriyotidan etmishta payg'ambar chiqdi (Ruhul bayon tafsiri).
Ushbu voqea ustida chuqurroq mulohaza yuritadigan bo'lsak, undan farzand tarbiyasida qo'llashimiz mumkin bo'lgan bir qancha foydalarni olishimiz mumkin. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda tarixda bo'lib o'tgan voqealar haqida zikr etar ekan, ularni mo'minlarga ibrat bo'lishi uchun nozil qilganligini bayon etadi.
“Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun (katta) ibrat bordir. (Ushbu Qur'on) to'qib chiqariladigan gap emas, balki o'zidan oldingi narsalarni (ya'ni, samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga imon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (manbai bo'lgan bir Kitob)dir”. (Yusuf, 111).
Ushbu voqeaning farzand tarbiyasidagi ahamiyati:
1. Ota-ona farzandiga bir ko'zda mehr va bir ko'zda qahr bilan boqib, tarbiyani olib bormog'i lozim. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Biror narsaga haddan tashqari muhabbat qo'yish ko'zni ko'r, quloqni kar qilib qo'yadi”. Xizr (alayhissalom) qatl etgan bolaning ota-onasining unga bo'lgan muhabbati ularni ko'r qilib qo'ygan edi. Ota-onasiga bolaning aybi ko'rinmas edi. Ota-ona uning uchun hamma narsaga rozi edilar. Agar u katta bo'lib, ota onasini imonlaridan kechib, kofir bo'lishlarini talab qilsa, ota-ona uning bu talabini ham qondirishga tayyor edi.
2. Ota-ona kezi kelganda farzandini erkalashi, uning ko'ngliga ham qarashi kerak. Biroq doimo shunday bo'lish yaramaydi. Ko'ngli tusaganini muhayyo qilib turgan ota-onaning farzandi oldida qadri qolmaydi. Bir kun kelib farzandining ra'yini qaytargan ota yoki onasiga farzand zug'um o'tkazishi, hatto ulardan yuz o'girib ketishi ham ehtimoldan xoli emas. Hozirgi kunda ba'zi ota-onalar biz ko'rmagan narsani farzandimiz ko'rsin, deb bolalarining ko'ngli nimani tusasa, shuni qilib beryapti. Albatta, ota-onaning topgani farzandi uchun, bu ma'lum. Lekin, milliylikka, musulmonchilikka to'g'ri kelmaydigan narsalarni talab qilganda ota-ona farzandining bunday talablarini ham qondirib beravermasligi kerak.
3. Imon va e'tiqod masalasi eng muhim masala va u hamma narsadan qadrlidir. Oyati karimada bayon qilinishicha, bolaning ota-onasi imonli kishilar edi. Shunday ekan, ularni imonidan ayiradigan farzandning boridan yo'g'i... Ota-onasiga turli tuman jafolar etkazadigan farzandlar yo'q emas. Ammo, buzuq aqidalarga ergashib, imonli ota-onasini ham o'z e'tiqodiga ergashishga da'vat qilsa, uning e'tiqodiga yurmaganlari uchun ularni imonsizlikda ayblasa, bundan og'ir jafo, bundan og'ir gunoh yo'q.
4. Tarbiyali farzand ota-onasini boshiga ko'taradi, ularga rahmat olib keladi. Noqobil tarbiya topgan farzand esa, oxir oqibat ota-onasini el-yurt orasida yuzini qora, boshini xam qiladi.