Islom dini oilaning har bir a'zosi uchun u loyiq bo'lgan maqom va darajani belgilab qo'ygan. Unga ko'ra oilada eng oliy maqom sohiblari ota‑onadir. Chunki, insonni dunyoga kelishiga haqiqiy sabab Alloh taolo bo'lsa, ota‑ona esa zohiriy sababdir. Bu haqiqatni farzandlar bir lahza ham unutmasliklari lozim.
Alloh taolo Isro surasi, 23‑oyati karimasida shunday deydi: “Rabbingiz, Uning O'zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt”.
Alloh taolo Luqmon surasi, 14‑oyati karimasida shunday deydi: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko'tarib yurdi. Uni (ko'krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki), “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”.
Qur'oni karim oyatlarida farzandlarga yaxshilik qilishdan ko'ra ota-onaga yaxshilik qilish xususida ko'p aytilgan. Chunki, ota‑onaga farzandinga yaxshilik qil deb aytish shart emas. Ular o'zlari emay ediradilar, kiymay kiydiradilar. Farzand uchun barcha rohatlaridan voz kechadilar. Ularning bu xislatlari barchaning ehtiromiga loyiq.
Payg'ambarimiz alayhissalom “Jannat onalar oyog'i ostidadir” deganlar. Onalarga itoatkor bo'lish va ularni rozi qilish jannatga kirishga sabab bo'ladi. Yuqoridagi hadisdan murod, onaga yaxshilik qilish va uning xizmatini qilishda uning oyoqlari ostidagi tuproqdek bo'lish kerak.... deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bir muborak hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib duolarini olish, ularni norozi qilib qo'ymaslik, ranjitib qo'ymaslik haqida ko'p marhamat qilganlar. Hatto ular vafotlaridan keyin ham farzand zimmasida haqlari borligini ta'kidlaganlar.
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: Amallarning qaysi biri afzal? deb so'radim. Vaqtida o'qilgan namoz dedilar. Keyin nima? dedim. Ota-onaga yaxshilik qilish dedilar.
Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandga quyidagicha asosiy foydalar bor:
1. Umri ziyoda va barakali bo'ladi.
2. Amallari qabul bo'ladi va jannatga kiradi.
3. Gunohlari mag'firat qilinadi va tavbasi qabul bo'ladi.
4. Duosi ijobat bo'ladi.
5. G'am tashvishi ketadi va mushkuli oson bo'ladi.
Zar qadriga zargar etadi deganlaridek, ota-onaning qadriga bu ummatning ulug'lari etganlar. Quyida ularning hayotlaridan ba'zi lavhalarni keltiramiz, shoyadki, ibrat olib bizlar ham o'zimizni o'nglab olsak.
Boyazid Bistomiy hazratlari ulug' olimlardan, valiyyulloxlardan bo'lganlar. U Zot aytadilar: Sovuq bir qish kechasi edi. Onam uyg'onib, suv ichishni istadilar. Men darrov suv olish uchun o'rnimdan turdim. Lekin idishda suv yo'q edi. Buloq boshiga borib, idishga suv to'ldirdim. Uyga kelganimda onamning yana uxlab qolganlarini ko'rdim. Uyg'otishga ko'zim qiymadi. Idishni qo'targanimcha uzoq muddat kutdim. Kun juda sovuqligi sababli qo'lim idishga yopishib qolgan edi. Ancha vaqtdan keyin onam yana uyg'onib suv so'radilar. Men idishni uzatganimda qo'limning terisi shilinib qonab ketdi, bu holni ko'rib onam: “Yo Allohim, men o'g'limdan roziman. Sen ham rozi bo'l!” deb duo qildilar. Onalariga qilgan yaxshiliklari, xizmatlari va onalarining mana shu duolari sababli Alloh taolo Boyazid Bistomiy hazratlariga olim va avliyo bo'lishlik baxtini ato qildi.
Ota-onalarimiz hayot bo'lsalar, ularni rozi qilib xayrli duolarini olib qolmoqlikni biz farzandlarga Alloh taolo nasib etsin.