"Kusherbayevga murojaat" telegram-kanalida Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Bahor MFY, A.Navoiy ko‘chasi, 3-uyda yashovchi Soy Zinaida Anatolevna tomonidan yo‘llangan murojaat e’lon qilindi.
"Nabiram Kim David Davronovich (09.06.2012 yilda tug‘ilgan) 2-guruh nogironi. Tashxisi: davolash va parvarishlash talab qiladigan xulq-atvor buzilishi, og‘ir darajadagi aqliy qoloqlik.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Maxsus komissiyasining 11.07.2018 yildagi 14-sonli qarori bilan Toshkent shahar "Muruvvat" nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 2-sonli internat uyiga 03.12.2018 yildan qabul qilingan.
Shu yil 12 noyabr kuni nabiramni ko‘rishga borganimda, ahvoli og‘irlashganini ko‘rib uyga dam olishi uchun olib keldim.
Mazkur muruvvat uyiga borganimda bolalar batareyalarga qimirlay olmaydigan darajada qattiq bog‘lab qo‘yilganligi va bunday vaxshiylikka chiday olmasdan baqirib yig‘layotganligini ko‘rib "shok"ka tushib qoldim.
Nabiramni uyga olib kelganimizda, tanasining bo‘yin qismidan qo‘llarning qo‘ltiq qismiga yo‘nalish bo‘ylab bo‘g‘ib bog‘langan ip (arqon)ning shilingan izlari mavjudligi, belning pastki qismi va dumba qismlari shilingan va juda qizarganligi aniqlandi. Bundan tashqari, u faqatgina "opa", "ovqat" va "yeban" so‘zlarini takrorlardi.
U yerda tarbiyachilar bolalarni och qoldirib, urib-so‘kib tarbiyalashlari oqibatida, yuqoridagi kabi uyatsiz so‘zlar bolalarga sindrom bo‘lib qolgan. Muruvvat uyiga berilishidan oldin nabiram yugurib o‘ynab yurar edi. Hozir esa nogironlik aravachasida va juda ozib ketgan. Ham ruhiy ham jismoniy jihatdan orqaga ketgan. Yoniga odam yaqinlashsa qo‘rqib, o‘zini olib qochadigan bo‘lib qolgan. Uxlaganda faqat tepaga qarab uxlayabdi, yon tomonlarga bemalol qayrilib yota olmayabdi.
Nabiramning nuqsoni aqliy faoliyatida edi, jismoniy jihatdan emas. 2-guruh nabiramni 1-guruh qilib qo‘yishdi.
Nabiramdagi tana jarohatlarini ko‘rib, muruvvat uyiga bordim va hujjatlarni berishlarini va nima sababdan bolada bunday jarohatlar paydo bo‘lganini, qanday muolajalar qilinganini va nega tanasi yomon ahvolga kelganini tushuntirib berishlarini talab qilganimda, hammasi jim.
Majburan e’tiroz yo‘qligi to‘g‘risida tilxat yozib berishimni aytishdi, unday qilmadim. Ustimizdan shikoyat qilmoqchimisiz yoki deyishdi.
Koridorda o‘tirganimizda IIB xodimlari kelib, ma’muriyat bilan nimalarnidir pichirlashdi. Mabodo ariza yozadigan bo‘lsa, "o‘zimizni" IIB xodimlar srazu qabul qilib oladi degan ma’noda "o‘zinikilarni" chaqirishgan.
IIB ham bular bilan "za odno" ekan. Shuning uchun qayerga borish, kimga murojaat qilishni bilmay qoldim.
Ushbu "Muruvvat uyi"dagi ahvoldan Ijtimoiy himoya milliy agentligining rahbarlaridan hisoblanmish Mirziyoyeva Shahnoza Shavkatovnaning bu "tizim"dan xabari bormikan?
Yoshim 62 da, nabiramni bir o‘zim qarayman. Ayni paytda davolashga va advokatga imkoniyatim yo‘q. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarovchilar uchun moddiy ta’minot va imtiyozlar nazarda tutilgan bo‘lsada, mahalla umuman hech qanday yordam ko‘rsatmayabdi.
Shu o‘rinda farzandlari yoki yaqinlari mazkur muruvvat uyi qaramog‘ida bo‘lganlarga murojaatim: zudlik bilan borib, bolalarni yechintirib, tanalarini barcha qismlarini tekshirib turing! Sharoitingiz bo‘lsa, uyda qarang, alohida ishchi yollab bo‘lsa ham.
Holat yuzasidan IIV tomonidan tanadagi jaroxatlar yo‘qolib ketmasligi uchun zudlik bilan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanishini, Bosh prokuratura, Bolalar ombudsmani, Ijtimoy himoya milliy agentligi va boshqa tashkilotlardan muruvvat uyini vaxshiy tizimdan tozalab, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, aybdorlarga chora ko‘rishlarini va so‘rayman!", — deyiladi murojaatda.