Joriy yil 15-oktyabr kuni Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi 36-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchining onasi va oʻqituvchi ayol oʻrtasida ziddiyat kelib chiqib, urishib ketishgani haqida xabar berilgandi.
Bosh prokuratura axborot xizmati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Unga koʻra, holat yuzasidan ichki ishlar organi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, fuqaro S.R.ga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 41 (Tuhmat) va 52 (Yengil tan jarohati yetkazish) moddalari 2-qismi, G.R.ga nisbatan MJtKning 52-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish qoʻzgʻatilib, toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.
“Mazkur qaror prokuratura tomonidan nazorat tartibida oʻrganilib, asossiz boʻlganligi sababli bekor qilingan va 18-noyabr kuni fuqaro S.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda jinoyat ishi tergov harakatlarini oʻtkazish uchun ichki ishlar organiga yuborilgan”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Jinoyat ishi tergovi Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani maʼlum qilingan.