Har bir insonning bolaligi – uning hayotidagi eng quvonchli va unutilmas damlari bilan yodda qoladi. Bugungi qahramonimiz Rasul Kusherbayev bo'ldi. U bugun bolalik davrlariga qaytib, eng sevimli xotiralari, o‘rgangan saboqlari va hayotga bo‘lgan qarashlari haqida so‘zlab berdi.
— Bolaligingiz qayerda o'tgan?
— Men 1987-yil 12-yanvarda Toshkent viloyati, Yangiyo'l tumanidagi Qo'shyog'och qishlog'ida tug'ilganman. Bolaligimning asosiy qismi shu qishloqida o‘tgan. Bu joylar avval Jambul deb atalardi, hozir esa eski Qovunchi hududidagi Saxovat mahallasi deyiladi.
Oilada to‘rt farzand bo'lganmiz. Men to‘ng‘ich farzandman, mendan keyin ikki ukam va bir singlim bor. Ko‘pchilik qatori men ham oddiy qishloqdan chiqqanman. Qishloq hayoti menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi va bu joyda o‘tgan yillarim doimo xotiramda qoladi.
— Ota-onagiz qanday tarbiya bergan? Tarbiya uslubi qanday edi?
— Ota-onam aynan qanday usulda tarbiya berganini aniq aytish qiyin, lekin ular yaxshi tarbiya berishganini hech ikkilanmay ayta olaman. Otam qattiqqo‘l inson edi, bu esa har bir otada bo'lishi kerak bo'lgan xislatdir. Biz, farzandlar, ba’zan ko‘p masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri otamizga ayta olmasdik, shuning uchun onamizga murojaat qilardik.
Ota-onam bizga doimo yaxshi axloq, mehnatsevarlik va halollikni o‘rgatishgan. Ularning tarbiyasi bizning hayotimizda muhim rol o‘ynadi va o‘sha yillar davomida olingan saboqlar hozir ham menga yordam beradi.
— Bolalikdagi eng sevimli xotiralaringiz?
— Bolalikdagi eng yorqin va sevimli xotiralarimdan biri – mol boqish paytida Chirchiq daryosi bo‘ylarida yurishimiz edi. O‘sha vaqtlar tabiat qo‘ynida bo‘lishni juda yaxshi ko‘rardim. Daryo bo‘ylari, daraxtlar va o‘rmonzorlar men uchun alohida ahamiyatga ega edi. Hozir, afsuski, shu joylar yo‘q, lekin bolaligimning ko‘p qismi aynan ana shu daryo bo‘ylarida, to‘qayzorlarda o‘tgan. Biz o‘sha yerlarda o‘ynab katta bo‘lganmiz va shu damlarni juda sog‘inaman.
— Bolalikni qaysi davriga qaytishni xohlardingiz?
— Bu savolga aniq javob berish qiyin. Lekin agar imkon bo‘lsa, 6-sinfni tugatib, 7-sinfga o‘tishimdan oldingi davrga qaytishni istardim. Chunki o‘sha paytlar qishloqdagi maktabda o‘qirdim va bolaligim ana shu yerda o‘tgan. Toshkentga kelib, 7-sinfda o‘qishni boshlaganimda, birdan katta bo‘lib qolgandek his qilganman. Go‘yo bolaligim Toshkentning muammolari, havosi va muhiti orasida yo‘qolib ketgandek tuyulgan.
— Bolalikdagi xatoliklaringizdan nima o'rgandingiz?
— Bolalikdagi xatolarim haqida o‘ylaganimda, otamning ko‘p bora aytgan so‘zlari yodimga tushadi. Ular har doim: “Har bir ishni o‘z vaqtida va o‘z joyida qilish kerak. Agar to‘g‘ri tanlay olmasang yoki biror narsaning qadriga yetmasang, xato qilgan bo‘lasan”, deb ta’kidlar edilar. Bolalikda aynan shu saboqni o‘rganganman.
— Rasul Kusherbayev bolalikdagi Rasulga nima degan bo'lardi?
— Bu ham javob berish qiyin bo‘lgan savol ekan, lekin o‘sha bolalikdagi o‘zimga shunday degan bo‘lardim: Hayotda qanday bo‘lmasin, o‘zingga ishon. Xatolarga ko‘p yopishib qolma, ular faqat o‘rganish uchun. Har doim oldinga intil va ortga qarama. Xato qilish – bu tabiiy, lekin ular seni to‘xtatmasligi kerak. Qattiq tur va kelajakka ishonch bilan qadam qo‘y.
Hayotda eng muhim narsa – har qanday sharoitda o‘zligingni yo‘qotmaslik. Qiyinchiliklar va xatolar hayotning bir qismi, lekin ular seni sindira olmaydi, aksincha, kuchliroq qiladi. Orzularingdan hech qachon voz kechma va doimo oldinga intil. Har bir qiyinchilik ortidan yangi imkoniyatlar keladi, shuning uchun ishonch va qat'iyat bilan hayotingni davom ettir.
Dilmurod Tilovov suhbatlashdi