Bolaning hayoti va sogʻligʻi bevosita xavf ostida qolganda vakolatli davlat organi bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olib qoʻyishga doir choralar koʻrishga haqlidir. Bu haqdagi norma 2024-yil 14-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi 996-sonli Qonunda belgilab qoʻyilgan.
Unga koʻra, bolani zudlik bilan olib qoʻyish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan profilaktika inspektori ishtirokida amalga oshiriladi.
Bola olib koʻyilganda vakolatli davlat organi zudlik bilan prokurorga xabar berishi, bolaning vaktincha joylashtirilishini taʼminlashi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan bolani olib koʻyish haqida hujjat qabul qilinganidan keyin yetti kun ichida ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat etishi shart.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Ota-onasidan tortib olingan bolaning keyingi taqdiri nima boʻladi, u qayerda, kimning qaramogʻida qoladi?
2025-yilning 15-mayidan kuchga kirishi belgilangan ushbu qonunchilikda bola ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan olib qoʻyilganda, u kuyidagi joylarga (joylashtirish ustuvorligi tartibida) joylashtirilishi mumkinligi qayd etilgan:
- bolaning manfaatlariga muvofiq shart-sharoitlar yarata oladigan ota-onaning birinikiga;
- bolaning qarindoshlarinikiga;
- bolaga gʻamxoʻrlik koʻrsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;
- vakolatli davlat organining hisobida turgan shaxslarnikiga;
- tibbiyot muassasasiga (bolaning sogʻligʻida muammolar boʻlganda);
- zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga.
Agar bolani oilaga joylashtirish imkoniyati boʻlmasa, uni ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirish eng oxirgi choradir.