Farg‘onalik Bahodir Jo‘rayev – joriy yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni
qo‘lga kiritgan.
Farg‘ona shahridagi 19-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi B. Jo‘rayev – yosh, kreativ fikrlaydigan, tashabbuskor, yangilikka intiluvchan o‘qituvchilardan. O‘quvchilari turli tanlov, fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashib keladi. Muallim darsdan so‘ng o‘quvchilarini oliy ta’limning kirish imtihonlariga tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi. Pedagogning maktablarda o‘quvchilarni mustaqillik va faollik prinsipi asosida o‘qitish bo‘yicha uslubiy tavsiyalari va qo‘llanmalari chop etilgan. Dars mashg‘ulotlari shahar va viloyat miqyosida ommalashtirilgan.
– Olti yildan buyon shu maktabda o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berib kelaman, - deydi Bahodir Jo‘rayev. – O‘z ustimda tinimsiz ishlashni odat qilganman. Dars berish uslubi ustida ko‘p o‘ylayman. Har bir o‘quvchimning qobiliyati, imkoniyatini hisobga olib, talablar qo‘yaman. Shunday dars berayki, o‘quvchilarimning fikrlash doirasi kengaysin, o‘ziga ishonsin, o‘zini va ustozini hurmat qilsin. “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lganim menga yanada shijoat, kuch-g‘ayrat berdi. Shu bilan birga, zimmamga yana katta mas’uliyat yukladi.
Bahodir Jo‘rayevning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari zamirida, avvalo, maktabdagi, universitetdagi ustozlari, oiladagi sog‘lom muhit, o‘qituvchilar oilasidan ekanligi ham muhim ahamiyat kasb etgandir. U o‘qituvchilar oilasining davomchisi. Otasi Jahongir Jo‘rayev ham, onasi Hidoyatxon Jo‘rayeva ham ingliz tili fani o‘qituvchilari.
Ma’rifatli insonlarning zurriyotlaridan ma’rifat uchun kurashchilar chiqadi. B. Jo‘rayev ham ana shunday sharafli taqdir egalaridan.