Kollejlar va kasb-hunar maktablari texnikumlarga aylantiriladi

22.10.2024 16:00
eye icon18
Kollejlar va kasb-hunar maktablari texnikumlarga aylantiriladi
Bugungi kungacha professional taʼlim tizimi 3 turdagi muassasalardan iborat edi.

Bunda ularning soni:

— kasb-hunar maktabi – 333 ta;

— kollej – 112 ta;

— texnikum – 227 tani (jami 672 ta) tashkil qilgan.

Ushbu taʼlim maskanlari aynan tabaqalashgani va dasturlari oʻrtasida uzviylik boʻlmagani oqibatida ularning quvvatlaridan unumli foydalanilmay kelinayotgan edi.

Endilikda esa Prezident farmoni bilan mazkur 3 turdagi kasb oʻrgatuvchi tashkilotlar yagona muassasa – texnikumlarga aylantiriladi. Bunda 672 ta muassasadan 600 tasi texnikumga aylantirilsa, 71 tasi maktablarga berilib, 42 mingta yangi oʻquvchi oʻrinlari yaratiladi.

Barcha dasturlarni bitta muassasa negizida oʻqitish natijasida esa taʼlim darajalarining uzviyligi, uzluksizligi va integratsiyasi taʼminlanadi hamda ularning smena koeffitsiyenti normallashadi.

Masalan, professional va oliy taʼlim modullarini yagona dasturga birlashtirish mumkin boʻladi. Oʻqitish esa “2+2”, “1+3” tarzida moslashuvchan dasturlar boʻyicha yoʻlga qoʻyiladi.

“Texnikumlarda oʻqish muddatlari va davomiyligi kasb murakkabligi va oʻquvchining taʼlim darajasiga qarab belgilanadi. Misol uchun, “Ekspeditor” kasbi boʻyicha 9-sinf bitiruvchisi 3-yil oʻqisa, 11-sinf bitiruvchisi 2-yil oʻqiydi”, deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova.

Uzviylik tamoyiliga asosan, oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarining bitiruvchilari oʻzlashtirgan modullari, toʻplangan kreditlari va oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar oʻrtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning muayyan bosqichidan oʻqishni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Texnikumlarning mustaqilligi ham kengaytiriladi. Xususan, ularga ish beruvchilar talabi asosida fanlar soni va soatlarini 30 foizgacha oʻzgartirish va qoʻshma dasturlarni joriy qilish vakolati beriladi. Shuningdek, texnikumlar buyurtmachilar bilan kontrakt asosida kadrlarni tayyorlash boʻyicha shartnomalar tuzish, ushbu dasturlarning qabul parametrlari, taʼlim tili va qiymatini ham mustaqil belgilay oladi. Bundan tashqari, ularda mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish, tushgan pullar hisobidan oʻzining moddiy holatini yaxshilash, oʻquvchilar va pedagoglarni ragʻbatlantirish huquqi boʻladi.

Kasb-hunarga oʻrgatishning yangi tarmogʻida darslar xalqaro taʼlim dasturlari asosida tashkil etiladi. Avvalo tajriba tariqasida dasturlar sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda 12 ta kvalifikatsiya boʻyicha Pirson kompaniyasining BITEK dasturini joriy qilinadi. Bunda har bitta texnikumda BITEK dasturi boʻyicha alohida boʻlim tuziladi. Boʻlim xodimlari Pirson kompaniyasi bilan hamkorlikda dastur joriy qilinishini toʻliq muvofiqlashtirib boradi. BITEK dasturiga moslashtirilgan muassasalarga toʻliq akademik mustaqillik beriladi.

Mazkur dastur natijasidan kelib chiqib, ushbu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etiladi.

Oʻqitish jarayoniga ish beruvchilar keng jalb qilinadi. Joriy tartib qoidasiga koʻra, qabul parametrlari va taʼlim dasturlari ish beruvchilar talabi asosida emas, balki taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilar va mavjud asbob-uskunalardan kelib chiqqan holda shakllantirilar edi. Oqibatda muayyan hududlarda muayyan oʻrta boʻgʻin kadrlarga ehtiyoj boʻlsa-da, oʻsha hududda joylashgan texnikumda ushbu sohada mutaxassislar tayyorlanmasdi.

Endi bunday holat takrorlanmasligi uchun qabul parametrlarini shakllantirish boʻyicha elektron platforma yaratiladi. Bunda barcha vazirlik va ish beruvchilar unga ulanadi. Texnikumlarning taʼlim dasturlari tarmoq kengashlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan soʻng amaliyotga kiritiladi.

Bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi ish beruvchilar va uyushmalar vakillari ishtirokida amaliy imtihon shaklida oʻtkaziladi. Professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilar bilimini yakuniy baholash asosan muassasadagi xodimlardan tashkil topgan komissiya tomonidan oʻtkazilishga barham beriladi.

Oldingi tajribaga asosan, maʼlum bir tarmoq boʻyicha ayrim professional taʼlim muassasalari qaysidir vazirlik qaramogʻida edi. Endi yangi tartibga koʻra, barcha texnikumlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufiga oʻtkaziladi.

Shu sababli ham mazkur vazirlik taʼlim muassasalarida oʻqitilishi mumkin boʻlgan kasblar roʻyxati, ular boʻyicha beriladigan malaka darajalari va oʻqitishning minimal muddatlarini belgilaydi.

Texnikumlarning direktor va direktor oʻrinbosari lavozimlariga talabgorlarni tanlash Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining onlayn platformasi orqali ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

Texnikum direktorlari bilan 3 yillik mehnat shartnomasini tuzish va faoliyat natijasidan kelib chiqib, ular bilan shartnomani uzaytirish yoki bekor qilish tartibi joriy etiladi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img