Turkiyada 8 yoshli Narin Gyuranning o‘limi butun mamlakatni larzaga soldi, biroq bu qizni tanigan qishloqdoshlarining barchasi uning o‘limi haqida sukut saqlamoqda. Turkiya esa bolalarga nisbatan qancha jinoyat sodir etilishi to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlarni ochiqlamagan.
Germaniyaning Deutsche Welle nashri jurnalistlari mazkur voqea yuzasidan jurnalistik surishtiruvlar olib borgan. Maqola mualliflarining yozishicha, bir oy oldin Turkiya janubi-sharqidagi viloyat markazi Diyarbakir yaqinida joylashgan Tavshantepa qishlog‘i haqida deyarli hech kim bilmagan. Sakkiz yoshli Narin Gyuran 21 avgust kuni u yerda g‘oyib bo‘lib, uning jasadi 19 kundan keyin topilgani hammasini keskin o‘zgartirgan. Jinoyat butun Turkiyani larzaga solgan va sodir bo‘lgan voqealarga e’tiborni kuchaytirgan.
Bu vaqt ichida Narinning bir qancha eng yaqin qarindoshlari qotillikda gumonlanib hibsga olingan. Ammo qishloqda sukunat hukm surmoqda, hech kim deyarli hech narsa demaydi, hech kim shubhali narsani ko‘rgani yoki eshitgani haqida xabar bermaydi va bu butun mamlakat bo‘ylab norozilikka sabab bo‘lmoqda.
Qabriston ziyoratgohga aylandi
Tavshantepaga faqat yaqin atrofdagi daryodan sug‘oriladigan, zich o‘sgan makkajo‘xori dalalaridan o‘tgan kichik kirish yo‘li orqali boriladi. Narinning qopga solingan jasadi shu daryo bo‘yidan topilgan. Yo‘l qishloq markaziga yetib borguncha kichik qabristondan o‘tadi. Bu yer odatda tinch. Ammo hozir marhum qizning qabriga har kuni yuzlab odamlar gullar, yumshoq o‘yinchoqlar va bolalar chizgan rasmlarni olib kelishmoqda. Narinning qabri ustida turk bayrog‘i hilpirab, uning oyoq tomoniga zaytun daraxti o‘tqazilgan.
Qabristonda sakkiz yoshli bolaga hamdardlik bildirilgan yuzlab gulchambarlar bor. Odamlar ibodat qilish uchun kelishadi, Qur’on oyatlarini o‘qishadi yoki Naringa qilingan ishlardan g‘azablanishadi. Butun Turkiyada bo‘lgani kabi bu yerga kelgan har bir kishi qizning o‘limi kimga va nimaga kerak bo‘lganini bilishni istaydi.
"Bu begunoh go‘dakni o‘ldirganlar eng og‘ir jazoni olishi kerak, qishloqdagi odamlar hech narsani bilmaydimi? Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch allaqachon Tavshantepaga tashrif buyurgan va Prezident Rejep Toyyip Erdo‘g‘an sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tushuntirish berishga va’da bergan. Ikkalasi ham aybdorlar eng og‘ir jazoga tortilishiga ishontirmoqda", — deydi ziyoratga kelganlardan biri Diyarbakirlik Ahmet Oydin.
"Biz hammamiz gumondormiz"
Jandarmeriya otryadlari qishloqning bir nechta ko‘chalarida turishib, o‘tib ketayotganlarni tekshiradi. Ularning aytishicha, fojiadan keyin aholining bir qismi allaqachon qishloqni tark etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi hali yakunlanmagan. Tergovchilar bola o'z uyi yoki molxonasi atrofidagi yerda o‘ldirilgan, deb gumon qilmoqda — ehtimol, jinoyatchi oilaning yaqin atrofidagilardan kimdir bo‘lgan. Gyuranlar oilasining uyi hozir bo‘m-bo‘sh, ba’zi a’zolarining qayerda ekani noma’lum. Ammo, aytilishicha, vaqti-vaqti bilan ba’zi odamlar uyga kelib turishadi.
Umumxalq g‘azabining sabablaridan biri 550 ga yaqin aholi istiqomat qiladigan butun qishloq o‘jarlik bilan sukut saqlayotganidir. DW muxbiri Tavshantepa bo‘ylab yurib, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan savollarga javob berishga rozi bo‘lgan keksa odamni uchratadi. Suhbatdoshning aytishicha, Narinning oilasi haqoratlanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, butun qishloq umumiy shubha ostida, shuning uchun mahalliy aholi juda xavotirda. "Biz hammamiz gumondormiz, agar kimdir nimanidir bilsa, albatta, haqiqatni aytishi kerak", — deydi suhbatdosh.
"Oila a’zolari kelishib, barcha tafsilotlarni sir saqlashga qaror qilgan"
Ayni paytda, Narinning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov doirasida 300 nafarga yaqin odam so‘roq qilingan. Oilaning bir qancha a’zolari, jumladan, Narinning onasi va ukasi ham gumon qilinib, hibsda saqlanmoqda. Hozirgacha jami o‘n ikki kishi hibsga olingan bo‘lib, ular orasida Tavshantepa raisi, Narinning amakisi ham bor. Uning mashinasida o‘lgan qizning DNK izlari topilgan. Tergovchilarning fikricha, bu shaxs Narinning o‘ldirilishida yoki hech bo‘lmaganda uning jasadini daryo bo'yiga olib borishda ishtirok etgan – oila a’zolari esa uning jasadini dafn etish kerak degan qarorga kelgani aytilmoqda.
Sud-tibbiyot ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, qiz bo‘g‘ib o‘ldirilgan. DW tergov guruhining bir a’zosi bilan gaplashdi, u butun qishloq nima bo‘lganini bilishini aytdi. "Narin qishlog‘ida biz bilmaydigan to‘satdan sodir bo‘lgan voqea natijasida halok bo‘ldi. Shundan so‘ng, oila a’zolari yig‘ilib, hamma narsani sir saqlashga qaror qildi", — deya tergovchidan iqtibos keltiradi muxbir.
"Biz Narinni qidirib yurganimizda qishloq aholisi uning vafot etganini allaqon bilgan, shundan keyin jasad topildi. Oila a’zolari yig‘ilib, Naringa bag‘ishlab chuqur motam bilan Qur’on tilovatini boshlagani esa taxminlarimizni tasdiqladi. Nuranning o‘limi kimga va nimaga kerak bo‘lgani hozircha noma’lum, tergov davom etmoqda. Hozircha Narinning amakisining do‘sti uni daryo bo‘yiga ko‘mganini tan oldi, boshqa hibsga olinganlar esa ko‘rsatma berishdan bosh tortmoqda va o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etmoqda", — deya qo‘shimcha qilgan boshqa bir tergovchi.
Mersin universiteti bolalarni himoya qilish markazi direktori va kriminolog Xalis Dokgo‘zning aytishicha, marhumaning olasi va ijtimoiy doirasi jinoyatchini himoya qilmoqda. Bu mintaqadagi hayot an’anaviy ravishda konservativ va qabilaviy tuzilmalarga asoslangan. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bunday jamoalarda bolalar odatda obyekt sifatida qabul qilinadi va ularning o‘limining ahamiyati past bo‘ladi hamda bunday holatlarda jinoyatchi ham asosan marhumning yaqinlaridan bo‘ladi.