Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 188-maktab o'quvchisining kaltaklangani aks etgan video tarqalgan edi.
Bolalarolami.uz ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangani haqida xabar bergandi.
Bolalar ombudsmani Axborot xizmati o'z o'rnida "pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerakligini" eslatib o'tdi.
"Nomunosib xulqli, bola sog‘lig‘i uchun xavfli shaxslar ta’lim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas", — deyiladi Bolalar ombudsmani munosabatida.
Shuningdek, 188-maktabdagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili M. Zaharova O'zbekistondan rasmiy tushuntirish so'raganini bildirdi.
"O‘zbekiston tomoni OAVda tarqalgan materialga zudlik bilan huquqiy baho berish va agar asoslansa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko‘rish so‘raladi. Biz bu masalani diqqat bilan kuzatib boramiz", — deyiladi Rossiya TIV saytida berilgan xabarda.
Ushbu holatga O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov munosabat bildirib, "bizning ishlarimiz haqida bosh qotirguncha, o'zlarining ichki ishlari bilan shug'ullanishsa, to'g'ri bo'lardi" deb yozdi.
"Bola huquqi O'zbekiston Respublikasining maktabida, O'zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O'zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko'riladi!
Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha o'zlarining muammolarga to'la ishlari bilan shug'ullanishsa to'g'ri bo'lar edi.
Tekis joyda to'polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi degan xulosaga ertaroq shekilli", — dedi Alisher Keldiyevich.
Aslida ham O'zbekiston hududida, O'zbekiston fuqarolari o'rtasida bo'layotgan holatlarga boshqa davlatlarning, xususan, Rossiyaning rasmiy tarzda aralashuvi amaldagi qonun tomonlama ham to'g'ri emas. O'zbekiston tomoni esa aynan Rossiya so'rov yuborgani uchun emas, bola huquqlari buzilgani uchungina jazo chorasini ko'rishi kerak va bu haqida boshqa davlatlarga tushuntirish berishga majbur emas.