Bolalarda uchraydigan kamqonlikning sabablari

19.09.2024 13:50
eye icon128
Bolalarda uchraydigan kamqonlikning sabablari
Anemiya – xalq orasida kamqonlik deb ham ataladigan, butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan kasalliklardan biri. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda ayollarning 30 foizi, homiladorlarning 37 foizi va 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 40 foizi ushbu kasallikdan aziyat chekadi. Anemiya organizmda temir yetishmovchiligi tufayli yuzaga keladi va u nafaqat kattalar, balki bolalar orasida ham keng tarqalgan.

Anemiyaning kelib chiqish sabablari

Anemiya gemoglobin miqdorining kamayishi natijasida organizmda kislorod tanqisligi paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Gemoglobin qizil qon tanachalari tarkibidagi murakkab oqsil bo‘lib, tana hujayralariga kislorod yetkazib berish vazifasini bajaradi. Agar qon tarkibida gemoglobin yetishmasa, tanada turli kasalliklarning rivojlanishi mumkin.

Sherzod Nurinbetov, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, anemiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar haqida quyidagilarni ta'kidladi: "Temir moddasining yetishmovchiligi kundalik iste’mol qilinadigan mahsulotlarda kerakli vitamin va ozuqa moddalarining yetarli bo‘lmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi bilan bog‘liq. Homiladorlik davridagi muammolar — qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar, shuningdek, erta tug‘ilgan chaqaloqlarda ham anemiya ko‘p uchraydi."

Anemiyaning belgilari

Anemiyaning belgilari bir qancha jismoniy va hissiy o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladi. Anemiya rivojlanishi bilan bemorlarda quyidagi belgilar kuzatiladi:

Kamharakatlik va tez charchash
Uyquchanlik va ishtahaning pasayishi
Teri oqarishi, tirnoqlar va sochlarning mo‘rtlashishi
Tilning yallig‘lanishi va og‘iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo‘lishi
Asab tizimi faoliyatining buzilishi: bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i va quloqlarda shovqin
Qo‘l va oyoqlarning sovuq bo‘lishi
Kasallikning og‘ir shakllarida esa hushdan ketish, taxikardiya va nafas qisishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Anemiya bilan og‘rigan go‘daklar esa rivojlanishda ortda qolib, yuqumli kasalliklarga tez chalinadi.

Anemiyaning xavfli asoratlari

Anemiyaning og‘ir shakllari yurak va o‘pka faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, natijada taxikardiya, nafas qisishi, bosh aylanishi va hushdan ketishga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, bolalarda o‘sish va rivojlanish jarayonlarida jiddiy orqada qolish kuzatiladi.

Anemiyani tashxislash va davolash

Kasallikni erta aniqlash juda muhim. Tashxis qo‘yish jarayonida pediatr ko‘rigidan o‘tish, shuningdek, gematolog, gastroenterolog, nefrolog kabi mutaxassislar maslahatini olish lozim. Anemiyaning yengil shakllari temir moddasiga boy mahsulotlar iste’moli va maxsus parhezlar yordamida davolanadi. Og‘ir shakllarda esa shifokor tomonidan maxsus dori-darmonlar tayinlanadi, ba'zi hollarda qon quyish talab qilinishi mumkin.

Davolash jarayonida bemorlarga sog‘lom ovqatlanish, toza havoda sayr qilish, jismoniy faol hayot tarzi va uyqu rejimiga qat'iy amal qilish tavsiya etiladi. Shu orqali organizmdagi temir yetishmovchiligini bartaraf etish va kasallikning oldini olish mumkin.

Anemiya hayot sifati va sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi, shuning uchun uni erta aniqlash va samarali davolash muhim ahamiyatga ega.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img