Homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar

18.09.2024 09:52
eye icon128
Homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar
Homiladorlik davrida sog‘lom ovqatlanish nafaqat ayolning salomatligi, balki tug‘ilajak farzandning sog‘lom rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, bo‘lajak onalar bu davrda qanday ovqatlar iste’mol qilishlariga alohida e’tibor berishlari lozim. Akusher-ginekolog Arofat Isayeva homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha quyidagi muhim tavsiyalarni berdi.

Homiladorlikda ayol organizmi qo‘shimcha energiya va ozuqa moddalariga muhtoj bo‘ladi. Arofat Isayeva ta'kidlaganidek, bu davrda sog‘lom va xilma-xil ovqatlanish alohida e’tiborga loyiqdir. Garchi birinchi uch oylikda energiyaga bo‘lgan talab kamroq bo‘lsa-da, ikkinchi va uchinchi uch oylikda kunlik qo‘shimcha 300-500 kkal ozuqa kerak bo‘ladi. Biroq bu, ortiqcha ovqat yeyish degani emas, balki iste’mol qilinadigan oziq-ovqatning sifatiga e’tibor berish kerakligini anglatadi.

Oqsil homilaning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan asosiy moddalardan biri hisoblanadi. U hujayralar va organlarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Oqsillarni tovuq va mol go‘shti, baliq, tuxum, pishloq, qatiq kabi sut mahsulotlari, shuningdek, mosh va yasmiq tarkibidan olish mumkin.

Homiladorlikning birinchi bosqichlarida foliy kislotasi markaziy asab tizimi rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Bargli ko‘katlar, apelsin, limon va donli mahsulotlar foliy kislotasining yaxshi manbalari sanaladi.

Temir moddasining yetishmasligi homiladorlikda anemiyaga olib kelishi mumkin. Shu sababli, ismaloq, brokolli, qovoq urug‘i, kurka go‘shti va jigar kabi temir moddasiga boy oziq-ovqatlarni rasionga kiritish muhimdir.

Kalsiy ham ona va homila uchun zarur bo‘lib, suyaklar va tishlarning shakllanishida asosiy rol o‘ynaydi. Sut mahsulotlari, bodom, kunjut va sardina balig‘i kalsiyning eng yaxshi manbalaridir.

Homiladorlikda suyuqlik iste’moli ham muhim sanaladi. Kuniga 8-10 stakan toza suv ichish ayol organizmining yaxshi ishlashi va homilaning sog‘lom rivojlanishi uchun foydalidir.

Homilador ayollar ovqatni tez-tez va oz-ozdan iste’mol qilishlari tavsiya etiladi. Ichaklar faoliyati uchun meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Agar ich qotishi muammosi mavjud bo‘lsa, quritilgan olxo‘ri bu borada yordam berishi mumkin.

Sho‘r va dudlangan mahsulotlar, tuzlangan sabzavotlar, souslar hamda achchiq ovqatlar, kofein va spirtli ichimliklardan voz kechish tavsiya etiladi, chunki bu mahsulotlar ayol buyraklariga ortiqcha yuk solishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanish ona va tug‘ilajak farzand uchun muhimdir. Oziq-ovqatlar sifatiga, vitaminlar va minerallar balansiga e’tibor qaratish ona va bola salomatligining garovi hisoblanadi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img