Oʻtgan yili davomatdan juda qiynaldim. Har tong kunimni sinf guruhiga xabar yozishdan boshlardim. “Iltimos, bugun hamma darsga kelsin!”
Koʻpchilik oʻquvchilar qoʻshimcha mashgʻulotlarga borgani sababli, kech kelar, tun yarmigacha dars tayyorlab, telefon oʻynab, tongga yaqin uxlab qolardi. Uni endi men bu yoqda qolib, ota-onasi ham zambarak otib uygʻotolmaydi!
Faqat bitta oʻquvchim darsga kech qolmaydi, qochib ketmaydi.
Shu oʻquvchim nufuzli oliygohga oʻqishga kiribdi. Hamma xayron. Axir u hech qachon qoʻshimcha mashgʻulotlarga bormagan, maktabda ham aʼlochi oʻquvchilardan emasdi-ku?!
Hamma dunyoni oʻz qarichi bilan oʻlchaydi. Hammaning oʻz eʼtiqodi bor. Ammo hech kim uning oʻqishga kirgani sababini topolmadi.
Buning sababini faqat men bilardim.
Har tong yuragimni hovuchlab ishga kelarkanman “Bugun nechta oʻquvchim darsga kelmas ekan? Qaysi biri vijdonliroq edi? Qoʻngʻiroq qilsam koʻtararmikan?” -degan hadik bilan xonamning eshigini ocharkanman, ortimdan oʻsha oʻquvchim kirib kelardi.
—Assalomu alaykum, ustoz!
Koʻnglim yorishib ketardi. Ish kunimni bir marta ham sababsiz dars qoldirmagan oʻquvchimni duo qilishdan boshlardim. “Yo, Alloh shu oʻquvchimning yoʻllarini och, oʻzi istagan oʻqishga kirib ketsin, nima niyat qilsa orzusiga yetsin!”
Hamma oʻzicha sabab qidirayotgan shu kunlarda men duolarim ijobatini koʻrib turganimdan baxtiyorman.
Ustozlarning duosi saodat kalitidir!
Feruza Salxodjayeva