Massachusets shtatining Norvud shahrida 12 yoshli Denni Doerti uyda tayyorlangan muzqaymoqlarni sotish orqali xayriya mablag‘larini yig‘ishni boshladi. Denni bu pullarni rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlovchi Boston Bear Cubs mahalliy xokkey jamoasiga yo‘naltirishni maqsad qilgan edi. Ushbu jamoada uning autizmga chalingan akasi ham o‘ynaydi.
Denni bir necha kun davomida vanilli va shokoladli muzqaymoqlar, shuningdek, shirin sendvichlar sotishga muvaffaq bo‘ldi. U 20 ga yaqin mijozga xizmat ko‘rsatdi. Ammo ko‘p o‘tmay, shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasidan xat oldi, unda do‘koni Massachusets oziq-ovqat kodeksini buzganligi ta’kidlandi. Ma’muriyatga bir necha shikoyat kelib tushganligi sababli ular harakat qilishga majbur bo‘lishgan.
Natijada, Denni o‘z do‘konini yopishga majbur bo‘ldi. Bunga qaramay, Denni qolgan muzqaymoqlarni tarqatishga qaror qildi va xayriya uchun 1000 dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Bu voqea mahalliy ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi. Oilaning ko‘plab qo‘shnilari hali ham uyda tayyorlangan mahsulotlarni kichik do‘konchalarda sotish bilan shug‘ullanayotganini bildirganiga qaramasdan, Denni do‘koni yopildi.
Bola va uning oilasi bu holatdan xafa bo‘lgan bo‘lsada, bu e'tiborni yanada kuchaytirdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilganidan keyin xayriya uchun umumiy 20 ming dollardan ko‘proq mablag‘ yig‘ildi. Bu pul miqdori Boston Bear Cubs xokkey jamoasining bir yillik budjetidan ham ortiq edi.