Joriy yilning 7-avgust kuni Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan 2022-yilda tug‘ilgan I.S. ismli bola ovqat tiqilishi oqibatida to‘satdan vafot etdi. Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan kuzatuv olib bormoqda.
Tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida sud-tibbiy ekspertiza tayinlanib, bolaning nafas yo‘llari tiqilishi natijasida (obturatsion asfiksiya) vafot etgani aniqlandi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punktining mas’ul shaxslari bolaning tug‘ilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini davolash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmagan. Bundan tashqari, bolaning sog‘ligi haqidagi ma’lumotnoma olinmagan holda, u 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa ham bog‘chaga qabul qilingan.
11-sentyabr kuni ushbu voqea bo‘yicha tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punktining mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), shuningdek, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining mansabdor shaxslariga Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi 1-qismi (Mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. Voqea ortidan maktabgacha ta’lim muassasalari va tibbiyot muassasalarida bolalar xavfsizligini ta’minlash masalalari jiddiy ko‘rib chiqilmoqda.