Keyingi paytlarda maktab formasi masalasi ota-onalar, jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar o‘quvchilar uchun yagona maktab formasi tenglikni ta’minlaydi, deb hisoblashadi. Boshqalarning fikricha, bolalarga forma kiymaslikka ruxsat berish kerak, chunki bu ularning shaxsiyati va ifodasini bo‘g‘adi. Shunday qilib, asosiy savol tug‘iladi: o‘quvchi uchun maktab formasi kerakmi?
Maktab formasi: zaruriyat yoki tanlov?
O‘zbekiston ta’lim tizimida maktab formasi bolalarning o‘zini o‘quvchi sifatida his qilishlariga yordam beradi. Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qaroriga ko‘ra, 2018-yildan boshlab yagona maktab formasi joriy etilgan. Bu forma nafaqat tartib-intizomni, balki o‘quvchilar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlashni maqsad qilgan. Lekin, shak-shubhasiz, o‘quvchilarning shaxsiyati va ijodiy ifodasi haqida ham o‘ylashimiz kerak.
Ba’zilar maktab formasi o‘quvchilarning tengligini ta’minlaydi, deb o‘ylashadi. Ammo haqiqatda bu tenglik ko‘rinishdagina bo‘lishi mumkin. Chunki oilaviy sharoitlar farqlari o‘quvchilarning shaxsiy imkoniyatlariga ham ta’sir qiladi, va forma bu masalani butunlay hal eta olmaydi.
Milliylikning ahamiyati
Ba’zi jamoatchilik vakillari milliylik masalasini ko‘tarib chiqishmoqda. Otabek Artikov o‘zining rasmiy kanalida "maktablarda milliy liboslarni joriy qilish kerak", deb
ta’kidladi. Unga ko‘ra, o‘zbek o‘quvchisini ko‘rganda milliy o‘ziga xoslik darrov sezilishi kerak. Milliy do‘ppi, adras yoki atlas matosidan tikilgan kiyimlar o‘quvchilarga nafaqat chiroyli ko‘rinish, balki o‘z madaniyatimizni his qilish imkonini beradi.
Biroq, savol tug‘iladi: nega biz milliy kiyimlarni qoloqlik ramzi deb qabul qilamiz? Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlarda milliy forma joriy etilgan va bu maktab o‘quvchilarining o‘ziga xosligini ta’minlaydi. Nima uchun bizda ham milliylikni ifodalovchi formalar qilinmasligi kerak? Bu jarayonni tartibli va aniq sarflar asosida amalga oshirish kerak, aks holda u moliyaviy isrofga aylanishi mumkin.
Hozirgi kunda maktab formasini ishlab chiqish va joriy qilish uchun katta mablag‘lar sarflanmoqda. Ammo ushbu sarflar qanchalik to‘g‘ri amalga oshirilmoqda? O‘quvchilar uchun forma olishda ko‘plab oilalar qiyinchiliklarga duch kelmoqda, ayniqsa, shakllarning qimmatligi e’tirof etilmoqda. Shuning uchun milliylikka asoslangan formalar qilinsa ham, bu jarayon byudjet mablag‘larini noqonuniy yo‘llar bilan "yeyish" uchun sabab bo‘lib qolmasligi kerak.
Har bir sarflangan pul hisobotli va samarali ishlatilishi lozim. Maktab formasi o‘quvchilarning kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak, byudjet mablag‘larini noto‘g‘ri ishlatish bilan emas, balki haqiqiy ta’lim sifati va teng imkoniyatlar yaratilishi bilan.
Maktab formasiga bo‘lgan talabni tahlil qilar ekanmiz, bu masalada turli fikrlarni hisobga olish zarur. Milliylikni ifodalovchi formalar yaxshi g‘oya, ammo bu jarayon hisob-kitob qilinmagan holda, moliyaviy isrofgarchilikka olib kelmasligi kerak. O‘zbek o‘quvchisi nafaqat bir xil ko‘rinishda, balki o‘z madaniyatiga xos va kelajakka ishonch bilan qaraydigan tarbiya olish uchun yuksak standartlarda ta’minlanishi kerak.