Bola yolg‘on gapirsa...

02.09.2024 09:03
eye icon155
Bola yolg‘on gapirsa...
Deyarli har bir ota-ona farzandi aldaganiga duch kelgan. Baʼzi ota-onalar bunga befarq boʻladilar, baʼzilar bolani koyib beradilar, baʼzilar esa qattiq jazolaydilar. Nega bola aldaydi?

Maktabgacha yoshdagi bolalarda aldash uchun 3 asosiy sabab boʻladi:

1. Kuchli tasavvur. Kichik bolalar tasavvur qilishni yaxshi koʻradilar. Shu sabab baʼzida ular haqiqatni tasavvur bilan adashtirib yuborishlari mumkin. Ota-ona qancha urinmasin, bu davrda bolaga haqiqat bilan tasavvur alohida ekanligini tushuntira olishning iloji yoʻq. “Shokoladni men yeganim yoʻq, bu qoʻshni dugonamning ishi” kabi yolgʻonlarni shu qatorga kiritish mumkin.

2. Esdan chiqarish. Bu yoshda bolalar biron muhim narsani esidan chiqarishi normal holat. Devorda chizilgan rasmlar kimning ishi ekanligini soʻraganingizda, bola, “bilmadim”, deb tursa, u haqiqatdan ham esidan chiqarib qoʻygan boʻlishi mumkin.

3. Yaxshi koʻrinish. Bolada ota-onasi uni yaxshi bola boʻlsagina yaxshi koʻradi, degan fikr boʻlsa, u qilib qoʻygan xatosini ota-onasidan bekitishga harakat qiladi. Shunda eng oson yoʻl, bu aldash boʻladi.

Lekin maktab yoshidagi bolani aldashga yuqoridagi vaqtinchalik holatlar emas, balki boshqa sabablar undashi mumkin. Bunga atrof-muhitning taʼsiri, uydagi muhit, ota-onasining tez-tez aldashi va boshqa psixologik holatlar sabab boʻlishi mumkin.

Bola tez-tez aldayotganini sezayotgan boʻlsangiz, uni jazolab vaziyatni murakkablashtirishingiz mumkin. Bola qoʻrqqanidan battar aldashni boshlaydi yoki sizga boʻlgan ishonchini yoʻqotadi.

Quyidagi yoʻllar bolaning psixikasiga salbiy taʼsir koʻrsatmay aldashdan cheklashga yordam beradi:

Haqiqatgoʻylikni ragʻbatlantirish. Aldaganiga ahamiyat beravermay, biron kichik boʻlsa ham haqiqatni aytganida, bolaga minnatdor boʻling. Unga bu haqda aytgani uchun, “rahmat” deyishni unutmang.

Kesatmaslik. Bola biron ayb ish qilib qoʻyganini bila turib, oʻzingizni bilmaganga olib unga kesatmang. “Manimcha bugun kimdur yomon baho olib keldi”, kabi gaplar bolaga uning ustidan mazah qilayotganingizdek tuyiladi va umuman haqiqatni aytishga undamaydi.

Boladan koʻp narsa kutmaslik. Bolaga yoshiga nisbatan koʻproq va qiyinroq shart va qoidalarni yuklab qoʻyish toʻgʻri emas. Jismonan sizning talablaringizni bajara olmagan bola, oʻzini kamsita boshlaydi. Sizning oldingizda oqlanish uchun esa yolgʻon gapirishni boshlaydi.

Ishonchni rivojlantirish. Ota-ona va bola orasidagi munosabatlarda eng muhimi - bu ishonchdir. Bola sizga ishonishi va siz unga ishonayotganingizga amin boʻlishi kerak. Buning uchun oilada yolgʻondan hamma voz kechishi kerak. Hatto kichik yolgʻon ham, bolaning koʻzida ota-onasi yolgʻonchiligini namoyon qiladi. Masalan, ukol olishdan oldin, bola “ogʻriydimi?”, deb soʻrasa, uni ayab “yoʻq”, deyishni oʻrniga “ozgina ogʻrishi mumkin, lekin men sening yoningda boʻlaman,” deb aytish muhimroq. Baribir, bir necha soniyadan soʻng u biladi ogʻriganini, lekin siz aldaganingizni unutmaydi. Undan tashqari bolaga biron vaʼda berishdan oldin, u vaʼdani ustidan chiqa olishingizga amin boʻling. Shunda bolada ham sizga nisbatan maʼsuliyat kabi tuygʻu va ishonch rivojlana oladi.

Teglar

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img