Dunyoda oila qurgan insonlar borki, oʻzidan davomchi – zurriyot qoldirish orzusida yashaydilar. Lekin farzand atalmish neʼmat bu Allohning irodasi bilan xohlagan insonga beriladigan ilohiy hadyadir. Bu haqiqatni Alloh taolo kalomida ochiq aytib qoʻygan.
“U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga oʻgʻillar hadya etur. Yoki ularni juftlab oʻgʻil – qiz qilib berur va xohlagan kishisini tugʻmas qilur”. (Shoʻro surasi, 49-50 oyatlar.)
Oyati karimada aytilganidek, farzand berish yoki bermaslik Alloh taoloning irodasiga bogʻliq ish. Biroq banda doimo Yaratgandan maqsadlarini soʻrashdan toʻxtab qolmasligi va eng asosiysi, tushkunlikka tushib qolmasligi lozim.
Farzand koʻrish yoʻlida oʻzini oʻtdan-choʻqqa urib mutaxassislarga uchrab, kerakli dori-darmonlarni ichib muolaja qilgandan soʻng ham natija chiqmaganlar topiladi. Toʻgʻri, banda qoʻlidan kelgancha sabablarni keltirishi lozim va lobud. Lekin farzand neʼmati bir yoqlama sabablargagina bogʻliq ish emas. Sabablarni qilish bilan Alloh taolodan ham astoydil iltijo qilish ham zarur. Oʻlimdan boshqa hamma narsani davosi bor deganlaridek, bepushtlikning yechimi boʻlishi tabiiy. Hadisi shariflarda bepushtlikning yechimi haqida soʻz yuritilgan.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh oʻzining “Musnad” kitoblarida quyidagi hadisni rivoyat qilib keltirganlar. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzuriga ansorlardan bir kishi kelib:
— Ey Allohning Rasuli! Hech farzand bilan rizqlanmadim, bola boʻlmadi?
— Koʻp istigʻfor va sadaqa qilsang, rizqlanasan–da?!
Boyagi kishi istigʻfor va sadaqani koʻpaytirdi. Jobir roziyallohu anhu aytadi:«Unga toʻqqizta oʻgʻil farzand berildi”.
Alloma Mulla Ali Qoriy ushbu hadisning sharhida: Nabiy sollallohu alayhi vasallam goʻyo Nuh alayhissalomdan hikoya tarzida aytilgan: “Bas, oʻz Robbingizga istigʻfor ayting, albatta, U gunohlarni koʻplab magʻfirat qiluvchidir, dedim. U Zot osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomgʻirini yuboradir. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir. Va sizlarga bogʻu rogʻlar hamda anhorlarni beradir”(Nuh surasi, 10–12 oyatlar) oyatidan iqtibos oldilar».
Yana hadislarda kelganki:
“Kim koʻp istigʻfor aytsa, Alloh taolo unga gʻamdan, tanglikdan yengillik beradi va oʻylamagan tamonidan rizqlantirib qoʻyadi”. (Imom Ahmad, Hokimlar Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan) Mulla Ali Qoriy qalamiga mansub “Sharhi musnadi Abi Hanifa” 587 sahifa.
Andijon shahar Hazrati Bilol jome masjidi
imom-xatibi: R.Oʻrinboyev.