20-avgust kuni Amerika Qoʻshma Shtatlarida asli oʻzbekistonlik boʻlgan 16 yoshli oʻsmir furaning tagiga kirib ketishi oqibatida vafot etdi, deb xabar berdi “News 12”.
Maʼlum qilinishicha, Bruklin tumanida yashovchi Umidjon Joʻrayev 2 doʻsti bilan skuterda uchayotganda yuk mashinasiga toʻqnashib ketgan. U olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. U bilan boʻlgan yana bir oʻsmir jarohatlar bilan shifoxonaga tushgan, boshqasi yengil jarohatlar olgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Umidjon oilada yolgʻiz farzand boʻlib, uning vafoti yaqinlarini chuqur qaygʻuga solgan. Bugun, 21-avgust kuni marhumning yaqinlari dafn marosimini oʻtkazish uchun Kensingtondagi masjidga yigʻildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan politsiya 48 yoshli yuk mashinasi haydovchisini soʻroq qilmoqda. Ayni paytda u hibsga olinmagan va unga hech qanday ayblov qoʻymagan.