Bir latifada shunday deyiladi: hayot senga ikki marta tekin tishlarni beradi, uchinchisi uchun esa pul to‘lashga to‘g‘ri keladi. Biz mana shu ikkinchi marta tekinga olgan tishlarimiz haqida gaplashamiz. Xo‘sh, bolakayning sut tishlari necha yoshda tushadi?
«Birinchi»larning vazifasi
Sut tishlar chaqaloqning 6 oyligidan chiqishi mumkin. Ammo me’yorda u 8 oydan so‘ng yora boshlaydi. Sut tishlar doimiysiga qaraganda, kichikroq, ildizi qisqaroq bo‘ladi. Bu tishlar vaqtinchalik bo‘lsa-da, kichkintoyga 13-15 yil xizmat qiladi. Bolaning 6-7 yoshidan boshlab, bu tishlar o‘rnini doimiylariga bo‘shatishni boshlaydi.
Qaysi qayerda joylashgan?
Sut tishlarning tushish tartibi haqida gap ochishdan avval, uning joylashishini aniqlab olaylik. Buning uchun pastki va yuqori jag‘ni ikkiga bo‘lamiz. Demak, to‘rt bo‘lak jag‘ hosil bo‘ldi. Jag‘ning har bir bo‘lagida 2 ta kurak, ya’ni oldingi tish (markaziy va yon), 1 ta qoziq va 2 ta katta oziq tishlar bo‘ladi.
Vaqti keldi!
Har bir sut tishlarining o‘z tushish vaqti bor. Doimiy tishlar rivojlanib, bosh ko‘tarishi bilan sut tishlar ildizi so‘rilishni boshlaydi. Shu jarayonda tish qimirlab qoladi. U butkul so‘rilgach, doimiy tish uning kovakchasidan itarib chiqib, uning joyini egallaydi. Sut tishlari qay tartibda chiqqan bo‘lsa, ular shu tartibda yangilanadi.
Kimda qanday?
Sut tishlarining tushishi, odatda, o‘ng va chap tomondagi «egizi» bilan bir vaqtda ro‘y beradi. Qiz bolalarda bu jarayon o‘g‘il bolalarga qaraganda ertaroq boshlanadi. Shuningdek, avval pastki jag‘ tishlari, so‘ng yuqoridagi «egizi» tushadi.
Shu tariqa, birin-ketin barcha 20 ta sut tishlari tushib, doimiy sut tishlar bilan almashadi.
Nega sut tishi tushmayapti?
Bunga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin: tabiatan o‘ziga xosligi; raxit, infeksiya yoki surunkali xastaliklar, nasliy moyillik.
Bordi-yu, sut tishlar tushmay, doimiy tishlar uning ortidan chiqib kelayotgan bo‘lsa, albatta, kichkintoyni stomatologga olib boring. Sut tishlar ildizi so‘rilish jarayonida bo‘lgani uchun ularni olib tashlash qiyin emas. Shundan so‘ng doimiy tishlar o‘z o‘rnini egallaydi. Farzandingiz tishlari ikki qator o‘sayotgan bo‘lsa, xavotir olmang, bu bola tishlamiga ta’sir etmaydi. Ular kelishib, hamma o‘z o‘rnini topib oladi. Shunchaki, unga mutaxassis ko‘rigi va vaqt kerak, xolos.
Tavsiya: Bola ko‘proq qattiq meva va sabzavot yeyishi kerak. Masalan, sabzi va olma sut tishlarning tezroq tushib, doimiy mustahkam bo‘lib o‘sishiga yordam beradi. Shuningdek, bolalarga kalsiyga boy mahsulotlarni berishni ham unutmang.