Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu qonunning qabul qilinishi bolalarning ta’lim olish huquqini kafolatlash va ularni diniy ekstremistik g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda voyaga yetmagan bolalarning noqonuniy diniy ta’lim olishiga aynan ota-onalarning o‘zi sabab bo‘lgan holatlar ko‘paygan. 2021-2023 yillar davomida huquq-tartibot organlari tomonidan noqonuniy diniy ta’lim berish bilan bog‘liq 2 ming 457 ma’muriy huquqbuzarlik holati aniqlangan. Ushbu huquqbuzarliklarning 1 ming 479 tasi “hujra” sharoitida tashkil etilgan bo‘lib, ularda tahsil olayotganlarning 60 foizini voyaga yetmaganlar tashkil qilgan. Noqonuniy diniy ta’lim berish oqibatida bolalar diniy ekstremistik g‘oyalarning qurboniga aylanishi mumkin, va bu ularda jinoiy harakatlarga moyillikni oshiradi. Statistikaga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan voyaga yetmaganlar soni to‘rt baravarga oshgan.
Yig‘ilishda aytilishicha, bunday noqonuniy ta’lim jarayonlarida bolalar turli og‘ir jinoyatlar, jumladan, jismoniy va ruhiy azoblar, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lishi holatlari ham kuzatilmoqda. Bunday joylarda sanitariya-gigiyena sharoitlari talablariga javob bermaydigan binolarda bolalar saqlanib, ularga nisbatan erkin harakatlanishni cheklash va ruhiy bosim o‘tkazish holatlari qayd etilgan.
Shu o‘rinda mamlakatda diniy ta’lim masalalari qonunchilikda aniq belgilangan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xususiy tartibda diniy ta’lim berish qonunga xilof hisoblanadi. Muhokama etilayotgan qonunning maqsadi — ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bolalarni noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb qilish holatlariga qarshi kurashishni kuchaytirishdir.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar ota-onalarning yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bolani noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb qilishi uchun javobgarlikni kuchaytiradi. Ushbu qonun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning o‘z farzandlariga diniy ta’lim-tarbiya berish huquqini cheklamaydi, balki bu jarayonni qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirishni talab qiladi.
Qonunning qabul qilinishi ota-onalarning mas’uliyatini yanada oshiradi. Bu esa bolalarni diniy ekstremizm va jinoyatlardan himoya qilish hamda ularning komil inson bo‘lib yetishishiga ko‘maklashadi. Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonun bolalarning huquqlarini himoya qilish va ularni sog‘lom, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.